Abe: Xitoy Tayvanga hujum qilsa, Yaponiya va AQSh chetda turmaydi

Yaponiyaning sobiq bosh vaziri va mamlakatning hukmron Liberal-demokratik partiyasidagi eng yirik fraksiyasi rahbari Sindzo Abe Xitoyni Tayvanga bostirib kirishdan ogohlantirib, voqealarning bunday burilishida Tokio va Vashington chetda turmasligini ta’kidladi.

Abe 1 dekabr kuni Tayvan Milliy siyosatni o`rganish instituti tomonidan tashkil etilgan onlayn forumda Tayvandagi favqulodda vaziyat Yaponiya uchun ham favqulodda holatligini, shuningdek, bu yapon-amerika ittifoqi uchun ham tegishli ekanligini aytdi.

Sobiq bosh vazir shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan har bir uchrashuvda unga Yaponiyaning Tayvandan atigi yuz kilometr narida joylashgan Senkaku orollarini himoya qilishga tayyorligini ochiq bayon qilganini eslatib o`tdi.

“Tayvanga harbiy bostirib kirish muqarrar ravishda Yaponiya uchun jiddiy tahdidga aylanadi”, – deya qo`shimcha qildi u.

“Yaponiya, Tayvan va demokratiyaga ishonadigan barcha xalqlar Prezident Si Szinpin va Xitoy Kommunistik partiyasining boshqa rahbarlarini noto`g`ri yo`lga yurmaslikka qayta-qayta chaqirib turishlari kerak”, – dedi Abe.