Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor

Assalomu alaykum, O‘zbekistonning zil-zambil sog‘inchini ortmoqlab yashayotgan muhtaram yurtdoshlar! Bugun biz Amerika tarixida, ehtimol, birinchi bor, kundalik gazeta orqali o‘zbekona lutfi karam va o‘zbekcha lahjai kalom bilan Siz azizlar qarshisida yuzma-yuz turganimizdan baxtiyormiz.

Bu “sehrli diyor” zaminida turib, endi siz bilan sof o‘zbekcha zabonda gaplashamiz. Gazeta sahifalari orqali chordona qurib gurunglashamiz,  dunyo xabarlari, O‘zbekistonda bo‘layotgan yangiliklar, o‘z quvonchlarimiz va tashvishlarimiz xususida bir piyola choy ustida suhbat quramiz.

“Vatandosh” gazetasi, nasib qilsa, O‘zbekistonning Amerika zaminidagi ilk qaldirg‘ochi bo‘ladi. Qaldirg‘och – bahor elchisi, bo‘lgani kabi, gazetamiz ham Dillar, Tillar, va alaloqibat, Ellar elchisiga aylanishiga shak-shubha yo‘q.

Bugungi kunda Amerika Qo‘shma Shtatlarida yuzlab ommaviy axborot vositalari chop etiladi. Xitoy, arab, turk, ivrit va boshqa o‘nlab tillarda nashr etilayotgan gazetalarni, tabiiyki, ushbu tilni biladigan, aniqrog‘i mazkur millatga mansub kishilargina mutolaa qilishadi. Ularda AQSH    hayoti bilan birgalikda o‘sha mamlakatga doir axborot va maqolalar beriladi. Bu, garchand kam sonli bo‘lsa-da, shu diyorda istiqomat qilayotgan insonlarga ham ma’naviy, ham ruhiy jihatdan katta madad bo‘lmoqda.

Biz “Vatandosh” gazetasini tashkil etish asnosida mo‘jaz jamoamiz bilan uning kelajagi haqida ancha bosh qotirdik. Shu yerdagi va O‘zbekistondagi ziyoliylar bilan maslahatlashdik. Yangi nashrning minimum va maksimum loyiha dasturlari ishlab chiqildi. Uni ko‘pchilik qo‘llab-quvvatladi va har jihatdan ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini izhor etishdi.

Shunday qilib, ajdodlarimizning nazari tushgan bo‘lsa-da, qadami yetmagan, ammo avlodlari ularning ezgu niyatlarini amalga oshirayotgan uzoq bir diyorda sof o‘zbek tilida yangi qaldirg‘och nashr – “Vatandosh” tavallud topayotir. Tabiiyki, u, eng avvalo, O‘zbekistondan kuch-quvvat oladi va qaddini rostlaydi.

O‘zbeklarda “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, degan ibratli maqol bor. “Vatandosh” ham tetapoya bo‘la boshlagan davrda, unga Siz azizlardan madad va umidbaxsh tayanch kerak! Bu sizning gazetaga o‘z maqola va takliflaringiz bilan muntazam qatnashib turishingizda, unga moddiy va ma’naviy ko‘maklashishingizda zohir bo‘ladi.

To‘g‘ri, dastlab “O‘zga yurtda gazeta ochish zarurmi?” degan savollar ham o‘rtaga tashlandi. Bu savol bizga “Inson xorijda ovqatlanishi shartmi?” degan iborani eslatadi. Ovqat insonning moddiy va jismoniy quvvat olish manbayi bo‘lsa, gazeta uning ma’naviy va ruhiy sarchashmasidir. Buyuk adiblarning aksariyati, garchand boshqa tillarni mukammal bilsa-da, faqat o‘z ona tillarida ijod qiladi. Ularning asarlari tarjimasi, istaymizmi-yo‘qmi, asl manbasiday tiniq va jozibador bo‘lmaydi. Shu tufayli har bir insonda aynan o‘z ona tilida axborot olish ehtiyoji ustuvor o‘rinda turadi. Qolaversa, bu gazeta ikki mamlakat o‘rtasida ijtimoiy-ma’rifiy, ma’naviy-axloqiy aloqalarni mustahkamlashda ham asosiy ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi. “Vatandosh” ota-onasi, yoru-birodarlari – bus-butun O‘zbekistonni sog‘inganlarning dardiga hechqursa bir tomchi malham bo‘lib quyilishiga ishonamiz.

