iPhone zavodi: kalamushlar, qurtlar bilan zararlangan oziq-ovqat, ommaviy zaharlanish, suvsuz hojatxonalar

Reuters agentligi Hindiston janubidagi Foxconn kompaniyasiga tegishli iPhone zavodining yopilishiga nima sabab bo`lganligi haqida dahshatli maqola chop etdi.

Manbalarga ko`ra, Apple Foxconnga zavoddagi ishlab chiqarishni to`xtatib turishni va yotoqxonalardagi yashash sharoitlarini yaxshilagunga qadar kompaniyani sinov muddatiga o`tkazishni buyurgan. Sharoitlar qanchalik og`ir ekani haqidagi tafsilotlar keyinroq ma`lum bo`ldi.

Nashr ishchilardan intervyu olish uchun jurnalistlarni iPhone zavodiga yubordi. Zavoddagi iPhonelarni hojatxonada suvi bo`lmagan, gavjum yotoqxonalarda yashovchi erkaklar va ayollar yig`ishgan. Ularga berilgan ovqatda ko`pincha qurtlar bo`lgan.

Sifatsiz oziq-ovqat 250 nafardan ortiq ishchilarni zaharlagan. Natijada ular 17000 nafar ishchi ishlaydigan zavodni yopib qo`yilishiga sabab bo`lgan ish tashlash namoyishini uyushtirishgan. Besh nafar ayolning so`zlariga ko`ra, ishchilar 6-30 nafargacha odamlar “tiqilgan” xonalarda polda uxlashgan.

“Yotoqlarda yashovchi odamlar doimo qandaydir kasallikdan aziyat chekishgan. Ularda teri allergiyasi, ko`krak qafasidagi og`riqlar, ovqatdan zaharlanish kabi holatlar doimiy kuzatilgan”, – dedi ish tashlashdan keyin zavodni tark etgan 21 yoshli qiz.

Hukumat tekshiruvchilari ham yotoqxona oshxonalarida kalamushlar topilganini aytishdi. Ushbu hodisa paytida jami 259 nafar ishchi ovqatdan zaharlangan, ulardan 100 nafari kasalxonaga yotqizilgan.

Foxconn, shuningdek, nazariy jihatdan norozilik bildirishga unchalik moyil bo`lmagan xodimlarni ataylab yollaganlikda ham ayblangan. Ishchilarning aksariyati 18 yoshdan 22 yoshgacha bo`lgan va qishloqdan kelganlarni tashkil etgan. Bir qancha faollar va akademiklarning aytishicha, qishloqlardan ishga yollangan ayollarning ish beruvchilar tomonidan kasaba uyushmalariga uyushmasligi yoki noroziliklarga kamroq moyilligi alohida o`rganib chiqilgan.

Hozirda kamida to`rt xil davlat idoralari zavoddagi ish sharoitlarini o`rganmoqda. Foxconn iPhonega talab keskin ortib ketgani ortidan shunday yo`l tutganini iddao qilmoqda.