Amerikalik o’zbeklar: Said Halil To’ra: “Har birimiz O‘zbekistonning targ‘ibotchisi bo‘lishimiz kerak.”

Said Mahmudxon To‘raning farzandari

 

Said Mahmudxon To‘radan yetti farzandi: Said Ahmadxon To‘ra (o’rtada o’tiribdi), Musharrafxon To‘ra va Fathulloh To‘ralar Turkiyada istiqomat qiladilar. Nasrulloh To‘ra Yevropada, Lutfulloh To‘ra, Xalil To‘ra va Habib To‘ralar (ikkinchi qatorda) Amerikada yashamoqdalar.

Said Mahmudxon To‘raning qutlug‘ nomi.

Said Mahmudxon To’ra o’g’li Nasrulloh bilan.

Kobulda Said Mahmudxon To‘ra Dorulmuallimin va «Habibiya» madrasalarida mudarrislik qiladi. Keyinchalik «Jamiyati ulamo» raisi vazifasida faoliyat yurgizadi. Hakimlik ham qilib, ko‘pchilikning dardiga shifo topdi. Haqgo‘y, diniy ilmda bilag‘on, teran fikrli bo‘lganidan, Kobul aholisining hurmatiga sazovor bo‘ladi. O‘sha yillarda Kobuldagi ko‘p o‘zbeklar Said Mahmudxon To‘rani juda e’zozlab, pirim deb hurmatlashardi. 30–40-yillarda Nodirshoh davrida o‘zbeklarga munosabat yomonlashgach, Said Mahmudxon To‘ra boshchiligida oqsoqollar maslahat qilishib, turkistonliklarni Turkiyaga ketishga da’vat qiladilar.

1954-yili boshqa o‘zbek oilalari kabi uning oilasi ham avval Pokistonga, so‘ngra Eron, Iroq, Suriya orqali Turkiyaga ko‘chib o‘tadi. Turkiyada joylashib, tuzukroq hayot kechira boshlaydi. Turkiyada kenja o‘g‘il Habib To‘ra tug‘iladi, undan katta besh farzandi esa Kobulda tug‘ilishgan. Maqolamiz qahramoni Xalil To‘ra otasining sevikli farzandi. Doimo otasi yonida dastyor edi. 1959-yil kuzda Said Mahmudxon To‘raning kasali qo‘zg‘ab, ancha o‘zini oldirib qo‘yadi va yetmish ikki yoshida vafot etadi…

Shahobiddin Yassaviy Ismoil Shayx o‘g‘li yurtimiz haqida boy ma’lumotlar beruvchi «Turkistonning achchiq haqiqatlari» (1984) nomli sermazmun kitobida O‘g‘uzxondan tortib, bizning asrimizgacha yashagan tabarruk zotlar haqida to‘xtar ekan, Said Mahmudxon To‘ra shaxsiyatiga ham alohida e’tibor qaratdi. Adib Said Mahmudxon To‘ra Said Isoqxon o‘g‘lini muhaddis olim, munavvar muboriz, ravshan fikrli, madaniy ko‘rinishli odam deb ta’riflaydi va «u Vatan istiqloli uchun ko‘p zahmatlar tortdi, tortgan zahmatlari qadr va hurmatga loyiqdir» deb aytadi.

Said Mahmudxon To‘raning farzandari

Said Halil To’ra (0’ngdan birinchi), akalari Fathulla va Lutfulla To’ralar bilan O’zbekistonning New-Yorkdagi Bosh konsuli qabulida. 2001 yil.

Said Mahmudxon To‘radan yetti farzand qoladi. Ularning hammasi aqlli, bilimdon va ishbilarmon bo‘lib, kamolga yetadilar. Bugungi kunda Said Ahmadxon To‘ra, Musharrafxon To‘ra va Fathulloh To‘ralar Turkiyada istiqomat qiladilar. Nasrulloh To‘ra Yevropada, Lutfulloh To‘ra, Xalil To‘ra va Habib To‘ralar Amerikada yashamoqdalar. Ular bir-birlari bilan inoq va ahil. Ona Vatanni sevish, millat ishi uchun doimo tayyor turish, fidoyilik tuyg‘usi ularga otameros. Shu sababdan ham ularning bosgan qadami shiddatli, niyati butun, ko‘ngillari ravshan. Qayerda bo‘lmasinlar, o‘zlarini Vatan va millat ishi uchun mas’ul sezadilar va bundan faxrlanadilar.

