O`zbekiston-Qozog`iston ishbilarmonlar kengashining IV yig`ilishi

Nur-Sulton shahrida davlatimiz rahbarining ushbu mamlakatga davlat tashrifi arafasida O`zbekiston-Qozog`iston ishbilarmonlar kengashining navbatdagi, IV yig`ilishi bo`lib o`tmoqda. Uchrashuvda tomonlar logistika, tranzit tashuvlar uchun joriy qilingan narxlarni tushirish, sertifikatsiya, xom ashyoni arzonlashtirish kabi har ikki mamlakat va qardosh xalq uchun manfaatli bo`lgan masalalarni muhokama qilishyapti. Shuningdek, qo`shni davlatlarda biznes yuritish bo`yicha tajriba almashish, eksport salohiyatini oshirish, axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqboli ham kun tartibiga qo`yilgan.

Yig`ilish ishtirokchilari ishbilarmonlik aloqalarini o`rnatish va mustahkamlashlari uchun B2B shaklidagi uchrashuvlar maydoni ham yaratilgan.

Ta’kidlash joiz, O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasidagi savdo aylanmasi oxirgi 5 yilda ikki marta oshib, ayni payt 2.9 milliard dollarga yetgan. Joriy yil yakuniga qadar ushbu ko`rsatkich 4 milliard dollarni tashkil etishi kutilyapti. Pandemiyadan oldingi, ya’ni ya’ni 2019 yilning shu davrigacha bo`lgan davrdagi holat bilan qiyoslaganda, o`sish sur’ati 2 foizga teng.

Hozir Qozog`istonning O`zbekistonga eksportida neft va neft mahsulotlari, bug`doy, un, kungaboqar yog`i urug`i, qora va rangli metall, noorganik kimyoviy mollar, oziq-ovqat yetakchilik qilmoqda. O`z navbatida O`zbekiston bu qo`shni mamlakatga energiya tashuvchi moddalar (gaz), avtomobil, paxta tolasi, kimyoviy mahsulotlar va plastmassa, o`g`it, meva-sabzavot va boshqa turli tovarlar yetkazib beradi.

Eslatib o`tamiz, ayni payt Qozog`iston Respublikasi poytaxtidagi “Rixos President Astana” mehmonxonasida O`zbekiston-Qozog`iston ishbilarmonlar kengashining IV yig`ilishi davom etyapti.