Vamberi olimmi, josus?

RASHID AFANDI

Vengriyalik Armin Vamberining darvesh qiyofasida Rashid afandi, Rashid hoji nomlari bilan biz-ning yurtimiz bo‘ylab qilgan safariga 125 yil to‘ldi.

Mana, o‘tgan 125 yildan beri mojaristonlik bu sayyohning nomi jahon xalqlari ensiklopediya, qomuslaridan tushmaydi, uning yozib qoldirgan kitob-lari hanuz yevropaliklar tomonidan qiziqib o‘qiladi, o‘rganiladi. Uning o‘zi haqida o‘nlab kitoblar yozilgan, filmlar qo‘yilgan. Buning boisi nimada? Armin Vamberi kim bo‘lgan?

Armin Vamberi 1832-yilning 19-mart kuni Dunaya orollaridan birida joylashgan kichik venger shahri Duna Sherdaxelida yahudiy oilasida tug‘ilgan. 12 yoshgacha qishloq maktabida o‘qiydi, so‘ng Avliyo Georgiy gimnaziyasiga kiradi. 16 yoshida u mojor, lotin tillaridan tashqari, fransuz, nemis, ingliz hamda skandinaviya tillarini yaxshi bilgan, rus va boshqa slavyan tillaridan xabari bo‘lgan. Ota-onasi erta vafot etganligi sababli, u yoshligidan mehnatdan qochmadi.

Til o‘rganishga qiziqish Vamberida erta boshlangan, G‘arb va Sharq tillarini o‘rganish uning -uchun bir orzu bo‘lgan. Vamberining ikkinchi yana bir orzusi bor edi — u venger tilining kelib chiqishini, uning Sharq tillari bilan aloqasini aniqlamoqchi edi.

O‘sha vaqtlari va undan keyin ham, bir qancha olimlar venger (mojor) urug‘i O‘rta Osiyodan yoki Boshqird tekisligidan ko‘chib kelgan degan taxminni olg‘a surishgan. A. Vamberi yoshligidan bu jumboqqa javob axtarib, O‘rta Osiyoni ko‘rib qaytganidan so‘ng, unga javob topgandek bo‘ladi. U yozadi: Biz Osiyoda turg‘un bo‘lib qolib ketgan urug‘larimizni qidiryapmiz, degan fikr xatodir… Biz o‘z tilimizning etimologik tuzilishini aniqlashga harakat qilamiz, aniq ma’lumot olish uchun qardosh shevalarga murojaat etamiz (O‘rta Osiyo bo‘ylab sayohat, SPb., 1865, 1-bet).

Ma’lumki, venger tili oltoy tillari oilasiga kiradi. A. Vamberining orzui venger tilini oltoy tillari oilasi-ning fin-ugor guruhlarigami yoki turkiy tillar guruhiga kirishini aniqlash edi. Shu maqsadda, ma’lumotli bo‘lganidan so‘ng, u 1852-yili Osiyo mamlakatlaridan eng yaqini Turkiyaga yo‘l oladi. U o‘sha yillari Konstantinopol deb nomlangan Istanbulga ko‘chib o‘tib, o‘ziga to‘q turk oilalarida g‘arb tillari, asosan fransuz tilidan dars bera boshlaydi. Avval Posha Husayn Doim xonadonida, so‘ngra do‘sti va maslahatchisi Mulla Ahmad afandi ta’sirida deyarli usmonli turk qiyofasiga kiradi hamda Fuod posha idorasiga ishga o‘tadi. «Bir necha yil turk xonadonlarida bo‘lishim, islom maktablariga va kitob do‘konlariga qatnab yurishim», deb eslaydi A. Vamberi, «meni tezda turkka, hatto afandiga aylantirib qo‘ydi». Istanbulda A. Vamberi turk tili, eski o‘zbek tilidan tashqari, arab, fors tillarini qunt bilan o‘rganadi, islom dini qonun-qoidalari bilan mukammal tanishadi va natijada, islom dinidan olgan bilimi bir mullaning bilimidan ortiq bo‘ladi. Bular-ning ustiga 1858-yili Nemischa-turkcha lug‘at (taxminan 14 ming so‘zli), 1860-yili esa Chig‘atoycha (eski o‘zbekcha) — nemischa lug‘at (taxminan 40 ming so‘zli) tuzib, Istanbuldagi nashriyotlarda chop ettiradi.

