Murod qachon murodiga yetadi?

AQShdagi nolegal talabalar hayoti xususida

Murod ota-onasi bilan Nyu Yorkka kelganida maktab o‘quvchisi edi. Bu shaharda maktabni bitirdi, nufuzli kollejlardan biriga hujjat topshirdi. Ota-onasi farzandining kelajagi yo‘lida unga hamma sharoitni yaratib berdi. U shu yil yozda bu o‘quv dargohini ham tamomlashi kerak.

Ammo hayot Murod o‘ylaganchalik emas ekan. Uning yo‘li kursdoshlari — amerikalik yoshlar singari xohlagan tarafga emas, boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Negaki, Murodning ota-onasi ham “hujjatsiz” edi. Shunday qilib, yosh mutaxassisning kelajak yo‘li chigallashib ketdi.

— Tabiiyki, mashhur korxonalar nolegal bo‘lganim uchun meni ishga olmaydi, — deydi Murod. — Demak, men qandaydir shubhali biznes korxonalaridan ish izlashim kerak yoki meni o‘qisin, kelajagi yorug‘ bo‘lsin, deb niyat qilguvchi ota-onam kabi qora ishda ishlashim darkor.

Ha, Murod ayni paytda taqdiri qil ustida turgan ko‘plab nolegal talabalar (statistika bo‘yicha ular 1,2 mln.ni tashkil qiladi)dan biri.  Ma’lumingizki, o‘tgan yili yozda minglab yosh nolegal immigrantlar “yerto‘la”dan chiqib, o‘z maqomlari to‘g‘risida ochiq bayonot bergan edilar. Ular Amerikadagi barcha kompaniyalarni nolegal talabalar uchun AQSh fuqaroligiga yo‘l ochuvchi “Dream Act” qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan edi. O‘tgan yili dekabrda bu loyiha Vakillar palatasida qabul qilindi, ammo Senatda rad etildi.

Vashington universiteti sotsiologi Roberto Gonsalesning ta’kidlashicha, o‘tgan yilgi muvaffaqiyatsizliklar nolegal talabalar kayfiyatiga ta’sir o‘tkazmasdan qolmadi. Buni so‘rovnoma natijalaridan ham bilsa bo‘ladi. Ular hozir juda hayajonda va tushkun kayfiyatda.

— Ular o‘zlarining ko‘plab savollariga javob ololmadilar va endilikda qayoqqa borishlarini ham bilmaydilar, — deydi Gonsales janoblari. — Ular o‘zlarining aksiyalari amerikaliklarga ta’sir o‘tkazadi, nolegallar haqidagi qarashlarini o‘zgartirishga majbur etadi, deb umid qilgan edilar.  Ammo barcha eshiklat taqa-taq yopildi, bu ko‘pchilikka og‘ir zarba bo‘lib tushdi.

Gonsalesning fikricha, yosh nolegallar uchun haqiqatning achchiq sabog‘i ular o‘qishni tugatib, ish izlay boshlagan davrdan bilina boshlaydi. Ularning aksariyati a’lo baholarga o‘qishadi, ammo ular ishga qonuniy joylashish huquqidan mahrumdirlar. Shu tufayli bakalavr diplomini olgan yigit-qizlar ishni xuddi ota-onalari kabi restoranlarda idish-tovoq yuvishdan yoki begona uylarni tozalashdan boshlaydilar. Afsuski, ming mashaqqat bilan olingan diplom ularga ijtimoiy pillapoyalardan yuqorilashga yordam bermaydi.

Prezident Obama yaqinda Amerika xalqiga qilgan murojaatida va ko‘plab intervyularida aytayaptiki, u joriy yilda “Dream Act”ning qabul qilinishi uchun jiddiy kurashadi. Ammo saylovdan keyin “Dream Act” ko‘rib chiqilishi zarur bo‘lgan qo‘mitalarda  Respublikachilar juda muhim va muqim o‘rin egallaganlar. Shu tufayli, garchand prezident va’da qilayotganiga qaramasdan, yosh nolegallar va ularning huquqlari himoyachilari yaqin ikki yilda orzulari amalga oshishiga ko‘p ishonmayaptilar.

Obama “hujjatsiz” yoshlarning  kurashini qo‘llab-quvvatlashini takrorlashdan charchamayapti. Immigratsiya hokimiyati esa Amerikada hech qanday jinoyat sodir etmagan talabalar biz ushlashimiz va o‘z mamlakatlariga deportatsiya qilishimiz lozim bo‘lgan nolegallarning birinchi qatoriga qo‘yilmaydilar, deb va’da berishmoqda.

To‘g‘ri, Immigration and Customs Enforcement (ICE) agentlari talabalarga teginmaslikka harakat qilishmoqda. Bundan tashqari, reydlarda qo‘lga tushib qolgan talabalarni ijro hokimiyati vakillari o‘z vakolatlaridan foydalangan holda, ularni ushlab turishga yoki deportatsiyasini bekor qlishga urinmoqdalar. ICEning matbuot kotibi Brayan Xeylning bayonotiga ko‘ra, uning agentligi “har bir ishni alohida ko‘rib chiqadi va har bir nolegalning taqdirini uning Amerikadagi faoliyatiga muvofiq hal etadi”.

