O’zbek adabiyotining Amerikadagi tadqiqi va tashviqi

XX asrning birinchi yarmida sho‘ro totalitar siyosati milliy fikrsizlikni kuchaytirish maqsadida bir necha avlodning eng salohiyatli farzandlarini yo‘q qildi. Natijada, tarixni harakatga keltiruvchi ulug‘ shaxslardan xoli ommaviy jarayon milliy tafakkurdagi qo‘rquv va tobelik asosiga qurildi. Biroq, o‘sha suronli yillarda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Sulaymonqul o‘g‘li Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy kabi ma’rifatparvar jadidlarning ma’naviy qiyofasi, dunyoqarashi muayyan darajada ijtimoiy muhitga nisbatan isyon tarzida shakllandi, milliy mentalitetni asrashga bo‘lgan kuchli intilishlar sifatida sinovdan o‘tdi.

XX asrning birinchi choragiga oid ijtimoiy-estetik fikr-qarash va tuyg‘u-kechinmalar aks etgan badiiy ijod namunalarida senzura, tahdid, shafqatsiz qatag‘onlar sabab xalq va millat taqdiri muammolarini  ikki fikrlilik, niqoblash vositasida tahlil qilish yozuvchilarning muhim ijodiy printsipga  aylandi. Aytish mumkinki, o‘tgan asrning 90-yillarigacha yaratilgan  eng sara badiiy asarlar milliy tiklanish g‘oyasining badiiy ifodasi sifatida millatning o‘z taqdirini belgilashida muhim rol o‘ynagan.

Shunisi e’tiborga loyiqki, XX asrning birinchi choragi va 90-yillarga  oid ijtimoiy-estetik fikr-qarash va tuyg‘u-kechinmalar aks etgan badiiy ijod namunalari, o‘zbek olimlari qatorida xorijlik tadqiqotchilarni ham o‘ziga jalb etdi.  Edvort Olvort, David Montgomeri, Ilza Sirtautas, Villiyam  Fierman, Eden Nabi, Adib Xolid, Xristofor Myurfi, Roberta (Mariya) Maykllef, Shon Lions, Ag‘ir Ahmet, Reychel Harrel, Inderbog Baldauf, Zigrid Klaymixel, Masimo Baldasi, Xarlod Battersbi, Akiner Shirin, Nik Megoran, Mark Ris, Stefan Dudoignon, I. Sergeev,  Boymirza Hayit, Xisao Komatsu, Temur Xo‘ja o‘g‘li, Xalim Kara va yana ko‘plab Amerika, Angliya, Germaniya, Frantsiya, Italiya, Shvetsariya, Rossiya, Yaponiya, Turkiya olimlari mazkur jarayonda faol ishtirok etib, Turkiston xalqlari tarixi, adabiyoti va  adabiy siyosati talqiniga bag‘ishlangan tadqiqotlar yaratdi. O‘zbek adabiyoti namunalari ushbu tadqiqotchilar tomonidan  ingliz, fransuz, nemis, rus, yapon va turk tillariga tarjima qilindi.

XX asr o‘zbek adabiyotining xorijdagi tadqiqiga bag‘ishlangan manbalarni o‘rganish jarayonida  Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston xalqlari hayoti, tarixi, madaniyati va adabiyotiga bo‘lgan qiziqish, uni targ‘ib qilish, mazkur tadqiqotlarni moliyaviy jihatdan qo‘llab quvvatlash, universitetlarda “Markaziy Osiyoni o‘rganish” bo‘limlarini yanada ko‘paytirishga xayrixohlik holatlari Amerikada keng tarqalganligi va   ushbu jarayon boshqa g‘arb mamlakatlariga nisbatan izchil sur’atda davom etib kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Amerika o‘zbekshunoslarining 50-70-yillar oralig‘ida olib borgan izlanishlarida asosiy e’tibor Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy  jarayonlarni tadqiq etishga qaratilgan bo‘lib, bu  tadqiqotlarda o‘rganiladigan mavzuga sub’ektiv munosabat, siyosiy yondashish tendentsiyasi yetakchilik qilgan.

Keyingi davr (70-90-yillar)da  yaratilgan tadqiqotlarda esa badiiy asardagi ijtimoiy-g‘oyaviy, badiiy jihatlar sinkretizm nuqtai nazaridan o‘rganilganligi kuzatiladi. Ayni yillarda yaratilgan ilmiy asarlarda adabiyotning spetsifikasiga har tomonlama yondashish bilan birga ta’lim-tarbiyaning rivojlanishida madaniy an’analarning o‘rni masalalari  atroflicha  tadqiq qilindi. Ilmiy mezonlar nisbatan chuqurlashganligi, badiiy asarlardagi  qahramonlarga obraz va xarakter sifatida yondashish kuchayganligini alohida ta’kidlash lozim.

Mustaqillikdan keyin yaratilgan tadqiqotlarda nisbatan ob’ektiv fikrlash qaror topdi. Oldingi davrdagi kabi fikriy qaytariqlar deyarli uchramaydi. Bitta tadqiqot ob’ektini atroflicha, har jihatdan  tadqiq etish an’anasi yetakchi o‘rinni egallagan holda qo‘yilgan masalaga analitik yondashish kuzatiladi. O‘zbek so‘z san’ati namunalarini adabiyotshunosligimizda nisbatan kam o‘rganilgan nazariyalar asosida tadqiq qilinishi xorij, xususan Amerika olimlari  tadqiqotlaridagi individual konseptsiyalar qiymatini belgilaydi.

