Hadislardan yod olamiz

ENG YAXSHI ISH

Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu  alayhi vasallam – payg‘ambarimizning nomlari eslanganda shunday deyiladi. Ma’nosi: U kishiga Allohning salovoti va salomi bo‘lsin!)dan:

— Islomda qaysi ish eng yaxshi sanaladi? — deb so‘rashibdi.

— Ochlarga taom, tanish-notanishlarga salom, — deb javob beribdilar Payg‘ambarimiz (s.a.v.).

ENG YOMON ISH

— Dunyoda eng yomon hamda qutulib ketishning iloji yo‘q ish nima? — deb so‘rashibdi.

— Nohaq qon to‘kilishi, — deb javob beribdilar Payg‘ambarimiz (s.a.v.).

MA’QUL ISH

— Odamlar bir-biri bilan aytishib, san-manga borib qolsa nima bo‘ladi? — deb so‘rashibdi.

— Musulmonlar bir-birlari bilan uch kundan ortiq arazlab, gina saqlab, gaplashmay yurishi mumkin emas.

Shunday paytda ularning qaysi biri avval salomlashgan bo‘lsa, o‘shaning ishi ma’qulroq sanaladi, — deb javob beribdilar Payg‘ambarimiz.

(Ushbu hadislarni bobomiz al-Buxoriy rivoyat qilganlar.)

SHARE