Yurakdagi Buxoro

Ilgarilari Buxoroni ermakka — tomosha uchun tomosha qilardik. Kun o‘tdi, yil o‘tdi, nomim shu ulug‘ zaminning nomiga tutashligini his etgan onimdan boshlab vujudimni dahshatli bir qo‘rquv egalladi: Buxoroni tomosha qilish mumkin emas! Farzand tomoshabin, yurt esa hech qachon saylgoh bo‘lmas ekan… Har gal Buxoro ko‘chalariga yo‘lim tushsa, shahodat kalimasini takrorlab, tangri ato etgan yurtimda gunohlarimdan kechishini, g‘ofil farzandiga g‘oyibdan kuch-quvvat, mehr, sodiqlik, muruvvat baxsh etishini so‘rayman. Ilinj bilan kutganim — ishonganim Buxoro tuprog‘ida, nuragan naqshlar qatida pinhon. Bilaman, u sir-asrorini, shon-shavkatini, bor haqiqatu yuzini qachondir, kimgadir ochadi, ishonaman…

Shaharlarning raqibi yo‘q, ammo ularning bag‘rida qo‘rqoq va sotqin, manfaat gadolari bo‘lmish xushomadga moyil, qullikka tashna egri qadlar hamisha davru davron surib yashagan. Imon-e’tiqod shahri, nur shahri bo‘lmish Buxoro ham bundaylardan xoli emas edi. Sir emas, tafakkur, aqlu-hush, ko‘z, qo‘l va oyoq nasib etgan biz farzandlar FAXRdan tonib, qo‘limizga tosh tushsa, birinchi bo‘lib moziyga, moziyning yoqut ko‘zi Buxoroga otdik. Tosh otish uzoq davom etdi.

Buxoro to‘ntarishi, zo‘ravonlik, qizil qo‘shinning bosqini, amir Sayyid Olimxonning shaxsi, xazinasi, uning Moskovda bir umr tutqunlikda ushlangan uch o‘g‘li taqdiri — bular bari taqiqlangan mavzu edi. Dunyoda o‘z tarixingni bilmaslikdan og‘irroq jazo bormi? Buning ustiga avlodu ajdodlaring, yaqin kechmish senga dushman qiyofasida tasvirlansa, o‘rgatilsa…

Har gal xalqimiz tarixining og‘irkarvon, qudratli, ilm-ma’rifatli musulmon dunyosining toji Buxoro poyiga sig‘inib boraman. U esa jim — gapirmaydi. Uning yaralangan yuragiga tosh osilgan, botmon-botmon tosh! Nuragan, sho‘r bosgan nomozgohlar, madrasayu xonqohlar, darvozayu devorlar, saroylar og‘ir judolik, yo‘qotishlardan xuddi gung bo‘lib qolgandek. Tushunaman: odam chidolmagan achchiq qismatga Buxoro chidadi.

… 1924-yilning 1-avgustida Buxoro xalq sho‘ro jumhuriyatining Moskvadagi vakolatxonasida muxtor vakil Abdurahim Yusufzoda bilan professor M.Y. Ginzburg o‘rtasida Buxoroning tarixiy va madaniy yodgorliklaringni ko‘rikdan o‘tkazish, ilmiy ro‘yxatga olish, qulayotgan yodgorliklariga nisbatan kechiktirib bo‘lmas ta’mirlash tadbirlari rejasini ishlab chiqish va qator loyihalar tuzish haqida shartnoma tuzilib, imzolangan edi. Ha EDI! EDI bu, bir paytlar — o‘tgan zamon va o‘tgan va’dalarning syrati, shakli. Biz ba’dalar beraverdik, ertaklar to‘qiyverdik, charchamadik. Chunki va’daga, aldovga, sabrga o‘rgangan, ko‘nikkan ei edik. Bizni xiyonat — sotdi, zo‘ravonlik — qul qildi, ayriliq, umid, ozodlikka tashnalik — ko‘kartirdi, bor qildi.

Nihoyat, nihoyat biz kutgan Ozodlik yurtimizga qanot qoqib, uchib keldi. Bugun minoralar uzra, gumbazlar uzra va’da emas, Ozodlik quyoshi porlamoqda. Bugun senga kimdir qo‘l, kimdir ko‘z bo‘lgisi keladi. Hammasiga imkon otlig‘ mezon borki, vatandin o‘zga yor o‘lmas!

Ollohga ming shukrlarkim, endi biz Buxoro to‘ntarishini Buxoro inqilobi deb yozmaymiz, yolg‘on shakl, yolg‘on mazmun bilan farzandlarimizni aldamaymiz. Qismatning og‘ir yukini yelkalab xorijga ketgan farzandlaringni Vatan xoini deb nomlamaymiz. Seni men emas, Istiqlol topdi. Uzilgan qadamlar, yurakda qotgan armonlar o‘z go‘shasini tark etib, sen tomon oqmoqda. Ey, bobo yurtim, ota yurtim Buxoro! Eshit! Bugun  seni qutlash niyatida farzandlaring  sen tomon shamoldek yelmoqda.

Sobiq Buxoro amiri Sayyid Olimxon avlodlari hamda u kishining farzandlari — Sayyid Ibrohim Olimxon o‘gli, Sayyidrahim Rahimxon Olimxon o‘gli, Sayyid Xodixon Olimxon o‘gli, Sayyid Ibod Olimxon o‘gli, Sayyid Kabir Olimxon o‘gli, Sayyid Mansur Olimxon o‘gli, Sayyid Hoji Olimxon o‘gli, Sayyid Rauf Olimxon o‘gli  nomidan Turkiyaning  G‘oziantep shahridan yozilgan maktubda, xususan, shunday deyiladi:

“…Bundan 73 yil muqaddam, 1920-yilning 1-sentabrida taqdir bizning otamiz Buxoro amiri Sayyid Olimxonni Vatanni tark etishga, din va ilm diyorini bosqinchilar qo‘liga qoldirib ketishga majbur qilgan edi. Shundan keyin padari buzrukvorimiz ham, xonadonimiz a’zolari ham, bizga hamroh bo‘lgan vatandoshlarimiz ham bir orzu bilan yashadik: Vatan ozodligini ko‘rish. Bu orzu yo‘lida jismimiz, tilimiz, dilimiz kurashi bir on ham to‘xtagan emas. Ko‘plab qurbonlar berildi. Bu kunlarga yetmaganlar intig‘u ilhaqlikda foniy dunyodan ravona bo‘ldilar. Bugungu O‘zbekiston ahli qatori ana shu  davrni ko‘rish bizga nasib ettikim, yaratganga hamdu sanolar aytamiz.

Ilohim, Vatan uzra erk quyoshi muqim porlagay!”

Otani boladan, bolani otadan ayirgan tuzum – davrning kulfatini chekish nechog‘li og‘ir. Xorijda tavallud topib, Vatan sog‘inchida yashagan, yashayotgan vatandoshlar, Vatan ozodligidek buyuk baxtni intiqlik bilan kutgan avlodlar uchun Vatan tomondan ham samimiy chorlov yangradi.

Ana shular bois Buxoro amiri Olimxonning uch o‘g‘li — Sayyid Umarxon, Sayyid Kabirxon va Sayyidmuhammad Ibrohim ota yurtga tashrif buyurdilar. Ular Karmanada bobolari Abdulahadxon qabrini ziyorat qilishdi. Buxoroni tavof qilib, Toshkentga qaytishdi.

“Oy-kunlar suvday o‘tadi”, deydilar. To‘g‘ri, kimningdir nazdida shundaydir. Lekin… Amir Olimxonning xorijda tug‘ilgan farzandlari uchun  ota qismatidek murakkab, chalkash, oxiri umidsizlik bilan tugaydigan imkonsiz yo‘llar taxlanib yotadi. Ushbu oila fojeasini dunyodagi hech bir oila bilan qiyoslash mumkin emas. Farzandlar yurtdan zo‘rlik bilan quvilishdek qismatni ko‘tarib o‘tgan ota armonlarini juda erta angladilar. Ular amirzoda bo‘lsalarda, bolalikdanoq aldov va qizil imperiyaning nohaq zulmini tortdilar. Qator mahrumliklar iskanjasida ulg‘aydilar. Ularning ham yurti — Vatani bor edi. Xeshu aqrabo, yaqinlar, muhimi, ozodlikdek eng buyuk imkonning bag‘rida yashashi mumkin edi, ular. Lekin, o‘tgan va o‘tayotgan yillar — vaqt guvohlik beradiki, bunday bo‘lmadi, yo‘q…

Rajabboy RAUPOV.

TAHRIRIYAT MA’LUMOTNOMASI:

Rajabboy RAUPOV —  taniqli yozuvchi va jurnalist. O‘zbekistonda o‘nlab ki­toblari chop etilgan. “Yurakdagi Buxoro” uning Vatan va uning taqdiri haqidagi yodnomasidir. Biz ham uni ba’zi bir juz’iy qisqartishlar bilan gazetxonlari­mizga ilindik.

SHARE