A. Vamberining bu ishlari O‘rta Osiyoga reja-lash-tirayotgan sayohatining boshlang‘ich bos-qichi edi.

Tillarni o‘rganishdagi mening muvaffaqiyatlarim, deb xotirlaydi u, Sharq bo‘ylab sayohatni davom ettirishim uchun meni ruhlantirdi. Men O‘rta Osiyo bo‘ylab sayohat qilishga bel bog‘lar ekanman, afandi qiyofasini saqlab qolishni va Sharqqa shu mamlakatlarning tabiiy fuqarosi sifatida kirib borishni to‘g‘ri deb hisobladim.

O‘z rejasini amalga oshirish maqsadida A. Vamberi 1863-yilning boshida Tehronga keladi. Eron poytaxtidagi Turkiya elchixonasi boshlig‘i uni yaxshi qabul qiladi va O‘rta Osiyoga darvesh qiyofasida amalga oshiriladigan sayohat rejalarini ishlab chiqa boshlaydilar. Bu reja bo‘yicha, A. Vamberi Makkadan kelayotgan hojilar karvoni bilan O‘rta Osiyoga kirib borishi lozim edi. Armin Vamberi-ning ism-sharifi o‘zgartiriladi, endi u Rashid afandi nomi bilan yashashga majbur edi. Keyinchalik karvondagilar uni Rashid hoji deb ham ataydilar.

27-mart kuni Turkiyaning Tehrondagi elchisi Rashid afandining O‘rta Osiyo bo‘ylab safari oldi-dan katta ziyofat beradi…

1863-yilning 28-mart kuni Makkadan qaytayotganlar bilan birga kechqurun Rashid afandi darvesh qiyofasida hali bizga noma’lum ming xil xayollar, ming xil rejalar bilan yurtimiz tomon kela boshlaydi.

VAMBERI O‘ZBEKLAR YURTIDA

1863-yil 29-may kuni A. Vamberi qo‘shilib olgan karvon Xiva xonligi tuprog‘iga qadam qo‘yadi. 30-may kuni Xiva yaqinidagi qishloqda dam olishadi. A. Vamberi: 30-may kuni biz o‘zbek qishlog‘iga kirib keldik. Bu qishloq aholisi men ko‘rgan birinchi o‘zbeklar edi; «ular juda ham ajoyib inson ekanlar», — deb yozadi daftariga (63-bet).

Xivani ko‘rgan Vamberi hayratda qoladi. «Men avval Xivaning shunchalik chiroyliligini sahro bilan qiyosdan bo‘lsa kerak, deb o‘ylar edim. Yo‘q, yo‘q! Xivaning atrofidagi baland teraklar, soya tashlab turgan kichik hovlilar (asl nusxada ham xavli so‘zini ishlatadi — X. I.), ko‘m-ko‘k yaylovlar va to‘kin-sochin dalalar hozir ham, — Yevropaning g‘oyat go‘zal yerlarini ko‘rganimdan keyin ham, — men uchun eng chiroyli bo‘lib tuyulyapti» (64-bet).

Amudaryoning suvi haqida biz ko‘p rivoyat va haqiqatlarni eshitganmiz. A. Vamberining yozganlari haqiqiy dalillarga qo‘shilgan bir dalildir: «Dunyoda bunga o‘xshash boshqa daryo yo‘q, muborak Nil daryosi ham bunday emas deyishardi. Men bo‘lsam, bu daryo suvining totliligi suvsiz cho‘ldan chiqib, uning qirg‘oqlarida orom olish natijasida bo‘rttirib aytilgan gap bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim. Biroq keyinchalik buning xatoligiga ishondim. Aminmanki, men bilgan daryolar ichida suvi eng shirini, bu — Amudaryo suvidir» (78-bet), deb guvohlik beradi mojor sayyohi.

