SAMARQANDDA O‘TGAN 9 OYDA 20 MINGDAN ORTIQ DAVLAT XIZMATLARI SAYYOR TARTIBDA KO‘RSATILGAN

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan joylarda tizimli ravishda sayyor qabullar o‘tkazilib, fuqarolarga qulay vaqt va manzillarda davlat xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.

“Oʻzimiz keldik!” loyihasi doirasida tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar viloyatimizning chekka, markazdan olisda joylashgan hududlarini qamrab olayotganligi bilan ahamiyatlidir. Maxsus jihozlangan mobil ofislarda fuqarolarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bunda ular yashash manzilida turib, 160 dan ortiq davlat xizmatlaridan foydalanishlari, shuningdek, mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan bepul huquqiy maslahat olishlari mumkinligini ham alohida ta’kidlash lozim.

— Anchadan buyon kadastr, FHDY sohasi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan davlat xizmatlariga ehtiyoj sezayotgandim, — deydi Kattaqo‘rg‘on tumani “Bog‘ot” mahallasida istiqomat qiluvchi N. Muxtorova. — Sayyor xizmat vaqtida uchala masalam ham bir joyda hal bo‘ldi. Nafaqat men, balki menga o‘xshagan ko‘plab qishloqdoshlarimning mushkuli oson bo‘ldi.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, joriy yilning o‘tgan 9 oyida Davlat xizmatlari markazlari tomonidan viloyatimizning olis hududlari hamda aholi gavjum joylarda 20 188 ta davlat xizmatlari sayyor tartibda ko‘rsatilgan. Jarayonda 914 ta tadbirkorlik subyekti davlat ro‘yxatidan sayyor tarzda o‘tgan.

  • Attorlik buyumlari savdosini yoʻlga qoʻyganman, – deydi tadbirkor N.Muqimova. – Tadbirkorlik faoliyatimni qonuniylashtirish borasida muammolarim bor edi. – Markaz xodimlari bozorga kelib sayyor qabul oʻtkazishgani ayni muddao boʻldi. Chunki muammoyim shu yerning oʻzida hal boʻlib, Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtdim.

Sayyor tartibda ko‘rsatilgan xizmat turlari tahlil qilinganda bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirish xizmatiga talab yuqoriligi aniqlandi. Ya’ni ushbu xizmatdan o‘tgan davrda 3 084 marotaba foydalanilgan. Undan keyingi o‘rinlarda fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish (1 763 ta) hamda 20 kVt.dan yuqori bo‘lmagan elektr tarmoqlariga ulanish (460 ta) xizmatlari joy olgan.

Aytish joizki, joylarda tashkil etilyotgan bu kabi tadbirlarda davlat xizmatlarini taqdim etish bilan birga, aholining xizmatlardan onlayn foydalanish bo‘yicha madaniyati, huquqiy savodxonligini yanada oshirish masalasiga ham e’tibor qaratilgan. Boisi, xizmatlarni masofadan olishni o‘zlashtirish qulaylik bersa, boshqa tomondan markazlarda uzundan-uzoq navbatlarni paydo bo‘lishining oldini oladi.

DXA Samarqand viloyat boshqarmasi
Axborot xizmati