Mehmondo’stlik

Insonning nafaqat tashqi ko‘rinishi yoxud tilidan, balki uning xatti-harakatidan, fe’l-atvoridan, tashqi muhitga munosabatidan ham uning kimligini, qaysi millatga mansubligini ilg‘ab olish mumkin. Masalan, o‘zbekni ko‘chadami, yo‘ldami, ishxona yoxud dam olish maskanidami, qayerda bo‘lmasin, uchratib qolsangiz, xayrlashuv onida “Uyga keling, bir piyola choyimiz bor” deydi. Negaki mehmondo‘stlik o‘zbekning qon-qoniga singib ketgan. Bu fe’l, bu xislat undan faqat jon bilan birga chiqishi mumkin. Nega shunday? O‘zbekning avlod-avlodiga o‘tib kelayotgan bunday fazilatlar juda ko‘p. Deylik, halollik, rostgo‘ylik, diyonat, omonatga xiyonat qilmaslik, uyat, or-nomus, lafz, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, andisha kabi son-sanoqsiz fazilatlar o‘zbekka o‘zi kiygan to‘ni va do‘ppisi yanglig‘ yarashib turadi.

Gazetamiz o‘zining har bir sonida “O‘zbekning fe’li” rukni ostida odamlarimizning ana shunday ajoyib fazilatlari haqida hikoya qilib boradi. Bugungi suhbatimiz mehmondo‘stlik haqida.

MEHMONDO‘STLIK

Qadimda bir odamning mashhur oti bo‘larkan. U ko‘pkarilarda ham, poygalarda ham, hamisha marraga birinchi bo‘lib yetib kelar ekan. Bu otning ishqibozlari tobora ko‘payib boribdi. Kimdir falonchi miqdorda tilla beraman, otingni menga sot desa, yana boshqasi, bir otar qo‘y beraman, bir uyur yilqi hadya qilaman, otingni almashtir, debdi, ammo u unamabdi. “Uyimni sotsam sotamanki, otimni so‘ramanglar, meni tinch qo‘yinglar” debdi.

Xushxabarning qanoti bor, deydilar. Bu xabar guzarma-guzar, qishloqma-qishloq, shaharma-shahar o‘tib, podshohlikka ham yetib boribdi. Podshohning ham bu uchqur otga ishqi tushibdi. To‘rt-besh navkar va mulozimlarini olib, o‘sha qishloqqa ravona bo‘libdi. Uyini topib, darvozani taqillatibdi.

Ot egasi darvozani ochib qarasa, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, eshigining oldida podshohi olam turgan emish. Ularni darrov uyga chorlab, ot-ulovlarini bog‘labdi. Mehmonlarning oldiga noz-ne’matlarni to‘kib solibdi.

Oradan uch kun o‘tgandan so‘ng, qadimgi taomillarga ko‘ra, mezbon mehmonlardan so‘rabdi:

—Yo‘l bo‘lsin, hazratim?

Podshoh ham bu insonning xulq-atvoridan mutaassir bo‘lib, debdi:

— Ey mezbon, inson ham shunchalik mehr-muruvvatga do‘st bo‘ladimi, mana uch kundirki uyingizdamiz, na sizning gap-so‘zlaringizda, na ahli ayolingizning yurish-turishida minnat sezmadik (hozirgi ayollarga mehmon yoqmasa oshxonada taqir-tuqur boshlanadi – A.A). Sizdan behad minnatdormiz. Faqat bizning ham sizga bir gapimiz bor. El orasida dong taratgan otingiz endilikda podshohlikning sayisxonasini bezatib tursa degan niyat bilan keldik.

Shunda ot egasi podshohga ta’zim qilib, debdi:

— Ey hazratim, sizday odil va adolatparvar podshoh uchun nafaqat bitta, nafaqat o‘nta yoki yuzta otimni, hatto jonimni ham berishga tayyorman. Faqat mening bir qoshiq qonimdan      keching, kambag‘alchilik qursin. Uch kundan buyon tamaddi qilayotgan taomingiz aynan o‘sha otning go‘shtidandir.

Alqissa, o‘zbek zaru-tilloga bermagan, behisob boyliklarga almashtirmagan otini mehmon uchun so‘yib yuborgan ekan.

Darhaqiqat, o‘zbek mehmon uchun uyidagi so‘nggi nonini ham ayamaydi. Hatto qo‘shnisidan qarz olib bo‘lsa-da, mehmonni obdon siylaydi. Axir, biz kundalik hayotimizda ham har kuni shunday manzaraga duch kelamiz: erkak uyga olib kelgan bozor-o‘charini, albatta, ayoliga topshiradi. Ayoli esa meva-chevalarning uringanlarini bolalariga, eriga beradi, o‘zi yeydi. Eng saralarini esa bir chetga yashirib qo‘yadi. Uni nima qilasan, deb so‘rasangiz, bu  mehmonlarning nasibasi, deydi.

