Erkin VOHIDOV,
O‘zbekiston Xalq shoiri
MATMUSANING CHARXPALAGI
Polvon edi Matmusa,
To‘rt fil kuchi jam edi.
Qishloqda eng zo‘r, ammo
Aqli bir oz kam edi.
Matmusani shundan hech
Ko‘zga ilmas edilar.
Qo‘rqsalar ham undan, hech —
Hurmat qilmas edilar.
Bir kun dedi Matmusa,
Shunday kuchga egamen.
Shuhratim yo‘q el aro,
Beobro‘man nega men?
Ot ko‘tardim tish bilan,
Kuldi faqat odamlar.
Arzimagan ish bilan
Topdi hurmat odamlar.
Men ham aqlim ko‘rsatib
Hayron qilay hammani.
Dono bo‘lib bir o‘zim,
Nodon qilay hammani.
Bo‘z ariqda ko‘p zamon
Bor eski bir charxpalak.
Ko‘ribdiki, bir tomon
Aylanar u g‘ildirak.
Balki ming yil narida
Aylangandir shu yo‘sin.
Matmusaning davrida
Yangilik bir ish bo‘lsin.
Turdi bir oz o‘y surib,
Yurdi shaxdam ilgari.
Charxpalakni sug‘urib
Shartta qo‘ydi teskari.
Bu ijoddan el darak
Topdi sahar pallada.
Jadal chopar charxpalak,
Lekin suv yo‘q dalada.
O‘ylar ahli ulamo
Tuzatmoqning yo‘lini.
Mag‘rur turar Matmusa
Belga qo‘yib qo‘lini.
Kim charxpalak kosasin
Yalpoq qilish kerak, der,
Kim kosaga osma sim
Qopqoq qilish kerak, der.
Der idroki eng yuksak
Qashib turib kallani:
— Daryoni sal ko‘tarsak.
Sal tushirsak dalani…
— Yo‘q, ish bitmas «sal» bilan!
Qishlog‘imiz erlari
Charxpalakni gal bilan
Aylantirsin teskari.
— Yo‘q, kuchimiz ojizroq,
Qiynalmasin el joni.
Teskariga oqizmoq
To‘g‘ri bo‘lar daryoni.
Emish, hamon qilar bahs
O‘sha qishloq erlari.
Charxpalak-chi, suv bermas,
Aylanarmish teskari.
MATMUSANING TANDIRI
Matmusaga bir kuni
Xotini: «Hoy, er, — dedi.
Hammada bor, menga ham
Tandir qurib ber», dedi.
Pishiq edi Matmusa,
Boshga qo‘yib qo‘lini,
O‘ylab topdi eng arzon
Tandir qurmoq yo‘lini.
Dehqonchilik — somon, jun,
Loy qorishni biladi.
O‘zi tayyor qolip-ku,
Nega pul sarf qiladi?
Loyni qordi, ishlatib —
Zang ketmonu paqirni.
So‘ng oftobga cho‘k tushib,
Bolalarni chaqirdi.
Qiyqirishib bolalar
Atrofida chopdilar.
Qorni bo‘yni aralash
Loyshuvoqni yopdilar.
Bundoq tandir bo‘lmagan,
Yo‘qdir hech bir kitobda.
Tandirini Matmusa
Quritadi oftobda.
Qotgan sari tanda loy,
Har bir mo‘yi jimirlar.
Chig‘anoq qurt singari
Faqat boshi qimirlar.
Ko‘p qiynaldi Matmusa,
Mard emasmi — chidadi.
Tandir tayyor, endi mard
Undan qandoq chiqadi?
Pilla yorar kapalak,
Qil sug‘rilar xamirdan.
Lek Matmusa chiqolmas
O‘zi qurgan tandirdan.
Yetar yetti qo‘shniga
Uning nola-xonishi.
Maslahatga yig‘ilar
Qishloq ahli donishi.
Kim der: E voh, bechora,
Kim der: Ko‘ring taqdirni.
Bahs boshlandi — masala:
Butun olmoq tandirni.
Oxir dedi bosh hakam,
Chimirgancha qoshini:
— Bir chora bor: arralang
Matmusaning boshini.
Mayli, dedi Matmusa,
Rozi bo‘lmay netayin,
Bilmadinglar qadrimni,
Hammang jinni, betayin.
Kessangizlar boshimni,
Men niyatga yetarman.
Boshim olib bu yerdan
Biror yoqqa ketarman.