Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga raislik O‘zbekiston Respublikasiga o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni Ashxobod shahrida o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) o‘n beshinchi sammiti ishida ishtirok etdi.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raisligida o‘tgan tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Orif Alviy, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, shuningdek, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin va IHT bosh kotibi Husrav Noziriy ham ishtirok etdi.

IHTni jadal rivojlanayotgan tashkilot sifatida mustahkamlashga qaratilgan ko‘p  tomonlama sheriklikni yanada kengaytirish, unga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni savdo, transport-kommunikatsiyaviy o‘zaro bog‘liqlik, sanoat kooperatsiyasi, “yashil” iqtisodiyot va turizm sohalarida rivojlantirish masalalari yig‘ilish kun tartibining asosiy mavzusi bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari sammitdagi nutqida Turkmanistonni tashkilotga samarali raislik qilgani bilan tabrikladi hamda joriy yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bilan sheriklik to‘g‘risidagi rezolyutsiyasi qabul qilinganining muhim ahamiyatini qayd etdi.

Davlatimiz rahbari qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.

– Ushbu mamlakat kun sayin og‘ir gumanitar inqirozga kirib bormoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev. Xalqaro hamjamiyat, jumladan, yaqin qo‘shnilar yordamisiz afg‘on xalqi yakka holda bu qiyin sinovlardan o‘ta olmaydi.

Shu bois afg‘on xalqiga zarur yordam ko‘rsatish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish va umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishimiz kerak.

Shuningdek, Afg‘oniston bilan mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan yirik savdo, transport va energetika loyihalarini amalga oshirish ishlarini izchil davom ettirish tarafdorimiz.

Sammitda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining xalqaro nufuzi va obro‘sini oshirish, institutsional mexanizmlarini va yetakchi xalqaro tuzilmalar bilan hamkorligini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Bu borada O‘zbekiston Prezidenti tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar tayyorlash uchun yuqori darajadagi Ekspertlar guruhini tuzish tashabbusini ilgari surdi.

Tashkilot doirasida muayyan sohani rivojlantirish bo‘yicha har yilga nom berish an’anasini joriy etish tashabbusi bildirildi. Prezidentimiz IHTda 2022 yilni O‘zaro uzviy bog‘liqlikni mustahkamlash yili, deb e’lon qilishni taklif etdi.

Sammit yakunida Harakatlar uchun Ashxobod konsensusi imzolandi. Ushbu hujjat a’zo mamlakatlarning mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash borasidagi muhim ustuvor intilishlarini o‘zida mujassam etdi.

Davlatlar va hukumatlar rahbarlari hamda tashkilot bosh kotibi O‘zbekistonni 2022-yilda IHTga raislikni qabul qilib olgani bilan tabrikladilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan bildirilgan samimiy tilaklar uchun minnatdorchilik bildirib, uchrashuv ishtirokchilarini O‘zbekistonda o‘tkaziladigan navbatdagi sammitga taklif qildi.