Said Mahmudxon To‘ra farzandlariga: «Kishiga Alloh taolo uchta boylik ato etadi: kuch-sog‘liq, aql-tafakkur, pul-sarvat, – degan edi. – Asl boylik qaysi biri? Pul – keladi, ketadi. Kuch – keladi, ketadi. Aql-tafakkur esa qoladi, chinakam boylik shuldir. Agar shu boylikni tug‘ilgan yering, Vataning ravnaqi uchun ishlata olish nasib etsa, o‘zingni baxtliman, desang bo‘ladi…»

Said Mahmudxon To‘raning farzandlari birinchilar qatori O‘zbekistonga kelib, investitsiya kiritdilar. Shu bilan birga jamoat ishlarida, mehr-muruvvat va saxovat ishlarida ham faol ishtirok qilib kelmoqdalar.

Jumladan, bolalar shifoxonasi uchun tibbiy asbob-anjomlar, qishloq maktablarining biriga oltita kompyuter, musiqa maktab-internatining uch ilg‘or o‘quvchisini Italiyaning Neapol shahriga xalqaro musiqa tanloviga yuborish uchun moddiy yordam, Sharqshunoslik institutining yosh tadqiqotchisiga Germaniyaning Gessen universitetida malaka oshirishi uchun homiylik qilish kabi saxovat ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, O‘zbekiston Xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi tashkil qilgan bir necha tadbir va milliy bayramlarni o‘tkazishda homiylik qilindi. O‘zbek ma’naviyatini, madaniyatini, xalq og‘zaki ijodini yana ham rivojlantirish maqsadida Respublika Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan birgalikda ayrim homiylik ishlarini amalga oshirishda, konsertlar uyushtirishda, drama asarlarini sahnalashtirishda faollik ko‘rsatishmoqda.

Bular – Said Mahmudxon To‘raning farzandlariga qilgan nasihatlari mahsuli desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Xususan, Amerikada yashovchi Said Xalil To‘ra o‘zbekning fidoyi farzandlaridan biridir. Quyida 2008-yili Said Xalil To‘ra bilan bo‘lib o‘tgan qisqa suhbatimizni sizlarga havola qilmoqchiman.

«O‘zbekiston biz uchun ham vatan…»

New-York, Manhetten markazida O’zbekiston bayrog’i ko’tarilmoqda. 2008 yil, 1-sentyabr.

– Siz otam to‘g‘risida so‘z ochdingiz… u kishi juda saxiy, olijanob odam bo‘lgan ekanlar. Men otadan qolganimda ancha yosh edim. Otamni katta domla bo‘lgan deyishadi. O‘zbekistonni doimo yodda tutar edilar, vatanni ko‘rishni orzu qila-qila, armonda ketdilar.

Men muhojiratda, Afg‘onistonning Kobul shahrida tug‘ilgan minglarcha o‘zbeklarning biriman. Yoshim 60 ga yaqinlashib qoldi. O‘smirlik va yoshlik davrim Turkiyada o‘tdi, u yerda o‘qib, hayotga yo‘llanma oldim. Ota-onamiz bizni vatanga katta muhabbat ruhida tarbiyalaganlar. O‘zbekistonda tug‘ilmagan bo‘lsak-da, umr bo‘yi o‘zimizni vatan farzandidek his qilib kelamiz. O‘zbekiston biz uchun juda muqaddas zamin. Uning mustaqillikka erishgani biz uchun katta shodiyona bo‘ldi. Butun oilamiz bilan vatanni ko‘rmaklik ilinjida u yerga borishga shoshildik. Vaqt topdim deguncha borishga intilaman, bugungi kungacha 6–7 marta O‘zbekistonda bo‘lib qaytdim…

O‘zbekligimdan g‘ururlanaman.

