Facebook O`zbekistonda davlat idoralarining ochiqligini taʼminlashga qaratilgan o`zgarishlarni olqishlaydi

O`zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov Facebook kompaniyasining mahsulot siyosati va strategiyasi direktori Endi O’Konnell bilan uchrashib, mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirishda innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish sohasida hamkorlikni yo`lga qo`yish istiqbollarini, shuningdek, Amerika tomoni bilan bu boradagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuvda Amerika tomoniga O`zbekiston hukumati tomonidan mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, aholi turmush darajasi va farovonligining barqaror o`sishiga hissa qo`shishga yo`naltirilgan faol tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirish, innovatsion g`oyalar va texnologiyalarni joriy etish, axborot texnologiyalarini jadal rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlar to`g`risida batafsil maʼlumot berildi.

Muloqot chog`ida internet makonida, xususan, “Facebook”, “Instagram” va “WhatsApp” platformalari orqali zo`ravonlik, ekstremizm va radikallashuvning oldini olish bo`yicha tomonlarning o`zaro hamkorligini takomillashtirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

“Facebook” vakili respublikada davlat organlarining ochiqligi va so`z erkinligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Endi O’Konnell ta’kidlaganidek, Amerika kompaniyasi Facebook platformasi va mamlakatdagi boshqa internet tarmoqlarining uzluksiz ishlashini ta’minlashga qo`shgan shaxsiy hissasi uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirdi.

“Facebook” rahbariyati O`zbekiston tomonining ekstremistik g`oyalarning har qanday manbalari va terrorchi guruhlarni onlayn yollaydigan tarmoqlar faoliyatini o`z vaqtida bartaraf etish bo`yicha kompaniya bilan yaqindan hamkorlik qilish istagini to`liq qo`llab-quvvatladi. Endi O’Konnell ta’kidlaganidek, Meta Platforms, Inc. va uning “Facebook” tarmog`i tomonlarning ushbu yo`nalishdagi faol o`zaro hamkorligini olqishlaydi.

Uchrashuv yakunida O`zbekistonning Vashington shahridagi elchixonasi Endi O’Konnellga minnatdorchilik bildirdi.