Pokiston Tolibonga IShIDga qarshi kurashda yordam beryapti

Pokiston “Islomiy davlat” terrorchilik guruhiga qarshi kurashda Afg’onistonda hokimiyatni qo’lga olgan Tolibonga yordam ko’rsatmoqda.

Ma’lumotlarga ko’ra, Pokiston terrorchilarga qarshi kurashda razvedka ma’lumotlarini uzatish va texnik yordam ko’rsatish uchun “norasmiy kanallar”dan foydalanmoqda. Xususan, Pokiston tomoni IShID jangarilarini aniqlash maqsadida Tolibonga telefon qo’ng’iroqlari va internet faolligini kuzatishda ko’mak ko’rsatmoqda.

“Pokiston bizning birodarimiz va ular bizni ko’p jihatdan qo’llab-quvvatlamoqda, jumladan (IShID haqida) ma’lumot va razvedka ma’lumotlarini almashish orqali. Agar AQSh va dunyoning qolgan qismi biz bilan ma’lumot almashishganida, biz Daishni (arabcha IShID) bir necha kunda mag’lub etgan bo’lardik”, – dedi Tolibon yetakchilaridan biri.

O’z navbatida, Pokiston Tashqi ishlar vazirligining ismi oshkor qilinmagan vakili The Washington Post gazetasiga bergan intervyusida, bu norasmiy muloqot va razvedka almashish bo’yicha o’rnatilgan sheriklik emas. Shu bilan birga u, rasmiy Islomobod Tolibon bilan terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik masalasini muhokama qilganini tasdiqladi. “Kobul bilan har qanday hamkorlikni inkor etib bo’lmaydi. … Nafaqat Pokiston, balki mintaqaning boshqa davlatlari, xususan, Rossiya va Eron ham IShID tufayli xavotirda. Demak, terrorizmga qarshi kurash nuqtai nazaridan mintaqaviy darajada o’zaro anglashish (harakatlari bo’lishi) mumkin”, – dedi u.