“Vatandosh” — oldi-qochdi, ur-yiqit, to‘s-to‘polon kabi shov-shuvlardan xoli, bevosita va bilvosita ijtimoiy-ma’rifiy, badiiy-uslubiy yo‘nalishdagi gazeta bo‘ladi.  Gazetxonlarimizning, biz bilan hamkorlik qiluvchi mualliflarimizning yoshi, jinsi, ma’lumoti chegaralanmaydi. O‘zbek xalqining tarixi, buguni, ma’naviy yuksalishlari, ulug‘ darg‘alar haqida hikoyalar, qadriyatlarimizning faqat millatimizgagina xosligi kabi mavzulardagi maqolalar qabul qilinadi va lozim topilsa, rag‘batlantiriladi ham!

Shuningdek, “Vatandosh” o‘zbek tilining sofligi uchun ham kurashadi! Chop etiladigan har bir maqolaning adabiy-badiiy jihatdan puxta bo‘lishiga, til qoidalariga to‘liq rioya etilishiga, alaloqibat, millat savodxonligini ta’minlashga asosiy e’tibor qaratiladi.

“Vatandosh” siyosiy o‘yinlarni yoritmaydi. Aksincha, milliy qadriyatlarimizning badiiy va publitsistik siyosatini yaratadi! Xalqimizga xos va mos ezguliklar, fazilatlar, yaxshi a’mollar, savob ishlar, ma’naviy ne’matlarni guldasta etib, yana xalqning o‘ziga armug‘on etadi.

“Vatandosh”da har bir mushtariy o‘z fikri va e’tiqodini oshkora hamda erkin bayon etish imkoniyati bor. Faqat muallif olgan axborot ishonchli va xolis manbalarga asoslangan bo‘lishi lozim. Shu o‘rinda aytib o‘tishimiz loizimki, gazetamizda milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi axborot va materiallar yoritilishiga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.

Bizning maqsadimiz adovat emas, adolatdir!

Bizning yo‘limiz egrilik emas, to‘g‘rilikdir!

Ommaviy axborot vositalari bugun nafaqat ma’naviy-ma’rifiy tarbiya o‘chogi, balki katta biznes quroli hamdir. Shu jihatdan “Vatandosh”, eng avvalo, Amerikadagi o‘zbek sarmoyadorlarining, tadbirkor va ishbilarmonlarning eng chaqqon dastyoriga ham aylanadi. Endi ular o‘z mahsulot va xizmatlarini Montana yoxud Texasga borib targ‘ib qilmaydi. Bu borada O‘zbekistonga ham borib-kelishning hojati yo‘q. Qishning qahraton kunlarida ham, yozning jazirama issig‘ida ham bu yumushni “Vatandosh” to‘la o‘z zimmasiga oladi. Ularning mahsulotlariga o‘zbek tili bisotidagi eng shirin-shakar so‘zlar bilan to‘n kiydirilib, xaridorga tortiq etiladi. Yanada aniqroq ta’riflaganda, ular o‘zlarining sohiblariga yangi kelinchaklik saruposida lutfi karam bilan kirib boradilar.

O‘zbekistonning mustaqillikka erishganiga 20 yil bo‘layotir. Shu davr mobaynida tarix tuproqlari tagida qolib ketgan Buyuk ipak yo‘li qaytadan tiklandi. Yangi-yangi avtomobil yo‘llari barpo etilmoqda. Xalqimiz yaratayotgan yangi temir izlarda teplovozlar pishqirib, O‘zbekistonning nomini mag‘ribdan mashriqqa, janubdan shimolga tashimoqda. Bizning niyatimiz ham xolis: bundan ming yil muqaddam Beruniy bobo ilk bora kashf qilgan qit’ada yangi nashr ochish orqali O‘zbekiston istiqloli shabadalarini okeanorti mamlakatlariga olib kelish! Taqdir taqozosi bilan bu yerda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz qalbiga Vatan mujdasini singdirish!

