(Masal)
Tipratikan shudgor yuqorisidagi uzumzordan bir bosh uzumni o‘g‘irlab, qo‘rqib-pisib iniga jo‘nabdi. U bolalariga uzumni berib, urug‘ini yutib yubormaslik kerakligini aytibdi.
Tipratikanning bolalari uzumni yeb, urug‘ini yerga tashlashibdi. Buni uzoqdan ko‘rib turgan Chumoli sekin o‘rmalab kelibdi-da, uzum urug‘ini olib ketishga ruxsat so‘rabdi.
— Olib ketaver, bizga kerak emas, — debdi Tipratikan. Chumoli uzum urug‘ini iniga olib ketayotganda Tipratikan va uning bolalari:
— O‘zi kichkina-yu, katta narsani olib ketmoqchi bo‘lib urinishini ko‘ringlar-a, obbo badnafs-e! — deyishibdi Chumolining ustidan kulishib.
Ularning bu so‘zlarini eshitgan Chumoli orqasiga qarab:
— Men buni sizlarga o‘xshab o‘g‘irlab olib ketayotganim yo‘q. Kuchim yetganicha sekin tortib ketyapman. O‘zlaringdan so‘rab, halollik bilan oldim. Halollik shunaqa, kuchga kuch qo‘shadi, — debdi.
Halol boylik qilar sheryurak,
O‘g‘irlik mol aylar jonsarak.