Biometrik pasport nima va uni qanday olish mumkin?

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti – bu mamlakatimiz hududida va tashqarisida uning egasining fuqaroligi va shaxsini tasdiqlovchi asosiy hujjat hisoblanadi. Ushbu hujjat fuqaroning o‘z mamlakati, xalqi taqdiriga daxldorligining ramziy ifodasi bo‘lib, u davlat himoyasida ekanini kafolatlaydi va zimmasiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi degan yuksak nomga munosib bo‘lishdek ulkan mas’uliyat yuklaydi.

Prezident Islom Karimovning 2011-yil 5-yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, O‘zbekistonda xalqaro standartlarga javob beradigan biometrik pasportlar joriy qilindi.

Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (IKAO) tavsiyalariga muvofiq joriy etilgan bunday hujjatda egasining biografik ma’lumotlari, raqamli fotosurat hamda barmoqlar izi tushirilgan biometrik parametrlarini o‘zida jamlagan elektron axborot mujassam bo‘ladi.

Biometrik ma’lumotlarga ega pasportlar xalqaro fuqaro aeronavigatsiyasi xavfsizligini ta’minlash, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning qalbakilashtirilishga qarshi himoya darajasini oshirish, davlat chegarasidan o‘tishda shaxsni tezkor va aniq identifikatsiyalash mexanizmlarini takomillashtirish, xalqaro aviatashishlar sifati va samaradorligini yanada yaxshilash, ushbu transport turi xizmatlaridan foydalanuvchi yo‘lovchilar uchun imkon qadar qulayliklar yaratish maqsadida joriy etilmoqda.

Ayni paytda yuzdan ortiq mamlakatda zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida tayyorlangan biometrik parametrli pasportlar joriy etilgan.

Biometrik pasport odatdagi barcha ma’lumotlardan tashqari, uning egasi haqida shaxsiy biografik ma’lumotlar, raqamli fotosurat hamda barmoqlar izlari tushirilgan biometrik parametrlarni o‘z ichiga olgan elektron axborotga ega bo‘ladi. Bunday chipga uch turdagi hujjat – O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti, O‘zbekiston Respublikasining diplomatik pasporti va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning harakatlanish hujjati ega bo‘lishi belgilandi. Xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan uch turdagi ushbu elektron hujjatlarning asosiy xususiyatlari shundan iboratki, ular yuqori darajada himoyalangan bo‘lib, chegaradan o‘tishda ulardan foydalanish qulaydir. Ularni qo‘llash esa O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini, shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga harakatlanish hujjatlarini rasmiylashtirish, berish va almashtirish tartibini yanada takomillashtirishga ko‘maklashadi.

Pasportlarni almashtirish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Birinchi bosqich, ya’ni 2011-yil davomida biometrik pasportlar mamlakatimiz vazirliklari, idoralari va muassasalari xizmatchilariga, xorijga chiqayotgan yoki chet eldagi jismoniy shaxslarga, shuningdek, muayyan yoshga to‘lgan yoki qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa sabablarga ko‘ra pasport olayotgan fuqarolarga beriladi. 2012—2015-yillar davomida esa O‘zbekiston Respublikasining boshqa fuqarolari ham qonunchilikda belgilangan tartibda yangi pasportlarga ega bo‘ladi. Amaldagi pasportlar esa butun pasportlarni almashtirish davrida, ya’ni 2015-yil oxirigacha haqiqiy hisoblanadi.

Yangi biometrik fuqaro pasporti 10 yil muddatga beriladi. Bundan tashqari, mamlakatimizdan chet davlatlarga chiqmoqchi bo‘lgan 16 yoshgacha bolalarga pasportlar 5 yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi. Ayrim hollarda xorijga chiqayotgan paytda 15 yoshdan oshgan, ammo 16 yoshga to‘lmagan shaxslarga ham O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti berilishi mumkin.

