Vadoma – tuyaqush odamlar

Dunyoda bir sirli qabila borki, hatto ularning qo`shnilari ham uzoq vaqt davomida ular bilan uchrashishdan qochganlar. Gap Zimbabveda yashovchi Vadoma qabilasi haqida ketmoqda. Ilmiy dunyo sirli “tuyaqush” xalqining mavjudligiga uzoq vaqt shubha qilib kelgan. Boshqa xalqlar esa “vadoma”larning qadimgi yunon tarixiy asarlarida tilga olinganini eslashadi.

Ularning mavjudligi qumdagi g`alati izlar bilan tasdiqlangan. Bular bir vaqtning o`zida odamlarning izlarini ham, tuyaqushlarning izlarini ham eslatib yuboradi. Ba`zilar tuyaqush xalqini “sehrgar va jodugarlar” deb hisoblashgan va ularga qo`rquv hamda hurmat bilan munosabatda bo`lishgan.

Ko`rinishidan, ular Afrika irqining boshqa vakillaridan farq qilmaydi. Ular juda samimiy, mehmondo`st va ochiqko`ngil insonlardir. Ammo ularning oyoqlari juda g`alati tuzilishga ega. Bu qabila vakillarining koʻpchiligida odatda uchta oʻrta barmoq yoʻq, bosh barmogʻi va kichik barmoqlari esa V harfiga oʻxshash shaklni hosil qiladi.

Bu genetik kamchilik ektrodaktiliya deb ataladi va olimlarning fikricha, ular genetik mutatsiyalar natijasidir. Vadomalarning o`zlari bunday nuqsondan aziyat chekmaydilar, ular odatdagidek harakat qilishadi, faol hayot tarzini olib borishadi va hatto bunday o`ziga xos oyoqlari tufayli daraxtlarga juda mohirlik bilan chiqishlari mumkin.

Vadoma juda rivojlangan qabila bo`lib, ularning vakillari farmatsevtika va tibbiyot sohasida keng bilimga ega va ular o`zlarining kelib chiqishini qizil yulduz “Litolafisi”, ya`ni Mars sayyorasi bilan bog`lashadi.