A. Vamberining yozishicha, «Xivaning tuprog‘i boy, u bug‘doy, sholi, ipak, paxta qog‘ozi, sifatli qizil bo‘yoq olinadigan ro‘yon nomli ildizi bilan shuhrat qozongan. Xivaning mevalari shunday yaxshiki, unga teng keladigan mevalarni Eron va Turkiyadangina emas, balki Yevropaning o‘zidan ham topib bo‘lmaydi. Ayniqsa, Hazorasp olmalari, Xivaning nok va anorlari tengi yo‘q, ajabtovur qovunlari juda ham yaxshi. Uning qovunlari Pekingacha ma’lum. Aytishlaricha, Osmon saltanatining sultoni vaqti-vaqti bilan Urganch qovunlarini xushlab qolar ekan. Bu qovunlar Rossiyada ham yuqori bahoda sotiladi. Bir arava qishki qovunga bir arava shakar to‘lashadi» (170-bet).

Yana boshqa bir kitob — O‘rta Osiyo ocherklarida A. Vamberi Xiva qovunlari xususida to‘xtalib, ularni yuqori baholaydi: «Xiva qovunlariga o‘xshash qovunlarni siz Osiyodagina emas, balki butun yer yuzida topolmaysiz. Ularning shirinligi to‘g‘risida yevropalik hatto tasavvur ham qilolmaydi. Ular shu darajada shirin va xushbo‘yki, og‘izda eriydi; agar ular non bilan yeyilsa, bizga tabiat in’om etgan eng yaxshi taom shu bo‘ladi» (226-bet). A. Vamberi 10 ta tezpishar, 5 ta qishki qovunning navlarini sanab, ularni ta’riflaydi.

A. Vamberi o‘zbek paxtasiga alohida e’tibor bergan. Vamberining 125 yil avval chiqargan xulosasiga ko‘ra, O‘rta Osiyo paxtasining kelajagi katta. «Turkiston paxtasi hind, eron va misr paxtasidan yaxshi, ko‘plariing fikricha, u mashhur amerika paxtasidan qolishmaydi» (229-bet). A. Vamberini tashvishga solgan masala — O‘rta Osiyo paxtasini faqat birgina Rossiya yildan-yilga ko‘proq xarid qilishi. Vamberi bu masalada ham o‘ta sinchkovlik bilan ish tutgan. U 1840—1860-yillar davomida Buxoro amirligi va Xiva xonligidan Rossiya sotib olgan paxtaning miqdori va narxi bilan qiziqqan va buning jadvalini tuzgan. A. Vamberi jadvalidan ko‘rinadiki, o‘zbek paxtasining Rossiyaga chiqishi 1840—1850-yillarga nisbatan 1853—1860-yillari ikki marta oshgan. Birgina Buxoro amirligadan Rossiya 1840—1850-yillari 2.065.679 funt sterlinglik paxta sotib olgan bo‘lsa, 1853—1860-yillari 4.237.772 funt sterlinglik paxta olgan (231-bet).

Turkiston o‘lkasining qazilma boyliklari to‘g‘risida ham A. Vamberi ancha keng va haqiqatga yaqin ma’lumotlar keltirgan. «Men shunday xulosaga keldimki», deb yozadi u, «Turkiston boyligi kam o‘lkalardan emas. Uni (Turkistonni — X. I.) qum gardishli olmos, deb bejiz aytishmaydi. Kelajakda O‘rta Osiyo haqiqatan ham muhim ahamiyat kasb etadi va Sharq mamlakatlari o‘rtasida eng ko‘zga ko‘rinarli o‘rinni egallaydi» (238-bet).

