Odil Ahmedov O`zMUda o`z futbol akademiyasini ochdi

2020-yil 30-oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog`lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni imzolangan edi. Mazkur hujjatga asosan, sog`lom turmush tarzini keng targ`ib qilishda – yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, “Workout” (mahalla va ko`cha fitnesi) sportning ustuvor turlari etib belgilab berildi.

Mamlakat rahbarining Farmoniga labbay deya javob bergan O`zbekiston Milliy universiteti tashabbusi bilan endilikda futbol muxlislari tilida “O`zbek Maradonasi” nomini olgan O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan sportchi, futbol bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedovning futbol akademiyasi o`z faoliyatini boshlaydi.

Eslatib o`tamiz, ikki yil oldin Ahmedov o`zi tug`ilib o`sgan Namanganda futbol akademiyasi ochgan edi.

Universitet hayotida boshlanayotgan yangi tarixiy qadamni tashlash va unga rasmiy maqom berish maqsadida O`zbekiston Milliy universitetiga O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta`lim, sog`liqni saqlash, madaniyat, yoshlar, ma`naviyat va jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash masalalari kotibiyatining mudiri Bahodirjon Onorboyev, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o`rinbosari Ravshan Ermatov, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirining o`rinbosari Yusuf Absoatov, futbol bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov, O`zbekiston milliy terma jamoasi a`zosi Azizbek Haydarovlar tashrif buyurishdi.

Anglashuv memorandumi oldidan so`zga chiqqan Odil Ahmedov “Men uchun akademiyani sifatli rivojlantirish juda muhim. Kelajakda O`zbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga chiqishini va uning tarkibida universitetimiz tarbiyalanuvchilari bo`lishini istayman. … Asosiysi, biz qobiliyatli o`yinchilarga diqqatni qaratmoqchimiz. Bilasizmi, yosh futbolchilar uchun asosiysi – bu bor kuch-g`ayratini ayamaydigan ustoz. Afsuski, hozir bunday ustozlar kam. Bugungi kunda ko`plab trenerlar bolalarga to`p berib qo`yib, shu bilan pul ishlamoqda. Shuning uchun ham biz akademiyaga tajribali chet ellik mutaxassislarni taklif qilmoqchimiz. Chet ellik mutaxassislar o`z tajribalarini yoshlar bilan baham ko`rishadi. Bundan tashqari, bizning ham yosh mutaxassislarimiz boshqa mamlakatlarga borib tajriba orttirishlari mumkin. Menimcha, shunday yo`l bilan kerakli natijaga erishish mumkin” dedi.


Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati