O‘zbekistonning “Kelgusi avlodi” – CNN telekanali nigohida

Toshkentda 28 noyabr – 4 dekabr kunlari Turizm va sport vazirligi ko‘magida dunyoga mashhur CNN telekanali ko‘rsatuvining suratga olish jarayonlari bo’lib o’tadi.
“Generation Next” (Kelgusi avlod) yangi turkum dasturlarida boshlovchi butun dunyoning yetuk yoshlari bilan uchrashib, ularning bugungi davrga bo’lgan munosabatini namoyish etadi.

Dastur prodyuseri Tom Bucher Xeyz birinchi seriya uchun maqsadli ravishda O‘zbekistonni tanlanganini qayd etdi. Uning e’tiborini tortgan jihat shundan iboratki, respublikaning so’nggi yillarda jadal rivojlanib borayotganligi borasida ma’lumotlar tobora keng tarqalib bormoqda.

CNN suratga olish guruhi dastur uchun turli kasblar, ijtimoiy qatlamlar va madaniyatlarni ifoda etuvchi yoshlar vakillarini tanlashga harakat qildi.
Ko‘rsatuvda senator, Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullaev, gimnast Sabina Tashkenboeva, mashhur bloger Amirbek Shadmanov, kalligraf Abbos Shomansurov, dasturchi Durdona Baxronova, xip-xop ijrochisi Bernara G‘aybjonovalar ishtirok etmoqda.

“Ta’kidlash joizki, xorijiy telekanallar o‘z loyihalari uchun mamlakatimizni ko‘proq tanlashiga sabab – bugungi kunda ularning O‘zbekistonda o’z faoliyatini olib borishiga hech qanday to‘siq yo‘qligi. Davlat idoralari suratga olish guruhlariga har tomonlama yordam ko‘rsatmoqda”, — dedi loyihaning mahalliy prodyuseri Nikita Makarenko.

Dastur 2022-yil dekabr oyi oxirida CNN telekanali orqali va Internetda namoyish etilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun: hozirgi kunga qadar CNN ko‘rsatuvlari va uning tarmoqlarini 200 ta mamlakat va mintaqalarda 2 milliarddan ortiq kishi kuzatib bormoqda. CNNning internetdagi raqamli resurslariga har oyda 200 million kishi tashrif buyuradi. CNN International  telekanali dunyo bo’ylab 370 milliondan ortiq oila va mehmonxonalarga signal uzatadi.