DXA: TIBBIYOT MUASSASALARI QACHON MASʼULIYATNI HIS QILADI?

Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida oʻtkazilgan tekshirish va monitoringlar natijasida davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida vakolatli organlar tomonidan 10 871 ta qonunbuzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlangan. Shundan, 2 407 ta qonunbuzilish sogʻliqni saqlash muassasalari tomonidan sodir etilgan.

Jumladan, Samarqand shahridagi tugʻruq majmualari tugʻilish va perenatal oʻlim toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotlarni elektron tizimga kiritishda 1 976 ta, fuqarolarga ipoteka kreditiga davlat subsidiyasini ajratishda xulosa berishda 271 ta, fuqarolarning Ruhiy kasalliklar boʻyicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish xizmatini koʻrsatishda 80 ta, shuningdek, fuqarolarning Narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish xizmatini koʻrsatishda 81 ta holatda qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻyilgan.

Misol uchun, Jomboy tuman Tibbiyot birlashmasi koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi narkolog vrachi M.Turakulov Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-yanvardagi 18-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolarning Narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning Maʼmuriy reglamenti” talablari qoʻpol ravishda buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi. Yaʼni, M.Turakulov garchi vakolatiga kirmasada, 2021-yilning 30-oktyabr kuni fuqaro A.Turdiyevaning murojaatiga asosan fuqaroning Narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma rasmiylashtirib bergan.

Vaholanki, Maʼmuriy reglamentning 2-bandida, davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan koʻrsatilishi qatʼiy belgilangan.

Bundan tashqari, Payariq tuman Davlat xizmatlari markazining 2021-yil 31-martdagi fuqaro F.Usarovaning ipoteka kreditiga Davlat subsidiyasini ajratish toʻgʻrisidagi soʻrovnomasi fuqaroni ijtimoiy mezonlarga mos kelishini aniqlovchi va baholovchi masʼul tashkilotlarga, shu jumladan Payariq tuman tibbiyot birlashmasiga ham yuborilgan. Biroq, tuman tibbiyot birlashmasi, koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi bosh vrach oʻrinbosari S.Xushvaqtov ariza beruvchi va uning oila aʼzolariga oid tibbiy maʼlumotlarni 25 kunga kechiktirib, 2021-yilning 8-may kuni elektron tizimga biriktirgan.

“Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 15-bandida esa masʼul tashkilotlar oʻn ish kunida ariza beruvchining ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini u tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida oʻrganib chiqib, YAIDXPga onlayn elektron shaklda maʼlumotlarni taqdim etilishi belgilangan. Shu kabi holatlar, S.Xushvaqtov tomonidan yana bir nechta soʻrovnomalarni koʻrib chiqishda ham takrorlangan.

Bu hali hammasi emas, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-noyabrdagi 704-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tugʻilganlikni qayd etish bilan bogʻliq kompleks davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti”ning 6-bandida bola tugʻilgan joydagi tibbiyot muassasasi xodimi bola tugʻilganidan soʻng 1 kun ichida bola va ota-onasi haqidagi maʼlumotlarni “Tugʻilish va oʻlimni, shu jumladan perinatal oʻlimni elektron roʻyxatga olish” axborot almashinuvi tizimiga kiritishi, bunda, bolaning ota-onasiga tegishli maʼlumotlar ota-onalarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar asosida kiritilishi belgilangan.

Shuningdek, ota-onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlmaganda bolaning tugʻilganligini qayd etish tibbiyot muassasasining yoki vasiylik va homiylik organining yozma murojaatlariga asosan amalga oshirilishi qayd etilgan. Afsuski, monitoring tarzida olib borilgan oʻrganishlar davomida buning aks hollari kuzatildi.

Xususan, Samarqand shahar 1-son tugʻruq majmuasi masʼul xodimi D.Kobilova tomonidan 2021-yil 13-aprel kuni tugʻilgan Marguba Aripovaning tugʻilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni 10 kunga kechiktirib, 2021-yil 24-aprel sanasida avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritganligi maʼlum boʻldi. Shuningdek, bu kabi qonunbuzilishga mazkur tugʻruq majmuasi xodimi Dilora Kobilova tomonidan ham yoʻl qoʻyilgan boʻlib, u 28 nafar bolaning tugʻilganligi haqidagi maʼlumotlarini 3 kundan 5 kungacha kechiktirib avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritgan.

Gapning indallosini aytganda, misollar koʻp, hal qilinishi lozim boʻlgan kamchiliklar ham. Lekin kasalni davolagandan koʻra, uning oldini olgan yaxshi. Shu maqsadda joriy yilning 26-noyabr kuni Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan boshqarma binosida mazkur sohada qonunbuzilish holatlari kelib chiqishiga sabab boʻlayotgan holatlarga aniqlik kiritish, ularni bartaraf qilish va kelgusida takrorlanishini oldini olishga qaratilgan uchrashuv tashkil etildi. Biroq, rasman xabar berilganiga qaramay, tadbirda viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasining birorta masʼul xodimi ishtirok etmadi. Bu esa savollar ketidan, savollar tugʻilishiga sabab boʻlmoqda.

Oʻylaymizki, kelgusida soha vakillari xalqimizga sifatli davlat xizmatlari koʻrsatishda tizim xodimlari oʻrtasida masʼuliyatni yanada oshiradi.

DXA Samarqand viloyat boshqarmasi
Axborot xizmati