Ammo talabalar bu murojaatni asossiz deb baholamoqdalar. Gap shundaki, Obama ma’muriyatining ko‘plab vakillari yosh nolegallarga rahm-shafqat etib, o‘z huquqlarini suiste’mol qilishni xohlamaydilar. Bundan tashqari, ular nolegallar tufayli kongressmen Lamar Smit (“Dream Act”ning eng ashaddiy muxolifi) va boshqa respublikachilar bilan xafalashgilari ham yo‘q. Axir, Smit va uning maslakdoshlari qahrlansalar, kelgusi immigratsiya qonuni muhokamasida ijro hokimiyatining vakolatlarini chegaralab qo‘yishlari ham mumkin.

O‘tgan yili federal immigratsiya hokimiyati nolegallarni ushlash va mamlakatdan chiqarib yuborishda rekord natijaga erishdi — 393.000! Qolaversa, shtatlar va shaharlar politsiya deportamentlarining nolegallarni ovlash bo‘yicha vakolatlari ham tobora kengaymoqda. Qo‘lga tushgan va quvg‘in qilinganlarning orasida, tabiiyki, talabalar ham bor. Bundan tashqari, respublikachilar talabalarni ayab o‘tirish kerak emas, demoqdalar. Ularni yoshi ulg‘aygan bebaxt o‘rtoqlari qatori basharasini ochib tashlash va quvg‘in qilish zarurligi haqida bong urmoqdalar.

Nolegal talabalarni deportatsiya qilish xavfi ularning yagona muammosi emas. Hozir ko‘plab shtatlar “hujjatsiz kishilar”ga munosabat siyosatini yanada qat’iylashtirmoqda. Ularning nafaqat ishga joylashishiga yoki haydovchilik guvohnomasi olishiniga, balki o‘qishiga ham muayyan chegaralar qo‘ymoqda.

Ma’lumki, hozir nolegal yoshlar davlat kollejlarida tahsil olishlari mumkin. Ammo qonunshunoslar “Dream Act”ning qabul qilinishiniga qat’iy qarshi chiqmoqdalar va buni haddidan oshgan liberalizmning bir ko‘rininshi, deb baholamoqdalar.

Xususan, yuqorida tilga olganimiz Lamar Cmit Vakillar palatasi Yuridik qo‘mitasining raisi. U “Dream Act”ga qarshi muxolifatning yetakchisi hamdir. Ular yosh nolegallar davlat kollejlarida o‘qiyotgan tub amerikaliklar va legal immigrantlarga soya tashlaydilar, demoqdalar.

Eng yomoni, nolegal talabalarga dushmanlarcha munosabat boshqa ko‘plab shtatlarda ham tobora chuqurlashmoqda. Masalan, Jorjiya va Virjiniya qonunshunoslari bu hujjatni ko‘rib chiqmoqdalar va ular ham nolegal yigit-qizlarning davlat kollejlariga kirib o‘qishlari yo‘liga g‘ov qo‘yishlari mumkin. Shuningdek, Viskonsin, Arkanzas, Kanzas, Nebraska va Indianada ham bu qonun loyihasi muhokama etilmoqda. Ular ham “hujjatsiz” yohlarga aynan ushbu shtatlarda yashovchilarning kollejda o‘qishlari uchun to‘lanadigan to‘lov miqdorinini man qilish ehtimoli bor.

Faqat bir nechta shtatlarda, jumladan, Kolorado va Merilendda qonunchilar boshqa sohildan bormoqdalar. Ular qonun loyihasini ko‘rib chiqib, “hujjatsiz” yoshlarga o‘qishlari uchun mahalliy to‘lovlarni to‘lashga ruxsat bermoqdalar.

Lamar Smit va boshqa respublikachilar Yuridik qo‘mitada nolegallarga legallik maqomini berishga urinuvchi har qanday qonun loyihasi g‘ildiragiga tayoq qo‘yishga tayyor ekanliklarini bildirmoqdalar. Ular bunday hujjatlar jinoyatchilar, mamlakatning immigratsiya qonunlarini buzuvchilar uchun amnistiyaday gapdir, demoqdalar.

Ammo Smitning nafaqat Demokratik partiyada, balki o‘z qadrdon respublikachilari ichida ham muxoliflari bor. Yaqinda Janubiy Karolinalik respublikachilar — mashhur senator-demokrat Charlz Shumer va uning hamkasbi Lindsi Grem o‘z hammaslaklari bilan kelishuv muloqotini boshlab yubordilar. Ular  hozir Kongressdagi “ob-havo”ni o‘rganmoqdalar, ya’ni “Dream Act”ni qancha odam qo‘llab-quvvatlaydi, kurashning ikkinchi raundini boshlasa bo‘ladimi, yo‘qmi?

Shu tufayli nolegal talabalarning kayfiyatlari ko‘pam yomon emas, negaki hali umid qilsa, kurashsa bo‘ladi. Ular orqaga chekinishni o‘ylaganlaricha yo‘q! Demak, maqola boshida eslagan yurtdoshimiz Murod ham hali yaxshi kunlardan umidlansa bo‘ladi. Zero, “Dream Act”ning hayotiy ro‘yobi nafaqat Murodning, balki yuzlab, minglab murodlarning orzusidir.

Biz ham isonamiz: murodlar bir kuni, albatta, murodiga etgusidir!

Alisher AYMATLI

SHARE