Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning tashqi ishlar vazirlari uchrashdi

2021-yilning 27-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisida ishtirok etdi.

Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining rasmiy sayti xabar beradi.

Tadbir davomida tomonlar Tashkilotning bo‘lajak sammitiga tayyorgarlik ko‘rish va Davlat rahbarlari ko‘rib chiqishi uchun kiritilgan qator hujjatlar loyihalari yuzasidan fikr almashdilar.

Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tashkilotning ixtisoslashgan institutlari hisobotlari tinglandi va tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov o‘z nutqida Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti mamlakatlarida savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish zarurligini ta’kidlab, buning uchun savdo to‘siqlarini bartaraf etish, bojxona va boshqa jarayonlarni yengillashtirish, transport-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish muhimligini qayd etdi. O‘z navbatida, Afg‘onistonni mintaqaviy jarayonlarga jalb etish, ushbu mamlakatga insonparvarlik yordami ko‘rsatilishiga ko‘maklashish va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish muhimligi bildirildi.