Jahon e’tirof etgan bayram

Bahor yana eshik qoqmoqda. Yasharish va yangilanish fasli kurrai zamin bo‘ylab odim tashlab, dillarni xushnud etish arafasida. Navro‘zi olamga peshvoz chiqaylik!

Ko‘hna Sharqning bir qator mamlakatlarida bahorning birinchi kunini katta bayram sifatida nishonlash ko‘p ming yillik tarixga ega. Tabiat qish uyqusidan uyg‘onib, quyosh taftining ko‘tarilganligidan darak beruvchi hamda dehqonchilik ishlarining boshlanish ramzi sanalgan Navro‘z Yangi yilning ibtidosi sifatida ko‘pgina xalqlarning bayramiga aylangan.

Navro‘z tantanalari Markaziy Osiyo mamlakatlaridan tashqari Afg‘oniston, Eron, Ozarboyjon, Turkiya, Albaniya, Makedoniya, Tatariston, Boshqirdiston va boshqa o‘lkalarda nishonlanadi.

Hozirga kelib, Navro‘z umumjahon bayrami sifatida tan olindi. 2009-yilda YUNESKO tomonidan Navro‘z insoniyatning nomoddiy madaniyat merosi ro‘yxatiga kiritildi. 2010-yilning 10-fevralida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 64-sessiyasi 21-martni Xalqaro Navro‘z kuni sifatida e’tirof etilishi haqida qaror chiqardi. Ushbu qarorda Navro‘z nishonlanadigan BMTga a’zo davlatlarning ushbu bayram bilan bog‘liq an’analarini saqlab qolish va rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirayotgan harakatlari ma’qullanishi uqtirilgan. Qarorda, shuningdek, barcha mamlakatlarda Navro‘zni qayd etish, bayram haqida aholi xabardorligini oshirish tavsiya etilgan. BMTning barcha muassasalari, jamg‘armalari, dasturlari, birinchi navbatda, YUNESKOga Navro‘z nishonlanadigan mamlakatlarda o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish tavsiya etilgan.

Demak, Navro‘z rasman keng xalqaro maydonga chiqdi. Ota-bobolarimiz bayramining jahoniy e’tirofi zamirida ulkan mazmun mujassam. Aynan Navro‘z uzoq o‘tmish udum va an’analarini shu kungacha saqlab keleyotgan bayramdir. Qadim zamonlardan Navro‘zning qanday kelishi, u qanday kutib olinib, qayd etilishiga yilning qanday bo‘lishini ko‘rsatuvchi nishona sifatida qaralgan.

Navro‘z – tinchlik, totuvlik, mehr va oqibat timsoli. Bu kuni barcha gina-adovatlarga chek qo‘yilgan, urush-janjallar to‘xtatilgan. Odamlar bir-birlarining holidan xabar olishgan, nogironlar, beva-bechoralarga yordam ko‘rsatilgan. Uy va xonadonlar tozaligi, sarishta-saranjomligiga alohida e’tibor qaratilgan. Faqatgina orasta va janjallardan xoli uyga farishtalar to‘kin-sochinlik olib kelishiga xalqimiz qattiq ishongan. Navro‘z insonparvarlik yaqqol namoyon bo‘lgan, odamlarni ruhan birlashtirish kuchiga ega bayram.

AQShda Navro‘z rasman nishonlanadigan mamlakatlardan kelgan turli xalq vakillari o‘z udumlariga sodiq qolib, 21-martni Yangi yilning kirib kelishi sifatida bayram qilishadi. O‘zbekistonliklarning ham ushbu yurtda Navro‘zni keng qayd etishlari odat tusiga kirgan. AQShning har xil shtatlarida yashayotgan yurtdoshlarimiz turli tadbirlar o‘tkazib, ularga boshqa millat vakillarini taklif etishadi. Shu kuni sumalak, halim, ko‘k somsa va boshqa bahoriy taomlar tayyorlanadi.

O‘zbekistonliklarning katta guruhi istiqomat qilayotgan Nyu Yorkda Navro‘z alohida bir shukuh bilan nishonlanadi. Barcha oilalarda bayram dasturxoni yoziladi, tanish-bilishlar bir-birlarinikiga mehmonga borishadi. Qator xonadonlar birlashib, katta qozonlarda sumalak tayyorlashadi va qo‘niqo‘ shnilarga tarqatishadi.

Nyu Yorkda har yili yuzlab yurtdoshlarimiz ishtirokida teatrlashtirilgan dasturlar ham tashkil etilmoqda. Masalan, o‘tgan yili “Muruvvat” markazi va shaxsan uning rahbari Tamara Nazarova tashabbusi bilan katta bayram tadbiri o‘tkazilgan edi. Unga boshqa millat vakillari, bir qator milliymadaniy markaz namoyandalari taklif etilgan edi. Tamara opaning uqtirishicha, o‘sha kuni to‘kin-sochin dasturxon atrofi da yig‘ilganlar Navro‘zga umuminsoniy qadriyat sifatida baho berib, uning ajoyib xislatlarini mehr bilan tilga olishgan. Jumladan, Buxoro yahudiylari jamoasi vakillari O‘zbekistonda yashagan paytlaridayoq bu bayramga mehr qo‘yishganligini, Amerika zaminiga kelib ham Navro‘zni qayd etishda faollik ko‘rsatishayotganliklarini uqtirishdi.

Bu yil ham Navro‘zni keng nishonlashga hozirlik ko‘rilmoqda. Bu galgi tantanalarni tashkil etishda yurtdoshimiz Feruza Murodova jonbozlik ko‘rsatmoqda. Bayram tadbiri “Millenium” teatrining restoranida o‘tkaziladi. Unda 500 kishi qatnashishi kutilmoqda. “Tadbirga vatandoshlarimizdan tashqari Nyu Yorkdagi turli jamoa vakillari taklif etilgan, – deydi F. Murodova, – shuningdek, biz O‘zbekistonning Nyu Yorkdagi Bosh konsulining ishtirokini kutmoqdamiz”.

Suhbatdoshimning qayd etishicha, yig‘ilganlarga teatrlashgan sahnalarni yuqori saviyada namoyish etish uchun bir oydan beri tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mavluda Oynaqulova yetakchiligidagi folklor ansambli alohida g‘ayrat bilat mashq qilmoqda. O‘sha kuni sahnaga chiqishga hozirlik ko‘rayotgan aktorlar Siddiq Sanayev, Sodiq Mamajonov, yosh, umidli xonanda Nargiz va boshqalar to‘planganlarga zavq ulashish niyatidalar. Sobiq yurtdoshlarini tabriklash uchun elimiz ardoqlagan xonandalar Muhabbat Shamayeva, Izro Malakov va boshqalar ham bayramda hozir bo‘lishadi.

Bu yilgi Navro‘z Amerikada yana o‘zgacha shukuh bilan nishonlanishiga aminmiz. Bayram bu yerda turli ellardan kelib yashayotgan millat vakillarining bir-birlarini yaxshiroq tushunishlariga, yaqinlashishlariga yordam ko‘rsatishi turgan gap. Qadaming qutlug‘ kelsin, Navro‘zim!

Har tuning qadr o‘libon,

Har kuning o‘lsin Navro‘z!

Toshpo‘lat RAHMATULLAYEV

SHARE