Bugun Nur-Sulton shahrida Qozog’iston va O’zbekiston prezidentlari asosiy muzokaralarni o’tkazadi

Prezident matbuot xizmating xabariga ko’ra Shavkat Mirziyoyev Prezident Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 5-dekabr kuni davlat tashrifi bilan Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahriga yetib borgan.

Nursulton Nazarboyev nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.  

Davlatimiz rahbarini Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev kutib oldi. Ikki mamlakat yetakchilarining qisqa suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 6-dekabrga mo‘ljallangan. Oliy darajadagi muzokaralarda siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiyot va transport-logistika sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish iqtiqbollari muhokama qilinishi, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashilishi rejalashtirilgan.

Uchrashuv natijalari bo‘yicha 20 dan ortiq hujjat imzolanishi ko‘zda tutilgan.