Yangi Urganchda yetishtiriladigan paxta, A. Vamberining yozishicha, eng sifatli, Hazorasp pillasidan olinadigan ipak butun Xiva xonligida eng qimmatli hisoblanadi, Gurlanda eng yaxshi sholi o‘stiriladi. Buxoro va Qo‘qonda ham shunday.

A. Vamberi Turkistonning o‘simlik dunyosi ta’rifiga katta e’tibor bergan. Har bir o‘simlikning navlarini, qanchadan hosil berishini ko‘rsatib o‘tadi va Yevropa bilan qiyoslaydi. Buxoro bug‘doyi eng sifatli sanaladi, u uzun va ingichka qizil rangli don beradi. Bu bug‘doy unidan Buxoro shahrida shuhrat qozongan non yopishadi. Bu bug‘doy hamma yer-da shirmoy nomi bilan shuhrat qozongan. Guruch bu yerlarda juda ham mo‘l; jo‘xori uchala xonlikda ham ko‘p ekiladi. Moyli ekinlardan kunjut bu yerda yaxshi o‘sadi va ko‘p moy beradi. Zig‘irdan olinadigan moy ovqatga ishlatiladi. Paxtaning chigitidan olinadigan yog‘ ovqatga ishlatilmaydi, deb ta’kidlaydi A. Vamberi (223-bet).

Bir narsani oldindan aytib qo‘yishimizga to‘g‘ri keladi: shahar-qishloqlarimiz, xalqimiz, bizgacha barcha o‘simlik va hayvonot dunyosi, yurtimizning geografik va strategik mavqei haqida A. Vamberi o‘z asarlarida deyarli haqiqatni yozishga harakat qiladi. Uning vazifasi O‘rta Osiyoning geografik, siyosiy, ijtimoiy mavqeini to‘g‘ri baholashdan iborat edi. Uni O‘rta Osiyoga yuborganlarga shu kerak edi. U o‘z vazifasini a’lo darajada bajaradi. Biz uchun A. Vamberi yozib qoldirgan xalqimizning o‘tmish hayotiga oid har bir tarixiy dalil qimmatlidir.

Buxoro do‘konlarida A. Vamberi choyning 16 xilini ko‘rgan va ularning nomini o‘z yon daftariga tushirgan. Ularning anrimlari mana bular: qirqma, axbor, oq quyruq, qora choy, sepet choy, ishboglu, gulbo‘y, poshun, mushuk ko‘z, lonka (94-bet).

A. Vamberining o‘lchovicha, o‘sha vaqtlari Samarqand sahni jihatidan Tehronga teng bo‘lgan, lekin uylar uzoqroq joylashgan, katta binolar esa yaxshi yerlarga qurilgan (112-bet).

A. Vamberi Qarshi shahrida faqat uch kun turgan bo‘lsa-da, u yerdan ham ko‘p dalillar to‘plagan. Qarshi qadimgi Naxshabdir, deb yozadi u, o‘zining mavqei va savdo ahamiyati jihatidan Buxoro amirligida ikkinchi shahar sanaladi. Agar siyosiy to‘s-to‘polon monelik qilmaganda edi Qarshi, Bu-xoro, Qobul va Hindiston bilan bo‘ladigan savdo-sotiqda muhim ahamiyat kasb etardi. Vamberining sanog‘iga ko‘ra, o‘sha vaqtda Qarshining aholisi 25 ming, asosan o‘zbeklar bo‘lgan va ular amir askarlarining asosini tashkil etgan (114-bet).

VAMBERINING YURTIMIZDA CHIQIB KETISHI

Qarshi A. Vamberi bo‘lgan oxirgi bizning shahrimiz edi. Bu shaharda uch kun turgach, u Amudaryo-ni kechib o‘tib, Hirotga yo‘l oladi.