– Men xizmatim yuzasidan, qolaversa, o‘zimda bo‘lgan qiziqish tufayli boshqa mamlakatlarga safar qilishni yaxshi ko‘raman, oxirgi 30 yil ichida yuzga yaqin mamlakatda bo‘lib qaytdim. Yevropadami, Amerikadami, Osiyo yoki Afrikadami, qaysi mamlakatni ko‘rmay, uni ona yurtim O‘zbekiston bilan solishtirishga harakat qilaman. Vatanimiz 150 yil asoratda bo‘lib, yaqinda mustaqillikka erishganiga qaramay, dunyoning ko‘p mamlakatlariga qaraganda iqtisodiy, madaniy va siyosiy salohiyati juda baland. Bu haqda xorijiy birodarlarimizdan eshitsam boshim osmonga yetadi, o‘zbekligimdan g‘ururlana-man…

Vatanimizning kelajagi va buyukligiga ishonaman.

Said Halil To’ra (0’ngdan birinchi), akalari Fathulla va Lutfulla To’ralar bilan Turkiyaning New-Yorkdagi Bosh konsuli qabulida. 2001 yil.

– Ammo shuncha yillik asoratning salbiy oqibati hali tamomila yo‘qolmagan. Bu birinchi navbatda, xalqning aql-idrokiga, uning ma’naviy va siyosiy ongining yangi tuzumga tezroq moslashib ish yuritishiga bog‘liq. O‘zbeklarimizning mehnatkashligi hammaga ma’lum, buni ajdodlarimiz va bugungi kun odamlari ko‘rsatib kelishmoqda. Lekin bir tuzumdan boshqa bir tuzumga o‘tishda oraliq davr bor, bu eng og‘ir vaqt. Bugun xalqimiz aynan mana shu davrni boshidan kechirmoqda. Biroq men aminman, bular o‘tkin chi. Vatanimizning kelajagi va buyukligiga esa ishonaman. Vatanimiz bu yorug‘ kunlarga bosqichma-bosqich bormoqda. Lekin ayrim davlatlardagi kabi qon quyilishlarsiz o‘z davlatchiligimizni qurib borayotganimiz ham katta yutuq. Yoki sobiq SSSRning ayrim respublikalari kabi o‘zligini topa olmay, xalqini qiyin ahvolga solib qo‘yish hollari yo‘qligi ham katta gap. Buni har doim yodda tutishimiz, ziyrak bo‘lishimiz kerak, deb o‘ylayman…

Ona tilimizga munosabat.

– Mana, mustaqil davlat ham bo‘ldik, lekin meni bugungi kunda ona tilimizga bo‘lgan munosabat juda o‘ylantirib qo‘ymoqda. Amerikalik o‘zbeklar u yerda tursin, vatanimizdagi ayrim o‘zbeklarning o‘zbekcha ravon gaplasha olmasligiga hayron qolaman. Shaxsan men doimo qariyalar bilan suhbatlashishni yaxshi ko‘raman. Sababi, ular ona tilimizni saqlay oldilar, ikkinchidan ulardan ibrat olib, nutqimni boyitishga doimo harakat qilaman. Amerikalik o‘zbeklarga ham yordam berish kerak, bu yerga ko‘proq adabiy, lisoniy kitoblarni olib kelishimiz kerak, shuningdek, ona tili va adabiyot o‘qituvchilarini ham jalb qilish kerak deb o‘ylayman.

Mening bir armonim bor… AQSH demokratik davlat, barcha millatlar uchun teng sharoitlar yaratilgan. Masalan eronliklar diasporasini olib qaraydigan bo‘lsak, butun AQSH bo‘yicha 74 televizion kanal mavjud, xuddi shuningdek Hindiston, Pokiston, Xitoy, Lotin Amerikasi xalqlari tillarida beriluvchi kanallar bisyor. Men AQSHda o‘zbek tillida TV markaz ochilishini orzu qilaman…

Beg‘ubor bayrog‘imizga ehtirom.

