JCh yakunlari: Yigitlarimiz umumjamoa hisobida birinchi bo`lishdi

Toshkent mezbonlik qilgan og`ir atletika bo`yicha kattalar o`rtasidagi jahon chempionati o`z yakuniga yetdi. Bir necha kun davomida dunyoning eng kuchli atletlari chempionlik yo`lida murosasiz raqobat olib borishdi.

Qayd etish joiz, murakkab epidemiologik vaziyat bo`lishiga qaramasdan xorijlik mutaxassislar ushbu dunyo birinchiligi yuqori saviyada tashkil etilganiga alohida urg`u berdilar.

Yigitlarimiz musobaqa davomida o`z chiqishlari bilan barchamizni xursand qilishdi. Ularning natijalari medallar jamg`arishdagi umumiy hisobda ham o`z aksini topdi. Kichik medallar kesimida 5 ta oltin, 5 ta kumush va 2 ta bronza medallarini jamg`argan O`zbekiston erkaklar terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o`rinni egalladi.

Sportchilarimizning ishtirokiga qarab beriladigan ochkolar klassifikatsiyasida esa jamoamiz 525 hisob bilan Rossiya (581) va Erondan (548) ortda qolib, uchinchi o`rinni egalladi.

Ayollar bahsida medallar jamg`arish bo`yicha qizlarimiz o`n birinchi pog`onani band etgan bo`lsalar, ochkolar kesimida kuchli 15 talikni yopib berishdi.

Umumiy hisobdagi medallar jamg`armasida ham jamoamiz yetakchilar qatorida bo`lgani faxrlanarli. Doston Yoqubov va Akbar Jo`rayevning oltin, Sarvarbek Zafarjonov, Ruslan Nurudinov va Tursunoy Jabborovaning kumush medallari bilan ushbu kesimda ikkinchi o`rinni band qildik.

Umumiy hisobdagi medallar jamg`arish bo`yicha:
1. Koreya Respublikasi – 4-1-2
2. O`zbekiston – 2-3-0
3. Tailand – 2-2-1