1863-yil 15-noyabr kuni Hirotdan 2000 kishilik karvon bilan Mashhadga qarab jo‘naydi. O‘n ikki kun yo‘l yurib, 27-noyabr kuni Mashhadga yetib keladi va bu Eron shahrida birinchi qilgan ishi — Mashhad shahrining gubernatori bo‘lib turgan ing-liz polkovnigi Dolmaj qabulida bo‘ladi. Mana shu kundan boshlab Rashid afandi o‘zining darvesh niqobini olib tashlab, yana Armin Vamberi qiyofasiga kiradi. Ingliz polkovnigi Dolmaj uni 1863-yil 25-dekabr kunigacha mehmon qiladi. Vamberi-ning o‘zi iqror bo‘lishicha, yangi yil — mavludni mehmondo‘st polkovnik bilan o‘tkazib, 1863-yil 26-dekabr kuni Tehronga qarab yuradi. Bu safar u karvonsiz, o‘zbek yo‘ldoshi mulla Ishoq bilan otda yo‘lga chiqadi. A. Vamberidan u to‘plagan O‘rta Osiyoga oid dastlabki ma’lumotlar bilan tanishgan ingliz polkovnigi Vamberi va mulla Ishoqni ikki yaxshi ot va yetarli yo‘l anjomlari va xarajat bilan ta’minlaydi.

1864-yil 20-yanvar kuni A. Vamberi va mulla Ishoq Tehronga yetib kelishadi: «Ko‘rinishim kulgili va ayanchli bo‘lishiga qaramay, men Turkiya elchixonasiga shoshildim. Ingliz elchixonasi esa, meni xushmuomalalik va samimiyat bilan kutib oldi», deb xotirlaydi A. Vamberi (146—147-betlar). Chindan ham, Buyuk Britaniyaning Erondagi elchisi Alison, uning ikki sekretari Tomson va Votson Vamberiga iltifot ko‘rsatishadi va Angliyaga yetib borishi bilan O‘rta Osiyo xotiralarini bosib chiqa-rishda yordam berajaklarini bildirishadi.

Bu yerda bir narsaga e’tibor berish kerak: hech bir elchixonadagi uchrashuvda Vamberining yo‘ldoshi mulla Ishoq ishtirok etmaydi. A. Vamberini elchilar, ingliz-harbiylari qabul qilib, unga iltifot ko‘rsatishayotganda, mulla Ishoq Makkaga olib bormoqchi bo‘lgan o‘z hamrohini karvonsaroylarda kutib o‘tirar edi.

Tehronda A. Vamberini Eronning yosh shohi Nazriddin ham qabul qiladi. «Yosh Nazriddinshoh meni bog‘da qabul qildi», — deb eslaydi Vamberi. — «U mendan (O‘rta Osiyolik) hamkasblari, xonliklar haqida so‘radi. Men ularning siyosiy ahvoli tangligini aytdim. Yosh shoh yonida o‘tirgan vaziriga o‘n besh ming askar bilan biz ularning hammasini yengardik», dedi (147-bet).

A. Vamberi Tehronda ikki oy turgach, 1864-yil mart oyida Istanbulga qarab yo‘lga tushadi. Istanbulda hamasi bo‘lib uch soat (!) bo‘ladi, biroq shu vaqt ichida ham diplomat baron Fon-Prokash-Osten bilan uchrashadi va undan o‘zi to‘plagan ma’lumotlarni qanday ishlab chiqish haqida maslahat oladi. Istanbuldan so‘ng o‘z vatani Vengriya poytaxtiga o‘tadi. O‘sha vaqtlari Vengriyaning poytaxti bo‘lgan Peshtda mulla Ishoqni do‘stlari qo‘liga topshirib, yakka o‘zi Londonga — uni kutib turishgan shaharga yo‘l oladi. A. Vamberi Londonga 1864-yil 9-iyul kuni kirib keladi. «Men vata-nimda ham ko‘p turolmadim, chunki Angliya qirollik geografiya jamiyatiga o‘z hisobotimni olib borishga shoshilayotgan edim», deya o‘zini oqlashga urinadi A. Vamberi (148-bet).