Bu yil (2008-y.) 1 sentyabr kuni Nyu-Yorkning Manxetten hududidagi eng gavjum joyda O‘zbekistonning katta bayrog‘ini o‘rnatdik. Bu tadbirda amerikalik o‘zbeklar, O‘zbekistondan turli sabablar bilan chiqib ketgan yahudiylar va boshqa millat vakillari o‘zbek milliy kiyimlarida mustaqil O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarib borishdi. Bunday bayramni biz har yili o‘tkazishga qaror qildik. Bu tadbirda oila a’zolarimiz ham ishtirok etishdi, buning tarbiyaviy va ma’naviy tomoni juda katta deb o‘ylaymiz. Bayroq bir hafta Manxettenda hilpirab turdi… Bu har bir o‘zbekistonlik uchun esda qolarli daqiqalarga aylandi, o‘tgan-ketgan bayroqqa qarab, bu – Vatanimning bayrog‘i, deya g‘ururlanardi. Ushbu bayroqni o‘rnatishga o‘zim homiy bo‘ldim…

Vatanim uchun nima qildim?

Men doimo o‘zimga «Vatanim uchun nima qildim? Yana nimalar qilishim kerak, deb savol beraman. Har gal Vatanimga borganimda u yerdan kitoblar, milliy-madaniy anjomlar, milliy qo‘shiqlarni olib kelib yaqinlarim va do‘stlarimga tarqataman. Bundan tashqari, bugungi kungacha 60–70 nafar san’at ustalarining AQSHga kelib ketishiga homiylik qildim. Maqsad – amerikalik o‘zbeklarimizni milliy madaniyat, klassik va zamonaviy musiqa va qo‘shiqlari bilan yaqindan tanishtirish, shu yo‘l bilan Vatanga bo‘lgan muhabbatlarini oshirish. Bunday ishlarni biz nafaqat AQSHda, shuningdek, Turkiyada ham o‘tkazishga harakat qilyapmiz. Chunki u yerda ham o‘zbeklar bor. Shu yilning o‘zida 10–15 nafar san’atkorning katta konsertini tashkil qildik.

Bugungi kunning dolzarb muammosi.

Bugungi kunda AQSHga minglab o‘zbekistonlik yigit-qizlar turli yo‘llar bilan kelib, mehnat qilishmoqda. Ular, asosan og‘ir ishlarga jalb qilingan. Ammo ularni ijtimoiy muhofaza qilish masalasi bilan hech kim shug‘ullanmayapti. Axir hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Ochig‘ini aytish kerak, ularning ko‘pi ijtimoiy himoyaga muhtoj. Lekin bu muhim masalaga jiddiy qaraydigan vaqt keldi va buni har ikkala tomon, ya’ni O‘zbekistondagi tegishli tashkilotlar va AQSH hamda TAA rahbariyati atroflicha ko‘rib chiqishi kerak, deb o‘ylayman.

Har birimiz O‘zbekistonning targ‘ibotchisi bo‘lishimiz kerak.

O‘zbekistonliklarni ham bu yerdagi jamoat ishariga jalb qilish kerak, ular ham o‘z vatanlarini amerikaliklarga tanitsinlar. Vatanimizning boy tarixini, katta olimlari, milliy-madaniy qadriyatlari, ilmiy salohiyati, iqtisodiy ne’matlar, mashinasozlik, texnik qudratimiz, boy konlarimiz, gaz, oltin ishlab chiqarishdagi yutuqlarimizni xorijiy do‘stlarimizga tushuntira olishlari kerak. Bu yerda jahon intelektual kuchlari yig‘ilgan. Bu yerga barcha mamlakatlardan kuchli olimlar va ko‘zga ko‘ringan odamlar kelib vaqtincha ishlab ketishadi. Men istardimki, O‘zbekistonday mamlakatdan ham bu yerga uni dunyoga mashhur qiladigan va turli xil nopok kimsalardan himoya qiladigan odamlar ko‘proq kelib-ketib tursalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi, biz ham qarab turmay birgalikda faoliyat yurgizardik.

Mavlon Shukurzoda,

Nyu-York, Bruklin. 2008-yil, dekabr