Navoiy savdo qatori nega buzildi?

    Navoiy ko'chasining bugungi ko'rinishi

    Maishiy hamda elektron texnika bilan savdo qiluvchi shahobchalari bilan mashhur bo‘lgan Navoiy savdo qatori shu yilning mart oyi o‘rtalarida buzilib, sobiq “Malika” fabrikasiga ko‘chirilganidan balki xabaringiz bordir. Nafaqat Navoiy savdo qatori, balki Navoiy ko‘chasi bilan kesishuvga yaqin joyda joylashgan Furqat ko‘chasidagi Geologiya muzeyi, shuningdek, Botir Zokirov (sobiq Abay) ko‘chasidagi biznes markaz binolari ham olib tashlangan.

    Navoiy savdo qatori hamda unga yondosh binolarning buzib tashlanishi, Navoiy ko‘chasidagi tramvay yo‘llarining demontaj qilinishi ketidan odamlar og’zida turli mish-mishlar bolaladi. Ba’zilar sobiq savdo qatori o‘rnida mintaqamizdagi eng yirik iqtisodiy va madaniy markazga aylanishi kerak bo‘lgan “Tashkent City”ning bunyod etilishini aytsa, boshqalar Navoiy savdo qatori orqasidagi tekis bo‘lmagan maydonlarning bir tekis qilib sathi tenglashtirilganiga ishora qilib, “bu yerda katta xiyobon paydo bo‘ladi” kabi fikrlarni bildirdi. 20-aprel kuni bu yerda 1-sonli turar joy binosining qurilishi haqidagi ma’lumotnoma maydonga o’rnatilganidan so‘ng bu kabi mish-mishlarga chek qo‘yildi.

    18.04.2011, Toshkent, Navoiy ko'chasi | Buldozer sobiq Alp Jamol biznes markazi o'rnida turibdi

    Ayni vaqtda savdo qatori o’rnida har biri yetti qavatli sakkizta turar joy binosi qurilmoqda. “Darakchi” gazetasi xabariga ko‘ra, “mazkur turar joy binolaridan har birining alohida buyurtmachisi va pudratchisi bor”. Furqat-Navoiy ko‘chalari kesishgan joydan boshlanuvchi “birinchi turar joy binosining bosh buyurtmachisi “O‘zkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi bo‘lib, uning pudratchilari “Toshneftgazqurilish” OAJ va “O‘zneftgazqurilish invest” aksiyadorlik kompaniyalaridir. Ikkinchi turar joy binosi Davlat aksiyadorlik tijorat “Asaka banki” buyurtmasiga asosan bunyod etilmoqda. Uning qurilishi “Bunyod plast qurilish” MChJ bosh pudratchi tomonidan amalga oshirilmoqda. Uchinchi va to‘rtinchi turar joylar “Ipoteka bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka banki tomonidan buyurtma qilingan bo‘lib, uning qurilishi “Temur Malik” MChJ pudrat korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. Beshinchi bino qurilishi Navoiy tog‘-metallurgiya kombinatining “Zarafshon” qurilish boshqarmasi pudrat korxonasi tomonidan amalga oshirilib, uning bosh buyurtmachisi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki hisoblanadi. Oltinchi turar joy binosi “O‘zavtosanot” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan buyurtma qilingan. Uning qurilish ishlari bosh pudratchi “Qurilish lyuks” MChJ tomonidan amalga oshiriladi. Navbatdagi yettinchi turar joyning qurilishiga “O‘zsanoatqurilishbank” ochiq aksiyadorlik tijorat banki tomonidan buyurtma berilgan. Uni qurish “Ulkan qurilish maxsus servis” MChJ tomonidan amalga oshiriladi. So‘nggi, sakkizinchi turar joy binosining bosh buyurtmachisi “Aloqa bank” ochiq aksiyadorlik tijorat banki bo‘lib, uning bosh pudratchisi “Binokor” mas’uliyati cheklangan jamiyatidir”, deb yozadi “Darakchi” gazetasi. Gazetaning qo‘shimcha qilishicha, binolarning loyihasi “Toshkent Boshplanliti” tomonidan ishlab chiqilgan.

    Abay ko'chasi (Alisher Navoiy metro bekati)dan Chorsu mehmonxonasining ko'rinishi

    Aprel oyida boshlab yuborilgan qurilish ishlari ayni vaqtda faol davom etayapti, deb aytish mumkin. Hozircha har bir pudratchi birin-ketin binolarning poydevor qismi bilan bog‘liq ishlarni yakunlamoqda. Xususan, 27-may kunidagi kuzatuvlarimizga qarab aytish mumkinki, ayni vaqtda beshinchi turar joy binosi quruvchilari poydevor bilan bog‘liq ishlarning birinchi qismini yakunlab, karkaslarni o‘rnatishni boshlab yuborishgan. Boshqa obyektlarda – ba’zilarida poydevor quyishning endi yarmiga yetib kelingan bo‘lsa, boshqalarida poydevor quyish bo‘yicha dastlabki ishlar boshlangan.

    Qurilayotgan yetti qavatli turar joy binolarining dastlabki ikki qavatida maishiy savdo majmualari faoliyat olib boradi. Qolgan beshta qavatda esa jami 40 ta xonadan joylashadi. To‘rtinchi turar joy binosining brigadirlaridan birining aytishicha, har bir turar joy binosi bir-biriga o‘xshab ketsa ham, ammo biri-biridan ajralib turuvchi juz’iy farqlari ham bor. Xususan, ba’zi turar joy binolarida 1, 2 va 4 xonali xonadonlar aralash qurilsa, ba’zilarida 1 xonali kvartiralar umuman bo‘lmaydi.

    Navoiy ko'chasi bo'yiga qurilayotgan yangi uylar maketi

    Turar joy binolarining orqa tomonida katta yer maydoni ko’kalamzorlashtirilib, qurilish ishlari bilan bir qatorda, hududni ko‘ngilochar, dam olish  maskaniga aylanishi uchun zarur tayyorlov ishlari olib borilmoqda. Natijada poytaxt markazida zamonaviy turar joy binolari, qulay va  talablar doirasidagi maishiy savdo majmui, shu bilan birga, ko’rkam bir maydon yuzaga kelishi ko‘zda tutilgan.

    Reja bo‘yicha, loyihalashtirilgan ishlarning asosiy qismini shu yilning noyabr-dekabr oylarigacha yakunlash ko‘zda tutilgan. Qurilish boshida maydonga o’rnatilgan ulkan plakatda binolar maketi va qurilishning 1-sentabrgacha bitishi ko’rsatilgan edi. Hozir bu plakat olib tashlangan.

    Foydalanishga topshirilganidan so‘ng, ushbu turar joy binolari guruhi poytaxt ko‘rkiga ko‘rk qo‘shishiga shubha yo‘q.

    Muhrim A’ZAMXO‘JAYEV,

    Toshkent

    Suratlar muallifi Elyor MIRZO

    SHARE