Xususan, amerikalik olimlardan biri Edvort Olvort o‘zining 60 yildan ortiq  umrini o‘zbek so‘z san’atini dunyoga targ‘ib qilish uchun safarbar etdi. Olim “Padarkush” – “The Patricide” (M.Behbudiy), “Qiyomat” – “The Judgment Day”, “Bedil. Bir majlisda” – “Bedil. In one Session”, “Shaytonning tangriga isyoni” – “Satan’s Mutiny against the Lord” (Fitrat) asarlarini tahlil  va birlamchi manbalar asosida tarjima qilish orqali mualliflarning XX asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy-madaniy  muhitdagi intellektual  salohiyati, o‘zbek adabiyoti tarixining rivojlanishidagi o‘rnini o‘ziga xos tadqiq metodlari vositasida nafaqat xorij, balki o‘zbek kitobxonlariga ham namoyish etdi.

Xristofor Myurfi, Adib Xolid, Roberta M. Maykellef, Shon Lions,  Reychel Harrel kabi keyingi avlod vakillari qarashlarida ham o‘zbek jadid asarlaridagi maqsadlar, uning estetik ideali masalalari to‘g‘ri ochib beriladi. Roberta Mariya Oybek, Oydin Sobirova, Hamid Olimjon, Zulfiya, Asqad Muxtor, Erkin Vohidov she’rlaridan namunalarni ingliz tiliga tarjima qilib, mazkur o‘girmalardagi ko‘p ma’noli voqelik asosida O‘zbekistonda milliy uyg‘onish va ma’naviy-ruhiy tiklanish jarayonlari tadrijiy tarzda kechganligini isbotlashga harakat qilgan.

Zamonaviy o‘zbek adabiyotining amerikadagi eng yosh targ‘ibotchilaridan biri, Reychel Harrel Bilisining  o‘zbek adabiyoti, she’riyatiga  muhabbati uning tarjimalari va tahlillarida aks etgan. Reychel tadqiqotining  bir qismi o‘zbek modern she’riyati va uning tarjimalari muammolariga bag‘ishlanadi. Olima modernistlar Faxriyor, Bahrom Ro‘zimuhammad, Go‘zalbegim ijodidan namunalarni inglizchalashtirib, milliy she’riyatimizdagi yangicha yo‘nalishlar va uning ingliz tilidagi talqini muammolari xususida qiziqarli fikrlarni bildirgan.

O‘zbek adabiyotining fransiyalik muxlisi, olim Stefan Dudoignon ilk marotaba Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romanini o‘z ona tiliga to‘liq tarjima qilib, Turkistonning suronli yillarida yaratilgan o‘zbek romanini Fransiyada targ‘ib etilishiga munosib hissa qo‘shdi.

Germaniya, Italiya, Shvetsariya, Yaponiya va  Turkiya olimlarining  bu yo‘nalishdagi tadqiqotlari esa o‘zbek adabiyoti yaxlit jahon adabiyotining bir qismi ekanligini ko‘rsatadi. Bularning barchasi amalga oshirilgan ulkan ishlar qatorida sanalmoqqa haqlidir.

O‘zbek so‘z san’atini dunyo mehvariga olib chiqayotgan xorijlik olim-tarjimonlarning barcha ishlarini ushbu kichik maqolada aks ettirish, tahlil va tadqiq etish  imkondan xorij masala. Biz o‘zbek madaniyati, mentaliteti va urf odatlarini boshqa bir millat vakillariga tanitayotgan, o‘z umrlarini mana shu zahmatli ishlarga safarbar etgan xorijlik hamkasabalarning bu  yo‘ldagi mashaqqatli xizmatlarini  qadrlaymiz. Zero tarjima xalqlar o‘rtasidagi umumbashariy g‘oyalarning tarqalishiga xizmat qilishi bilan birga millatning badiiy san’at durdonalarini dunyoga namoyon qiladi. Millatlar, xalqlar, elatlarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Jahon madaniyati, ayniqsa, so‘z san’ati yuksalishiga xizmat qiladi.

Xorij olimlarining mazkur yo‘nalishdagi tadqiqotlari, avvalo, madaniyatimiz va adabiyotimizning xalqaro maydonda o‘ziga xos mavqei borligini isbot etsa, ikkinchi jihatdan, ajdodlardan qolgan betakror  meros xorijlik olimlarni ham e’tiborsiz qodirmayotanligi ko‘nglingda sharaf va g‘urur uyg‘otadi.

Zulxumor MIRZAYEVA,

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining

Til va adabiyot instituti doktoranti

TAHRIRIYAT MA’LUMOTNOMASI: Zulxumor Mirzayeva – 1976 yil Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida tug‘ilgan. 1994 yil Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) ning o‘zbek filologiyasi fakultetiga qabul qilingan. Universitetni imtiyozli diplom bilan tamomlab, mazkur fakultetning aspirantura bo‘limiga o‘qishga kirgan. 2007 yilda “O‘zbek jadid adabiyotining Amerikada o‘rganilishi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. Hozirda O‘zbekiston fanlar akademiyasi  Til va adabiyot instituti doktoranti.

SHARE