Vatanni suymak

Abdulla AVLONIY

Vatan. Har bir kishining tug‘ilib o‘sgan shahar va mamlakatini shu kishining vatani deyiladi. Har kim tug‘ilgan, o‘sgan yerini jonidan ortiq suyadi. Hatto bu Vatan hissi-tuyg‘usi hayvonlarda ham bor. Agar bir hayvon o‘z vatanidan – uyuridan ayrilsa, o‘z yeridagi kabi rohat-rohat yashamay, maishati talx bo‘lib, har vaqt dilining bir go‘ shasida o‘z vatanining muhabbati turadi.

Biz turkistonliklar o‘z Vatanimizni jonimizdan ortiq suyganimiz kabi, arablar Arabistonlarini, qumlik, issig‘ cho‘llarini, eskimoslar shimol taraflarini, eng sovuq qor va muzlik yerlarini boshqa yerlardan ziyoda suyadilar. Agar suymasalar edi, havosi yaxshi, tiriklik oson yerlarga o‘z vatanlarini tashlab hijrat qilardi.

Bobolarimiz «Kishi yurtida sulton bo‘lguncha, o‘z yurtingda cho‘pon bo‘l», – demishlar.

Men ayblik emas, ey vatanim, tog‘larim,

Bevaqt tashlab ketdim, oyo, bog‘larim.

Hijron qilodur meni judolig‘,

Do‘ndi g‘ama ro‘z-u shab-u chog‘larim.

Hammaga ma’lumdurki, eng muqaddas diniy yerimiz bo‘lgan Arabistonga bog‘larini, hovlilarini sotub hijrat qilgan hojilari­mizning aksari yana o‘z vatanlariga qaytub keladilar. Buning sababi, ya’ni bularni tortib ketgan quvvat o‘z Vatanlarining, tup­roqlarining mehr-u mahabbatidir. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Hubbul – vatani minal imoni – vatanni suymak imondandur», – demishlar (zaif hadis).

Vatan, vatan deya jonim tanimdan o‘lsa ravon,

Manga na g‘am, qolur avlodima uy-u vatanim.

G‘uborga do‘nsa g‘amim yo‘q vujud zeri vahm,

Charoki o‘z vatanim hokidur go‘r-u kafanim.

Tug‘ib o‘sgan yerim ushbu vatan vujudim xok,

O‘lursa aslina roje’ bo‘lurmi man g‘amnok?

“Turkiy Guliston yoxud Axloq” kitobidan

SHARE