Eron joriy yilda 1 milliondan ko`p afg`onistonlikni deportasiya qilgan

Migrantlar ishi bo`yicha xalqaro tashkilot bergan ma’lumotlatga ko`ra, Eron mazkur yili 1,031,757 nafar afg`onistonlik qochoqni deportasiya qilgan.

Tolonews nashri mazkur tashkilot bergan ma’lumotlarga tayangan holda 28,000 nafar insonning birgina oktyabr oyining oxirgi haftasida mamlakatga majburan qaytganini xabar qilmoqda.

“Bu insonlarning ko`pchiligi Afg`onistonga kasalmand, och va yupun holda qaytmoqda,” degan tashkilot bosh direktori Antonio Vitorino.

Eronning Afg`onistondagi maxsus vakili Hassan Kozimiy Qumiyning aytishicha, Tehron afg`on qochoqlariga qo`ldan kelgancha mehmondo`stlik ko`rsatishga harakat qilgan, ammo ularning barchasini sig`dirishga mamlakatning imkoni yo`q.

“Hozirgi siyosiy sabablar tufayli juda ko`plab afg`onistonliklar bizning chegaralarimizga kelishmoqda. Mazkur migrasiya to`lqinining oldini olish uchun tezlik bilan bir yechim topishimiz shart,” degan Eron maxsus vakili.

Bundan avval Afg`onistonning yangi hukumat rasmiylari xalqaro hamjamiyatdan mamlakatdagi ochlik va parokandalikning oldini olish uchun iqtisodiy yordam ko`rsatilishini istab murojaat qilgan edi.