Bu mamlakatda elektromobillar bozorning 95 foizini egallagan

Norvegiya 2022-yildayoq elektr transport vositalarida harakatlanishga to`liq o`tadi. U yerda ichki yonuv dvigatelli yangi avtomobillarni sotib olish shunchaki foydasiz bo`lib bormoqda.

Noyabr oyida Yevropada rekord miqdordagi elektromobillar sotildi. Hozirda Yevropa avtomobillarining 15 foizdan ortig`i yangi energiya manbalari bilan harakatlanadi. Garchi bu tendensiya butun Yevropa transport bozorini to`liq elektrlashtirishdan juda uzoq bo`lsa-da, Norvegiyada elektr transport vositalari allaqachon bozorning 95 foizini egallagan.

2021-yil oxiridagi sarhisobga ko`ra, eng ko`p sotilgan 15 ta model qatoriga benzin yoki dizel dvigatelli birorta ham model kirmagan. Modellarning 14 tasi elektromobillar, 15-si esa Toyota RAV4 Prime gibrid mashinasidir. Rasmiy ravishda, Norvegiyada ichki yonuv dvigatelli avtomobillarni sotishni taqiqlash 2025-yildan kuchga kiradi, ammo mamlakatda bugungi kunda ham benzin va dizel yoqilg`isi bilan harakatlanadigan avtomobillarni sotib olish va ularga texnik xizmat ko`rsatish juda foydasiz.