Omikron varianti haqida nimalar bilamiz?

Olimlar bir necha muhim savollarga aniq javob topish uchun harakat qilmoqdalar, ammo hozirga qadar to`plangan dalillar allaqachon Omikron jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko`rsatmoqda. “(Omikron uchun) juda yaxshi vaziyat yuzaga kelgan va (u) turli yo`nalishlarda rivojlanishi mumkin”, – dedi Edinburg universiteti professori Roland Kao.

Virus qayerlarda tarqalgan?

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko`ra, Omikron varianti hozirda 38 ta mamlakatda tarqab ulgurgan, ammo bu mamlakatlarning hech birida hali o`lim holatlari qayd etilmadi. Qo`shma Shtatlar va Avstraliya virusning mahalliy tarqalishini tasdiqlagan oxirgi davlatlar bo`ldi.

Omikron qanchalik tez tarqaladi?

Omikron tezlikda Janubiy Afrikada tarqalmoqda. 1 dekabr holatiga ko`ra, mamlakatda 8561 ta holat qayd etilgan. Yoxannesburgdagi Janubiy Afrika Yuqumli kasalliklar milliy instituti omikron tez tarqalayotganini tasdiqladi.

Belgiyadagi Leven katolik universitetining evolyutsion biolog olimi Tom Venselersning hisob-kitoblariga ko`ra, Omikron bir xil vaqt davomida Deltaga qaraganda 3-6 baravar ko`proq odamga yuqishi mumkin.

Ushbu variant tana immunitetini qanchalik oson chetlab o`tadi?

Mavjud dalillar Omikron immunitet tizimini chetlab o`tishda boshqa variantlariga nisbatan ancha uddaburon ekanligini ko`rsatmoqda. “Biz hozirgacha o`rganganlarimizdan ishonch bilan aytishimiz mumkinki, omikron boshqa variantlarga qaraganda, virusni ilgari yuqtirgan va Covid-19ga qarshi emlangan odamlarga qayta yuqishga qodir”, – dedi London Universitet kolleji Genetika instituti direktori Professor Fransua Balloks.

Agar oldingi kasalliklar sababli odamlarning immuniteti pasaygan bo`lsa, vaksinalarning bu variantga qarshi kurash samaradorligi qanday?

Aksariyat olimlar omikronga qarshi himoyada vaksinaning kuchi haqida ko`proq optimistik qarashga egalar. “Ushbu variant vaksinalarga butunlay chap berishi dargumon”, – dedi London Imperial kolleji professori Piter Openshou. “Bizda mavjud bo`lgan vaksinalar bir qator boshqa variantlarga qarshi juda samaralidir, ammo emlanganlarning omikronga qarshi himoya darajasini aniqlash uchun bizga ko`proq laboratoriya va real ma`lumotlar kerak”.

Omikronga chalingan bemorning kasalxonaga yotish yoki vafot etish ehtimoli qancha?

Bu savolga javob berish hozirda juda qiyin, chunki omikron jiddiy oqibatlarga olib kelishini aniqlash uchun yetarlicha ma’lumotlar mavjud emas. Biroq, dastlabki dalillar optimizm uchun asos yaratadi.

Omikron yuqori xavf guruhidagi odamlarga qanday ta’sir qilishi mumkin?

Bu variantning keksa odamlarga yoki yuqori xavf guruhining boshqa a’zolariga qanday ta’sir qilishi mumkinligini aytishga hali erta. Biroq, ba’zi olimlar bu bo`yicha xavotir bildirishmoqda. “Katta muammo keksa yoshli aholidir”, – dedi Kao.