Bugungi kunda O‘zbekistonda mingga yaqin ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Afsuski, Amerikadagi yurtdoshlarimiz Vatandagi bu nashrlarni o‘qiy olishmaydi. Bizning maqsadimiz O‘zbekistondagi yangiliklarni yoritish bilan birga Vatandagi ommaviy axborot vositalari bilan mustahkam aloqa o‘rnatish, Amerikada ham ularni targ‘ib va tashviq etish. Ularda chop etilgan eng sara asarlarni Siz mushtariylar  e’tiboriga havola etish.

Tabiiyki, bu xayrli ishda, siz aziz mushtariylar, bizga ko‘makdosh bo‘lasiz, degan niyatdamiz. Qolaversa, O‘zbekistonning AQShdagi vakolatxonalari, rasmiy va norasmiy idora va tashkilotlari yordamiga ham muhtojmiz.

Yaxshi niyat bilan tashkil etilgan “Vatandosh” gazetasi bilan hamkorlikda ishlayman, o‘z mahsulot va xizmatlarimni ushbu nashrda targ‘ib qilaman, bu yangi nashrning oyoqqa turib olishiga homiylik ko‘rsataman, deganlarga hech qanday moneligimiz yo‘q, eshigimiz Siz azizlar uchun hamisha ochiq!

O‘zbekiston bag‘ri hali dunyo bilmagan siru sinoatlarga boy. Al-Farg‘oniy — al-jabr bo‘lib, madadi Sino – meditsina bo‘lib, bashariyat tafakkuriga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda, odamlarning dardiga shifo, ko‘ziga nur bo‘lmoqda, og‘irini yengil, mushkulini oson qilmoqda. Ulug‘bekning “Ziji Ko‘ragoniy”si hali-hanuz jumlai kahkashonni nurafshon etayotgani tarixga ayon!     Jahondagi yetti mo‘jizadan biri hisoblanmish “Tojmahal”ni bunyod etgan Boburzodalar salohiyatiga dunyo tahsin o‘qimoqda. Samarqanddagi tarixiy obidalar, Xiva mo‘jizasi, Buxoro minorlari, Oqsaroyu  Ko‘ksaroylarni ko‘rish uchun yetti iqlimdan kelayotgan sayyohlarning adog‘i yo‘q. Shohimardon manzaralari, Chimyon salohiyati, Zomin supasi, Oyqor tog‘larining mahobati, Xonjizza tabobatiga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Bugungi kunda ham o‘z intilishi-yu iste’dodi bilan ilmi adabda, musiqayu jo‘g‘rofiyada, handasa-yu, aljabrda dunyo olimlarining so‘lagini oqizayotgan yoshlarimiz serobdir!

“Vatandosh”  gazetasi ulug‘ o‘zbek xalqining ana shunday o‘tmishi, buguni va ertasi haqidagi hikoyalarga boy bo‘ladi. Siz unda Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Anvar Obidjon, Omon Matjon singari shoirlarning yangi she’rlarini mutolaa qilish barobarida bugungi el sevgan san’atkorlar bilan maroqli suhbatlarni o‘qiysiz, buyuk kishilar hayotidan xabardor bo‘lasiz. Xullas, bir nafas bo‘lsa-da o‘zingizni O‘zbekistonda turgandek his etasiz. Shunda Vatan dardi sizning dardingizga aylanadi, Siz chetda turib o‘zingizni shu yurt, shu Vatanga daxldor deb his etasiz. Zero, Vatanga daxldorlikdan ortiq saodat bormi, bu dunyoda?

Aziz gazetxonlarimiz! Muhtaram yurtdoshlarimiz!

Sizni “Vatandosh” gazetasining Amerika diyoridagi nishona soni bilan muborakbod etamiz. Nasib qilsa, siz bilan tez-tez uchrashib turamiz. Siz ham chetda turmaysiz, o‘zingizning shirin so‘zlaringiz, xotira va taassurotlaringiz, taklif va mulohazalaringiz bilan gazeta sahifalarida qatnashib turasiz, degan umiddamiz. Xalqimizda “Hashar elga yarashar”, degan naql bor. O‘z ishtirokingiz bilan bizga moddiy va ma’naviy jihatdan ko‘maklashishingiz gazetamizning yanada mazmunli bo‘lishi uchun xizmat qilishi, shubhasiz.

Alisher AYMATLI

SHARE