Xakerlar Trampning ijtimoiy tarmog’ini buzib kirishdi

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni e’lon qilgan “TRUTH Social” yangi ijtimoiy tarmog’iga xakerlik hujumi uyushtirildi.

“TRUTH Social” hali foydalanuvchilar uchun ochiq emas, lekin xakerlar uning sinov versiyasiga kira olishganini aytishmoqda. Ular bir qancha soxta akkauntlarni, shu jumladan Trampning o’zining ham soxta akkauntini yaratib, u yerda haqoratomuz tasvirlarni qoldirishgan.

Xakerlar shaxsiy ma’lumotlarini yashirishni afzal ko’rdilar, biroq o’zlarini Anonymous guruhiga aloqador deb da’vo qilishmoqda. Ularning fikricha, ijtimoiy tarmoqni buzish “nafratga qarshi urush” ning bir qismi bo’lgan. Shuningdek, ular shunchaki ko’ngilxushlik qilishmoqchi bo’lganlar.

Chorshanba kuni AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp Trump Media & Technology Group (TMTG) va TRUTH Social nomli ijtimoiy tarmoq tashkil etilganini e’lon qilgandi. Uning nomidan tarqatilgan xabarda aytilganidek, “TMGTning vazifasi – liberal media konsorsiumiga raqib bo’lish va Amerikaning muxolifat ovozlarini o’chirish uchun o’z monopol hokimiyatidan foydalanayotgan Silikon vodiysidagi texnologik kompaniyalarga qarshi kurashishdir”.