Vamberi «O‘rta Osiyoga qilgan safarining asl mohiyati to‘g‘risida safarimning asl siri, mohiyati faqat ikki kishiga ayon edi», deb yozadi, lekin kimlar bu safarning siridan voqif bo‘lganligi haqida og‘iz ochmaydi.

VAMBERINING HISOBOTI

Tarixdan ma’lumki, XIX yuz yillikning o‘rtalari ing-lizlar Hindistonda o‘z mavqelarini mustahkamlab olgan, Afg‘oniston va O‘rta Osiyoga intilayotgan bir davr edi. Bu yillari rus armiyasi ham Orenburgga o‘rnashib olib, kelgusi yurishlarini Turkistonga qaratishni rejalashtirayotgan edi. Inglizlarga O‘rta Osiyoning siyosiy ahvoli, geografik mavqei, aho-lisi, armiyasi haqida aniq ma’lumotlar havo bilan suvdek zarur edi. Ular O‘rta Osiyoga yuborgan bir necha sayyohlar maqsadga erisha olmadi: qatl etildi, cho‘llarda suvsizlikdan nobud bo‘ldi, chegaralarda ushlab qolindi. Armin Vamberi inglizlarning so‘nggi umidi edi. U bu umidni to‘la oqladi. Vamberi aqlli edi, ilmli edi, ayyor edi. U har qanday qiyinchilikka jismonan chidadi, chunki yoshligi qiyinchilikda o‘tgan edi; u o‘z safari davomida berilgan har qanday so‘roqlarga aniq, to‘g‘ri javob berdi, uning ilm doirasi keng edi.

A. Vamberi o‘z hisobotiga kirishni Londonda 1864-yil 28-sentabrda yozib tugallagan.

A. Vamberi Xiva, Qo‘qon xonliklari va Buxoro amirligiga oid to‘la ma’lumotlar to‘play oldi. Armin Vamberi o‘z hisobotida siyosiy jabhada bir necha yil keyin kechishi mumkin bo‘lgan voqealarni ol-dindan bashorat qila oldi. Mana ayrim dalillar: I) A. Vamberi Xiva xonligiga qarashli 32 shahar va joyning Amudaryodan qancha mil uzoqqa joylashganligini aniqlab chiqqan. II) Uning aniqlashicha, Buxoro amirligining armiyasi 40 ming otliqdan iborat, kerak bo‘lganda 60 ming otliqqacha oshishi mumkin (169—186-betlar). III) Rossiyaning O‘rta Osiyo bilan aloqa qiladigan yo‘llari: 1) Xiva — -Astraxan — Orenburg; 2) Buxoro — Orenburg; 3) Toshkent — Orenburg va Qiziljar (Petropavlovsk); 4) Namangan va Oqsuv — Po‘lat (Semipalatinsk) (201-bet).

A. Vamberi yana O‘rta Osiyo xonliklari o‘rtasidagi yo‘llarni, ularning necha farsaxdan iborat ekanligini ham hisobotiga kiritgan.

