Bobur – yo’lbars

Farg‘ona viloyatining podshosi Umarshayxning o‘g‘li Zahiriddin Muhammad yoshligidan ancha aqlli va dovyurak bo‘lib o‘sibdi. Umarshayx bo‘sh vaqtlarini shikor bilan o‘tkazar, har gal ovga chiqqanida, o‘g‘lini ham birga ola ketar ekan. Bir kuni shikor avjiga chiqqanda yosh Zahiriddin Muhammad changalzorda adashib qolibdi.

Dovyurakligidan hecham qo‘rquvga tushmabdi. Yig‘lab-siqtamabdi. Kun botibdi, kech kiribdi. Bir payt kimsasiz g‘orni ko‘rib qolibdi. Shu yerga kirib yotaman, tong otgach, bu yerdan chiqib, albatta otamni axtarib topaman, deb o‘ylab g‘orga kiribdi. Yarim kechaga borib kishi qulog‘ini qomatga keltiruvchi dahshatli bo‘kirish ovozini eshitib qolibdi. Shundayam vahimaga tushmabdi. Nima bo‘lishini kutib, qimir etmay jim o‘tiraveribdi. Haligi ovoz tobora g‘orga yaqinlashib kelaveribdi. Zahiriddin Muhammad nafasini ichiga yutib, tikilib qarasa, og‘zida kattakon o‘ljani tishlab olgan bir ona yo‘lbars g‘orga qarab kela­yotgan emish. Bola buyog‘i nima bo‘lar ekan, deb jim turaveribdi. Yo‘lbars haybat bilan g‘orga kirib kelibdi. Shu payt ikki yo‘lbarsvachcha bir-birovini quvlashib Zahriddin Muhammadning shundoqqina yonidan o‘tib onasiga yopisha ketibdi. Ona yo‘lbars bolalarini iskabdi, erkalatibdi, keltirgan o‘ljani ular oldiga tashlab ovqatlantiribdi. Shunday qilib, bola ertalabgacha mijja qoqmabdi. Tong otibdi. Ona yo‘lbars o‘lja axtarib g‘ordan chiqib ketibdi. Zahiriddin Muhammad birpas indamay turibdi-da, tavakkal qilib yo‘lbarsvachchalar yoniga boribdi. Yo‘lbarsvachchalar bolani irillab qarshi olishibdi. Bola qo‘rqmabdi. Keyin til topishib ular bilan inoqlashib, apoq-chapoq bo‘lib ketibdi.

Endigi gapni Umarshayxdan eshiting. Shikorga berilib ketgan Umarshayx ol­diniga o‘g‘lining yo‘qolganini payqamabdi. Kech bo‘lib, karnay-surnay tortilib shikor to‘xtagach, Zahiriddin Muhammadning yo‘qligi bilinib qolibdi. Buni eshitib Umarshayx tozayam qayg‘uribdi. Dod-faryod ko‘taribdi. Mash’allar yoqib changalzorni qadamba-qadam qarab chiqishni buyuribdi. «Bolam topilmasa, hammangning kallangni tanangdan judo qilaman»,— debdi.

Bir payt Umarshayxning ko‘zi yo‘lbars izidagi qonga tushib qolibdi. «Bolamni yo‘lbars olib qochibdi»,— deb o‘ylab, fig‘oni falakka ko‘tarilibdi. Hushidan ketib, otidan yiqilibdi.

Umarshayx o‘ziga kelib, qon izidan olib borishlarini buyuribdi. Izma-iz borishgan ekan, changalzor chetidagi tashlandiq bir g‘orning oldidan chiqib qolibdi. G‘orga kirib qarashsa, bir bola ikkita yo‘lbarschalar bilap umbaloq-dumbaloq o‘ynashayotgan emish. Bolasini topib shodlanib ketganidan Umarshayxning yuragi yorila yozibdi.

Ovchilar yo‘lbars bolalari bilan Zahiriddin Muhammadni olib saroyga qaytishibdi. Bu voqea bir pasda shaharga tarqabdi. «Hazrati oliyning o‘g‘illari yo‘lbars bilan olishib, uni yengibdi»,— degan xabarni yetti yoshdan yetmish yoshgacha eshitibdi. Hamma hayratdan yoqasini ushlabdi.

Shundan keyin bolaning asli nomi Zahiriddin Muhammad yoniga Bobur, ya’ni yo‘lbars laqabini qo‘shib aytadigan bo‘libdilar. Bobur yo‘lbars bolalari bilan inoq o‘sib ulg‘ayibdi. Jamiki maxluq, hatto vahshiy hayvonlar shohi yo‘lbarsdan ham qo‘rqmaydigan botir va dovyurak kishi bo‘lib yetishibdi.

«Allomalar ibrati» kitobidan

SHARE