O`zbekistonlik dizayner Xanchjou-2022 tashkiliy qo`mitasi tashabbus ko`rsatgan ko`rgazmada g`olib bo`ldi

Kelasi yil bo`lib o`tadigan Xanchjou-2022 Osiyo o`yinlari tashkiliy qo`mitasi taklifiga binoan o`zbekistonlik dizaynerlar mazkur shaharda o`tkazilgan Si Pao xalqaro ko`rgazmasida ishtirok etishdi. Ahamiyatlisi, unda o`z loyihalari bilan qatnashgan hamyurtimiz birinchi o`rinni qo`lga kiritdi.

Ko`rgazmada tashkiliy qo`mita taklif qilgan davlatlar dizaynerlari ishtirok etdi. Tadbir Xanchjou shahridagi ipak muzeyida o`tkazilib, unda namoyishga qo`yilgan kiyimlar ham mazkur xom-ashyodan tayyorlandi. Ahamiyatlisi, o`zbekistonlik dizayner, “Osiyo ramzi” dizaynerlar uyushmasi vakili Umida Mo`minova g`oyasiga mansub chizmalar asosida tayyorlangan kiyimlar tashkiliy qo`mita mutasaddilari tomonidan yuqori eʼtirofga sazovor bo`ldi.

Dizaynerimiz tayyorlagan kiyimlar o`zbek milliy naqshlari asosida bezatilgan. Reglamentga ko`ra, har bir ishtirokchi 2 komplektdagi o`z namunalarini hakamlar hayʼatiga taqdim qilgan. Si Pao xalqaro ko`rgazmasi 2017-yildan yo`lga qo`yilgan bo`lib, uning qamrovi yildan yilga ortib bormoqda.

Taqdirlash marosimida Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Vladimir Norov hamyurtimizning sovrinini qabul qilib oldi. Taʼkidlash joiz, ushbu ko`rgazma nafaqat Buyuk ipak yo`li kesimida joylashgan davlatlar, balki butun dunyoda ipak matolaridan tayyorlanadigan kiyimlar, u bilan bog`liq madaniyatni ommalashtirishga qaratilgan.