Halollik

Xalqimizda birovning haqi, unga ko‘z olaytirmaslikka oid juda ko‘p rivoyatlar, hikoyatlar, naql va matallar bor. Darhaqiqat, harom luqma bizday pokiza, andishali va or-nomusli millatga hech qachon botmagan. Shu tufayli bobolarimiz va momolarimiz  o‘zganing nasibasi, rizqi va qolaversa, birovning luqmasidan hazar qilishgan. Hatto bunday ishni qilishni farzandlariga ham ravo ko‘rishmagan. Emishki, birovning haqi qonni buzarmish…

Abdurahmon o‘tinchi qariganda farzand ko‘rdi. Cholu kampir keksayganda topgan yolg‘iz farzandini yeru ko‘kka ishonmas, o‘zgacha mehr-ardoq bilan tarbiyalardi. Chol har kuni tog‘dan o‘tin tashir, uni shaharda pullab, ro‘zg‘or tebratardi. Farzandli bo‘lgach, Abdurahmon ota ikki hissa g‘ayrat bilan ishlay boshladi. Toki, farzandi zoriqmasin, birovning haqiga ko‘z olaytirmasin, halol luqma taniga singsin. Qolaversa, hademay o‘g‘lining qo‘lini halollash kerak, buning uchun esa elning oldidan o‘tish lozim bo‘ladi. Shu tufayli u ro‘zg‘ordan orttirganini sandiqqa tashlab qo‘ya boshladi. Xullas, to‘y ham o‘tdi, yosh go‘dak ham yigit bo‘ldi. Abdurahmon ota kunlardan bir kun o‘g‘lini chaqirib:

— Endi sen ham katta yigit bo‘lding, uyga qamalib o‘tiraverma, mana, uch-to‘rt tangani olib, shaharga tush, ob-havoni, narx-navoni o‘rgan, odamlarning ichiga kir, elga qo‘shil, — debdi.

Farzand ham otasining gapini ikki qilmabdi, darrov safar anjomini olib, shaharga ravona bo‘libdi.

Ammo oradan to‘rt-besh soat o‘tar-o‘tmas begona bir kishi farzandining qulog‘idan tortib kelayotganmish. Chol bu xabarni eshitib, kovushini oyog‘iga ilar-ilmas, ko‘chaga yugurib chiqibdi.

— O‘, chol, bu sizning o‘g‘lingizmi? — o‘dag‘aylabdi haligi kishi. — Qanaqa farzand tarbiyaladingiz o‘zi, birovning haqi haromligini uqtirmabmidingiz bu o‘g‘ri bachchaga. Men bir meshkobchiman (Ilgarigi zamonlarda suv muzday turishi uchun echkining qornidan mesh tikib, guzarma-guzar sotib yurishgan — A.A). Shu kasbning ortidan ro‘zg‘or tebrataman. Bu bachchag‘ar esa ortimdan kelib, bigiz bilan meshimni teshib suv ichayapti. Suvku hech narsa emas, meshimga ichim achiyapti.

Chol uyatdan boshini ko‘tarolmay, zimdan o‘g‘liga qarabdi. Otasiga ko‘zi tushgan o‘g‘il boshini quyi egibdi. “Demak, hammasi rost, — o‘ylabdi chol. – Nega bunday bo‘ldi, men qayerda xato qildim?”. Chol birdan sergaklanib, uyga yugurib kirib ketibdi va bir xaltachada tanga olib chiqibdi. Meshkobchining rozi-rizoligini olib, haqini beribdi. Va yana qaytib uyga kirib ketibdi. O‘g‘liga hech narsa demabdi ham. U shu kirgancha uch kun uydan chiqmabdi, uch kun o‘ylabdi: qayerda xato qildim?

Ammo o‘ylab o‘yiga yetolmabdi. Shunda savol nazari bilan kampiriga termulibdi. Uch kundirki, kampirining ham rangi zahil, kayfiyati tushkun edi. Oxiri u chidoyolmabdi.

— Meni kechiring chol, — debdi u yig‘lab. — Ayb o‘g‘limizda emas, ayb menda. Mana meni o‘ldiring, mengina gumrohni o‘ldiring. Shu go‘dakkinaga boshim qorong‘iligida bozorga tushdim. Peshtaxtalarda olma-anorlar biram yaltillab turibdiki, chidayolmadim. Bitta anorni ko‘rgan kishi bo‘lib, to‘g‘nog‘ichimni tiqdim va o‘girilib, uni yaladim, anorni esa joyiga qo‘yib qo‘ydim.

