Vatansiz qolgan kosmonavt

Rossiyalik uchuvchi-kosmonavt, Sovet Ittifoqi va Rossiya Federatsiyasi qahramoni Sergey Krikalev SSSRning parchalanishi haqidagi xabarni koinotda qanday qabul qilgani haqida gapirib berdi.

Uchuvchi-kosmonavt Sergey Krikalev “Mir” xalqaro kosmik stansiyasiga SSSR fuqarosi sifatida safar uyushtirib, 1992-yil mart oyida Rossiya davlatiga qaytib keladi. U koinotda bo`lgani holda mamlakatning parchalanishi haqidagi xabarni radio havaskorlari va mutaxassislari bilan suhbat chog`ida bilgan.

“Odamlar, albatta, texnik suhbatlardan tashqari, bizga (mamlakatda) nima bo`layotgani haqida aytib berishardi. Bundan tashqari, bizning yana bitta qo`shimcha aloqa kanalimiz bor edi, u orqali radiohavaskorlar bilan muloqot qilish imkoniga ega edik. …”, – dedi Krikalev o`z xotiralari bilan o`rtoqlashar ekan.

Uning so`zlariga ko`ra, o`zgarishlarga qaramay, odamlar o`z burchlarini mas`uliyat bilan bajarishda davom etishgan. Kosmonavt “Mir” stansiyasida bo`lgani holda, mamlakatdan ma`lumot olishda hech qanday cheklovlar bo`lmaganini ta`kidladi.

Sergey Krikalev 1991-yil 18-mayda Anatoliy Artsebarskiy va ingliz kosmonavti Helen Sharman bilan birga “Mir” stansiyasiga uchgan. Besh oydan keyin Yerga qaytishi kerak bo`lgan Sergey oxir-oqibat stansiyada deyarli bir yil qolib ketgan. Sergeyga davlatda uni ortga qaytarish uchun mablag` yo`qligi ma`lum qilingan.

Parvoz 311 kun davom etgan. Kosmonavt SSSR parchalanganidan keyin 1992-yil 25-martda Rossiyaga qaytib kelgan.