Vamberi Angliyani O‘rta Osiyoni Rossiyaga berib qo‘ymaslikka chaqirgan, rus armiyasi O‘rta Osiyoga yaqinlashib kelayotganligidan ogohlantirgan. «Ayrim odamlar Londonda O‘rta Osiyo bizga kerak emas, kerak bo‘lsa ruslar olaversin, deb yuri-shibdi», — yozadi hisobotida A. Vamberi. — Angliyaning hind yerlariga Rossiyaning yaqinlashib ke-lishiga befarq qarashi mening aqlimga sig‘maydi. Rossiyaning O‘rta Osiyodagi xatti-harakatining muvaffaqiyat qozonishiga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Lekin Rossiya faqat Buxoro bilan chegaralanadimi? Va u o‘z intilishlarini Amudaryo bilan chegaralaydimi? Men Rossiya Turkistonni zabt etganidan so‘ng, bir kun kelib, Afg‘oniston yoki Shimoliy Hindistonga qarab yurishdan o‘zini tiya olishini tasdiqlaydigan siyosatdon bilan uchra-shishni istar edim. U hisobotini shu so‘zlar bilan tugallaydi: «Mening kamtarona fikrim shu. Brita-niya sheri rus ayig‘i bilan bu mamlakatlarda dushmanlik munosabatida bo‘ladimi yoki aka-ukalarcha o‘z o‘ljalarini teng bo‘lib oladilarmi — bu shunday masalaki, o‘zini filologik tadqiqotlarga bag‘ishlagan bir darvesh sifatida men bunga yaqinroq yondosha olmayman» (221-bet). Tarix shunga aniqlik kiritdiki, bu masalaga eng yaqin yondoshganlardan biri mana shu darveshning o‘zi bo‘lib chiqdi. 1864-yili 10-sentabr kuni chiqqan sonida «London Deyli telegraf» gazetasining Peterburgdagi muxbiri ruslar Toshkentni ishg‘ol etganligi haqida xabar beradi. A. Vamberi o‘sha kungi hisobotida buning to‘g‘riligiga ishonib bo‘lmaydi, biroq ruslar u -yerda harakat qilayotganliklariga shubha yo‘q, deb yozadi (221-bet). Vamberi bu masalada ham haq bo‘lib chiqadi. Haqiqatan ham, general Chernyaev 1864-yil 1-oktabr kuni o‘z askarlari bilan shaharga yaqinlashadi va 2-oktabr kuni Qo‘qon yo‘liga chi-qib, shu tomondan shaharga hujum uyushtiradi. Lekin bu hujum natijasida, uning qo‘mondonligidagi askarlar talafot ko‘radi, podpolkovnik Obux o‘ladi, podpolkovnik Lerxe yarador bo‘ladi. Bu muvaffaqiyatsiz hujum tufayli, general Chernyaev askarlaridan 18 kishi o‘ladi (2 tasi ofitser) va 60 kishi yarador bo‘ladi (2 tasi ofitser). Bu otryad 4-oktabr kuni Toshkentdan uzoqlashib, 7-oktabr kuni Chimkentga qaytib boradi (bu haqda qarang: A. I. Maksheev. Istoricheskiy obzor Turkestana i nastupatelnogo dvijeniya v nego russkix. S. Peterburg. Voennaya Tipografiya v zdanii Glavnogo shtaba, 199, str. 227).

Toshkentni ruslar 1865-yil 14-iyundan 15-iyunga o‘tar kechasi qattiq hujum bilan zabt etishadi (o‘sha kitob, 223-bet).

Bu hisobotidan so‘ng, A. Vamberi nimaga -erishdi, degan savol tug‘iladi. Rus sovet yozuv-chisi N. Tixonovning ancha yuzaki bitilgan «Vamberi qissasi»da (Toshkent, 1963) bu savolga Vamberi tilidan shunday javob beriladi: «Tortgan mashaqqatlarim, oqargan sochlarim uchun hech kim bir paqir to‘lamadi» (shu kitob, 54-bet). Bu, albatta, haqiqatdan yiroq fikr. Keyingi yillari topilgan hujjatlar shuni ko‘rsatadiki, alohida xizmatlari evaziga Armin Vamberi, amerikalik olim H. B. Paksoyning aniqlashicha, Britaniya Tashqi ishlar idorasi tomonidan muntazam oylik, keyinchalik pensiya bilan ta’minlanib turgan (bu haqda qarang: X. V. Paksoy. O‘rta Osiyoning yangi dostonlari. «Sentral eyshan servey» jurnali 6-tom, 1-son, 1987, 91-bet). Agar A. