Meni olib keting o’z diyorimga

Abdulla Oripov haqida so‘z ketganda, o‘zbek she’riyatida inson qalbidagi murakkablik va ziddiyatlarni teran, haqqoniy, o‘ziga xos betakror kuylagan ulkan ijodkor ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Abdulla Oripov hozirgi o‘zbek she’riyatiga yangicha badiiy tafakkur yo‘sinlarini olib kirdi. U tub mohiyati bilan Yassaviy, Navoiy, Bobur, Cho‘lpon, G‘afur G‘ulom singari ijodkorlar badiiy an’analarining davomchisidir. Shoirning butkul ijodi milliylik ruhi bilan sug‘orilgan.

Abdulla Oripovning birinchi she’riy to‘plami “Mitti yulduz” 1965 yilda chop etildi. Ke­yinchalik shoirning ”Ko‘zlarim yo‘ligda” (1966), “Onajon” (1969), “Chashma”, “Ruhim” (1971), “O‘zbekiston” (1972), “Hayrat” (1974), “Yurtim shamoli” (1976), “Yillar armoni” (1984), “Ishonch ko‘priklari” (1989), “Munojot” (1992), “Haj daftari” (1995), “Saylanma” (1996), “Asarlar” (4 tomlik – 2001) singari she’riy kitoblari nashr qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining madhiyasi Abdulla Oripov so‘zi bilan aytiladi.

Millat ma’naviyati va estetik tafakkurini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun shoir Abdulla Oripov ijodkorlar orasida birinchi bo‘lib, 1998 yilda “O‘zbekiston Qahramoni” degan yuksak unvonga sazovor bo‘ldi.

O‘zbek xalqining sevimli farzandi erta-indin muborak 70 yoshga to‘ladi. “Vatandosh” gazetasi jamoasi ham ulug‘ shoirimizga sihat-salomat­lik, ijodiy bardamlik tilab qoladi va shoirning ijozati bilan mushtariylarga yning turli yillarda yaratilgan dilbar she’rlaridan namunalar beradi.

 

MENI OLIB KETING

Tinch edi hamma yoq, tinch edi har yon,

Titradi go‘yoki yer bilan osmon.

Boshimga xastalik tushdi nogahon,

Meni olib keting o‘z diyorimga.

 

Issiq jon, deydilar, jon bo‘lsa bo‘lar,

Payt kelsa chechak ham sarg‘ayar, so‘lar.

Kim bilgay paymonang qay yerda to‘lar,

Meni olib keting o‘z diyorimga.

 

Ginam bor bu yurtning na havosidan,

Mehribon doktorning na davosidan.

Qaytarmang xastani muddaosidan,

Meni olib keting o‘z diyorimga.

 

Sha’nimga g‘ayurlar bir so‘z demasin,

Har kim o‘zi tortar umr kemasin.

Hech kimni mushtoqlik dardi yemasin,

Meni olib keting o‘z diyorimga.

 

Talpingan diyorim, u – O‘zbekiston!

Sehrini aytishga bormi hech imkon!

Yo‘q, o‘zga yurtlarda berolmasman jon,

Meni olib keting o‘z diyorimga.

1981, Moskva

 

HAYRONLIK

 

Chindan g‘alat erur dunyo ishlari,

Miyang g‘ovlab ketar o‘ylagan sari,

Diyonat, xiyonat aralash bari,

Boqib bu savdoga, hayron o‘tdik biz.

 

Ko‘rdik inson fe’lin o‘ru qirini,

Baham ko‘risharlar avval sirini.

So‘ngra nimta qilar biri birini,

Boqib bu savdoga, hayron o‘tdik biz.

 

Goho sendan aziz ostingda oting,

Goh bir g‘alamisga bog‘liq hayoting,

Yaxshiyam qatorda bordir bayoting,

Boqib bu savdoga, hayron o‘tdik biz.

 

Sen deysan, dilim pok, rashkdan yiroqman,

Sen unding, men esa hanuz tuproqman.

Yo‘q, do‘stim, men sendan bechoraroqman,

Boqib bu savdoga, hayron o‘tdik biz.

 

Ne qilay, yomonga o‘qiymi la’nat,

Yo shodon qo‘shiqlar aytaymi faqat.

Birovda mehr mo‘l, birovda nafrat,

Boqib bu savdoga, hayron o‘tdik biz.

Har qalay baxtlimiz – tirikmiz magar,

Qolgan gaplar esa o‘tarda ketar.

Bamisli karnayga ishqi tushgan kar,

Boqib bu savdoga, hayron o‘tdik biz.

1982

 

ARSLON CHORLAGANDI…

Erkin Vohidovga

Biz ham yuksaklarga tikkandik ko‘zni,

Bizda ham bor edi matonat, bardosh.

Arslon chorlagandi qoshiga bizni,

Lekin qumursqalar bo‘ldi safardosh.

 

Jami tiriklikka tanish shu xatar,

Qumursqa yaralgan yoppa talarga.

Do‘stim, alam qilar, arslon bexabar,

Yem bo‘lib ketsak shu qumursqalarga.

1982

 

BOBUR

Men-ku, oddiy odam,

Shundoq bo‘lsa ham

Shukr, bas, degancha g‘animlarim bor.

Shart emas ularga ta’rif chinakam,

Biri jununsifat, birovi hushyor.

 

Biroviga yoqmas jindek jur’atim,

Biroviga yoqmas men yurgan yo‘lak.

Nogoh biror joyda chiqsa suvratim

Biri uxlay olmay qiynalsa kerak.

 

Biz shunday o‘tamiz,

Ya’ni kun ko‘rib…

Maydagina kuchsiz, maydagina zo‘r.

Hayotning mana shu burjidan turib,

Men Sizni o‘yladim, hazrati Bobur.

 

Siz – zobit, dastini cho‘zgan dunyoga,

Siz – shoir, mangu bir alanga yoqqan.

Nainki bandalar, Sizning siymoga

Ne-ne saltanatlar kek bilan boqqan.

 

Bahodirlik ichra yor Sizga Humoy,

Siz ulug‘ zotlarning izin bosgan er.

Nazmiy sajdagohda Sizga, hoynahoy,

Imomlikka o‘tgay faqat Alisher.

 

Ha, yolg‘iz she’r qoldi, boshqasi, abas,

Yetti iqlim aro doston naqlingiz.

Ne baxt, parchin bo‘lib toj degan qafas,

Bizga yetib keldi olmos aqlingiz.

 

Ayting, ne topdingiz Siz kezib dunyo,

Hanuz boqisharlar sho‘rishga to‘lib.

Shoirsiz, yaxshisi, qolingiz, Mirzo,

Mushfiq yurtingizda bir shoir bo‘lib.

1983

 

TUNISLIK BOLA

Rimda Tunisdan ish axtarib kelgan bir o‘spirinni ustidan benzin quyib yoqib yubordilar

Afsus, razolatga botdi bu ochun,

Aybni yaratganga to‘nkamoq nechun.

Senga o‘t qo‘ydilar bir ermak uchun,

Rimga nega kelding tunislik bola?

 

Bilaman, sen uchun parcha non qahat,

Zamin mozor bo‘lsa, Afrika lahad.

O‘t qo‘ysa, o‘t qo‘ysin o‘z eling faqat,

Rimga nega kelding tunislik bola?

 

Bu shundoq manzilki, do‘stni yovlaydi,

Ota o‘z farzandin avrab tovlaydi.

Bu yurtning sayyodi odam ovlaydi,

Rimga nega kelding tunislik bola?

 

Shundoq holga kelmish qadimiy Lotin,

Bulg‘alar sharafin, bulg‘alar zotin,

Chumolicha ko‘rmas odam hayotin,

Rimga nega kelding tunislik bola?

 

Ha, olov ostida butkul yer yuzi,

Tutunga to‘lmoqda odamzod ko‘zi,

Yonib ketmasaydi zaminning o‘zi,

Rimga nega kelding tunislik bola?

1984

SHARE