Endi ayting-chi, bu dunyoda o‘z rizqidan, bolalarining nasibasidan, ayirib, qiyib, mehmon uchun qo‘yadigan millat bormi o‘zbekdan boshqa?!

Bu fazilat o‘zbekka ajdodlaridan o‘tgan, undan, istaymizmi-yo‘qmi,  farzandlariga, nevara-chevaralariga o‘tkusidir.

Ilohim, shunday bo‘lsin!

Alisher AYMATLI.

MEHMONDO‘STLIK HAQIDA O‘ZBEK XALQ MAQOLLARI

1. Mehmon — aziz, mezbon — laziz.

2. Mehmon — atoyi xudo.

3. Mehmon — otangdan ulug‘.

4. Mehmon — uyning ziynati.

5. Mehmon joyi — ko‘z ustida.

6. Mehmon izzatda, mezbon xizmatda.

7. Mehmon kelar eshikdan, rizqi kelar teshikdan.

8. Mehmon kelgan uy — barakali.

9. Mehmon kelgan uyning chirog‘i ravshan.

10. Mezbon borini qo‘ysa, mehmon ozga sanamas.

11. Mehmon kelsa, pastga tush, Palov bermoq ahdga tush.

12. Yo‘qcha guruch osh bo‘ladi, Mehmon ko‘ngli shod bo‘ladi.

13. Kelish mehmondan, ketish mezbondan.

14. Birinchi kun mehmon — oltin mehmon, ikkinchi kun — kumush, uchinchi kun — mis, uchdan o‘tsa — pes.

15. Kelguncha mehmon uyalar, Kelgandan so‘ng mezbon uyalar.

16. Kelmoq ixtiyor bilan,

Ketmoq ijozat bilan.

17. Mehmon kelsa choptirar,

Bor-yo‘g‘ingni toptirar.

18. Mehmon kelsa, et pishar,

Et bo‘lmasa, bet pishar.

19. Mehmon ko‘rki — dasturxon.

20. Mehmon mezbonga aziz,

Mezbon — mehmonga.

21. Mehmon nosi uch kundan keyin sasir.

22. Mehmon oz o‘tirar, ko‘p ko‘rar.

23. Mehmon oz o‘tirsa ham, ko‘p sinar.

24. Mehmon so‘rab yemas.

25. Mehmon — uy egasining buzog‘i.

26. Mehmonga osh qo‘y,

Ikki qo‘lini bo‘sh qo‘y.

27. Mehmonga shirin so‘z ber.

28. Mehmonni siylagan itiga suyak tashlar.

29. Mehmonning itini tur dema.

30. Mehmonning ketishini so‘rama,

Kelishini so‘ra.

31. Mehmonning oldida mushugingni pisht dema.

32. Mehmonning otini asl derlar,

Uch kundan so‘ng sasir derlar.

33. Mehmonning o‘zi ham mehmon, so‘zi ham mehmon.

34. Mehmonxonang tor bo‘lsa ham, mehri-diling keng bo‘lsin.

35. Oyda kelganga — oyoq,

Kunda kelganga — tayoq.

36. Ochiq yuz — oshdan shirin.

37. Osh — mehmon bilan aziz.

38. Osh — egasi bilan shirin.

39. Supurilmagan uyga mehmon kelar.

40. Suhbat sevmagan tegirmon qurdirar,

Mehmon sevmagan bolasini urar.

41. Chaqirilmagan mehmon —

Sariq itdan yomon.

42. Chaqirilmagan qo‘noq —

Yo‘nilmagan tayoq.

43. Shirin choying bo‘lmasa,

Shirin tiling bo‘lsin.

44. Shirin oshing bo‘lmasin,

Shirin so‘zing bo‘lsin.

45. Shirmoy noningni berma,

Shirin so‘zingni ber.

46. Erta borsang, et pishar.

Kechga qolsang, bet pishar.

47. Eshikdan kelganni it qopmas.

48. Yuzta siz-bizdan,

Bitta jiz-biz yaxshi.

49. O‘zi kelgan mehmon — atoyi xudo, chaqirib kelgan mehmon — gadoyi xudo.

50. Qo‘nguncha qo‘noq uyalar,

Qo‘ngandan keyin — uy egasi.

51. Qo‘noq bir kun qo‘nsa — kut,

Ikki kun qo‘nsa — yut.

52. Qo‘noq oshi yo‘lga yaxshi.

53. Qo‘noq to‘ydim, deydi,

Uy egasi yoqtirmadi, deydi.

54. Qo‘noq qo‘ydan ham yuvvosh,

Moy bersang ham, yeyaveradi.

55. Qo‘noqqa osh ber, otiga — yem.

56. Hurag‘on it egasiga qo‘noq keltirar.

57. Yo‘lli kishining mehmoni bir kelar.

58. Borini bergan uyalmas.

59. Betamiz mehmon mezbonni qistar.

SHARE