Jahon amaliyotini hisobga olgan holda, O‘zbekistonda muntazam yashayotgan, fuqaroligi bo‘lmagan va mamlakatimizdan ketmoqchi bo‘layotgan shaxslarga biometrik harakatlanish hujjati 5 yil muddatga beriladi. Ularning farzandlariga ham mamlakatimizdan chiqish paytida shunday hujjat beriladi.

Fuqarolar biometrik pasport olish uchun o‘zlari doimiy yashab kelayotgan joydagi hujjatlarni yig‘ish punktlariga, ya’ni ichki ishlar organlarining xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga murojaat qilishlari mumkin. Ular buning uchun Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan maxsus shakldagi anketa-arizani to‘ldirishi va unga shaxsini tasdiqlovchi tegishli hujjat – amaldagi pasporti yoki birinchi marta olayotganlar tug‘ilganligi haqida guvohnomani ilova qilishi kerak. Biografik va biometrik ma’lumotlarni hujjatlarni yig‘ish punktida ishlaydigan operator to‘playdi, bunda fuqaroning barmoqlari izi olinadi va raqamli fotosuratga tushiriladi. Ushbu barcha ma’lumotlar asosida elektron ariza tayyorlanib, maxsus elektron tarmoq orqali O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga yuboriladi. Bu yerda jo‘natilgan elektron arizalardan kelib chiqib, hujjatlar grafik va elektron personallashtiriladi, ya’ni biografik ma’lumotlar pasportni vizual tekshirish zonasiga, biografik va biometrik axborot esa chipga kiritiladi. Ta’kidlash kerakki, biometrik pasportlar eng zamonaviy axborot texnologiyalari asosida tayyorlanadi va barcha xalqaro standartlarga to‘liq javob beradi.

To‘ldirilgan hujjatlar hududiy yig‘ish punktlariga maxsus pochta vositalari orqali yetkaziladi. Pasport faqat verifikatsiya jarayoni, ya’ni egasining biometrik parametrlari hujjatga tushirilgan ma’lumotlarga mosligi kompyuterda tekshirilgandan so‘nggina beriladi.

Biometrik ma’lumotli pasportlar IKAO tavsiyalariga muvofiq belgilangan namunalar bo‘yicha tayyorlanadi va lotin grafikasidan foydalangan holda o‘zbek va ingliz tilida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisi uchun qoraqalpoq, o‘zbek hamda ingliz tillarida personallashtiriladi. Unga bazaviy ma’lumotlardan tashqari qator qaydlar kiritiladi. Egasining harbiy xizmatga majburligi, nikohning ro‘yxatga olingani yoki bekor qilingani, ro‘yxatga qo‘yilgani yoki chiqqani haqidagi qaydlar, chet elga chiqishga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidan o‘tishga ruxsat beruvchi qaydlar, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ularga hamrohlik qiluvchi shaxslar haqidagi ma’lumotlar shular jumlasidan. Pasport sahifalari hozirgiga qaraganda ko‘p bo‘lib, ularga mamlakatdan chiqish va xorijiy davlatlarga kirish uchun ruxsat beruvchi viza qaydlari qo‘yiladi. Bundan tashqari, yangi pasportdagi fotosurat endi yopishtiriladigan emas, balki bosma bo‘ladi, bu uning qalbakilashtirishdan himoyalash darajasini oshiradi.

Yangi  pasport  va  harakatlanish hujjatlarining blankalari “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasida tayyorlanadi, Davlat Personallashtirish markazida personallashtiriladi va o‘z egalariga hujjatlarni yig‘ish punktlarida, ya’ni ichki ishlar organlarining xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida topshiriladi.

Yana bir bor ta’kidlash joizki, biometrik pasport O‘zbekistonda belgilangan tartibda bosqichma-bosqich joriy etiladi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining amaldagi pasporti esa 2015-yil oxirigacha haqiqiy hisoblanadi.

Dilorom ABDULLAYEVA tayyorladi.

SHARE