Bill Geyts Yer sayyorasini qutqarish yo`lini topdi

Microsoft asoschisi Bill Geyts odamlarning biznes yuritish uslubini o`zgartirish orqali sayyorani iqlim falokatidan qutqarish yo`lini topganini iddao qilmoqda. Tadbirkor toza va chiqindisiz sanoat inqilobi zarurligini ta`kidladi. Bu haqda Geyts Wired jurnali uchun yozgan o`z maqolasida aytib o`tgan.

2050-yilga kelib chiqindilarning “nol” ko`rsatkichiga erishish uchun Geyts oziq-ovqat yetishtirish va kiyim-kechak tikish, shuningdek, issiqxona gazlarini chiqarmasdan elektr va issiqlik energiyalarini ishlab chiqarish hamda binolarni sovutishning yangi usullarini taklif qilgan. Tadbirkorning fikricha, insoniyat ushbu maqsadlarga erishishga qodir.

Geytsning aytishicha, 2022-yilda chiqindisiz ishlab chiqarishga o`tishni tezlashtiradigan bir nechta muhim qadamlar qo`yiladi. Birinchidan, iqlim o`zgarishiga qarshi kurash o`tgan yillarga nisbatan ustuvor vazifaga aylanadi.

Geytsning so`zlariga ko`ra, 2022-yilda mamlakatlar yetakchilari iqlim o`zgarishi muammosini hal qilish bo`yicha aniq rejalarni taqdim etadi va faqat va`dalar bilan cheklanib qolmaydilar. Investorlar barqaror energiya manbalaridan foydalanishga o`tish uchun ham ko`proq sarmoya sarflaydilar hamda mamlakatlar barqaror “yashil” maxsulotlar va qurilish materiallarini sotib olishlari kerak bo`ladi.