Yer sayyorasining “himoyachilari” jangga otlanishdi

SpaceX va NASA Yer sayyorasini asteroidlardan himoya qilish uchun maxsus zond o`rnatilgan Falcon 9 raketasini uchirishdi.

Elon Maskning SpaceX kompaniyasi AQSh Milliy aeronavtika va fazoni tadqiq qilish boshqarmasi (NASA) missiyasi doirasida sayyoramizni asteroidlardan himoya qilish uchun zondli Falcon 9 raketasini uchirdi. Bu haqida NASA o`zining Twitter sahifasida xabar berdi.

Parvoz DART (Double Asteroid Redirection Test) loyihasi doirasida amalga oshirildi. Bu asteroidlarning traektoriyasini o`zgartirish va ularni qayta yo`naltirish bo`yicha birinchi loyiha hisoblanadi.

SpaceXning aytishicha, bu kompaniyaning NASA uchun amalga oshirgan birinchi sayyoralararo missiyasidir.

Raketa DART zondini orbitaga olib chiqadi. U Quyosh atrofida aylanib yuruvchi qo`sh asteroid Didim-Dimorf yo`nalishi bo`yicha uchadi. 2022 yilning kuzida zond Yerni kosmik jismlar bilan to`qnashuvdan himoya qilish texnologiyasini sinab ko`rish maqsadida taxminan 24 ming km/soat tezlikda Dimorfga urilishi kerak bo`ladi. Dimorfning diametri taxminan 150 metrni tashkil qiladi.

“Biz to`qnashmoqchi bo`lgan asteroid futbol stadioni kattaligidadir va unga muzlatgich o`lchamidagi obyektni to`qnashtirmoqchimiz”, – dedi NASAning sayyoralar bo`limi rahbari Lori Gleyz. NASA asteroidni yo`q qilishni rejalashtirmaganini aytdi. Missiya doirasida kosmik jismlar Yer uchun xavf tug`dirgan taqdirda, ularga ta’sir qilish mumkin yoki yo`qligini tekshirish rejalashtirilgan.