Qissadan hissa shuki, anorga qadalgan to‘g‘nog‘ich 18 yildan so‘ng bigiz bo‘lib meshni teshgan ekan. Birovning haqi qirq yildan keyin ham teshib chiqadi, degan naql ana shunday voqealardan keyin aytilgan bo‘lsa kerak, ehtimol.

Nafsi ham, lafzi ham halol, rizqi butun, nasibasi ulug‘ xalqimizdan ayirmasin!

Alisher AYMATLI

ISHLAB TOPGANNING OSHI – LAZZATLI

1. Halol ish — lazzatli yemish.

2. Halol ishla, halol tishla.

3. Halol mehnat yerda qolmas.

4. Halol mehnat — mo‘l daromad.

5. Halol molning qulfi o‘zida bo‘lar.

6. Ko‘ngil tortgan osh — halol.

7. Manglay tering bilan topilgan mol — taningga halol.

8. Oshing halol bo‘lsa, ko‘chada ich.

9. Halol pishib chiqar, harom teshib chiqar.

10. Beli og‘rimaganning non yeyishini ko‘r.

11. Bersang — yeydi, ursang — o‘ladi.

12. Bir dehqon omoch bilan,

Yettovlon cho‘mich bilan.

13. Birovning qo‘li bilan tikan yulish oson.

14. Dili pokning ishi — pok.

15. Dili pokning yo‘li — pok.

16. Yerga boqqan ish qilmas,

Ish qilsa ham, tinch qilmas.

17. Ishlab yegan zog‘orang

Tanangga yog‘dek yoqar.

18. Ishlab topganning oshi — lazzatli.

19. Ishlagan er, tishlab yer.

20. Ishlamay yegan og‘rimay o‘lar.

21. Kambag‘alning puli — peshona teri.

22. Kim ishlaydi, kim tishlaydi.

23. Kishining zari kishini buzar,

Zarni ko‘rgan zanjirini uzar.

24. Oqar suvning haromi yo‘q.

25. Og‘zingdan chiqqan tupruk,

Yerga tushsa, makruh.

26. Og‘iz yesa, ko‘z uyalar.

27. Pora do‘zax eshigini ochar,

O‘zini bilgan undan qochar.

28. Poraxo‘rning tavbasidan qo‘rq,

Mug‘ombirning — yig‘isidan.

29. Tekin go‘shtning suyagi burun yirtar.

30. Tekin yegan — ko‘zga tikan.

31. Tekin yeguncha, ekib ye.

32. Tekin tomoqning ta’mi boshqa,

Yeganlarning boshi qashqa.

33. Tekin tomoqning tikanagi tiqilar.

34. Tekin topgan mol yomon,

Oxiri qo‘ymas omon.

35. Tekin to‘n qimmatga tushar.

36. Tekindan tomoq bo‘lsa,

Qirq kun yotmoq kerak.

37. Tekinning minnati ko‘p,

Mehnatning — ziynati.

38. Tekinxo‘r boyimaydi,

Boyisa ham yuqmaydi.

39. Tekinxo‘r qopib yeydi,

Mehnatkash topib yeydi.

40. Tekinxo‘rga teng kelma, qopadi,

O‘z aybini tekin pulga yopadi.

41. Tikanning zahri yomon,

Tekinxo‘rning qahri yomon.

42. Tomog‘ining yo‘li toza,

Ishi bo‘lar pokiza.

43. Xalq molini yegan halqumidan ilinar.

44. Ekkanda yo‘q,

Tikkanda yo‘q,

Xirmonda hozir.

45. Eldan osh yesang, elga osh ber.

46. Yulg‘ich yulib to‘ymaydi,

Qirg‘ich qirib qo‘ymaydi.

47. Mehnatingni halol qilsang,

Huzurini ko‘rasan.

48. Harom ish tez qaritar.

49. Harom haromni chaqirar.

50. Haromdan kelgan haromga ketar.

51. Haromdan ming tanga,

Haloldan bir tanga.

SHARE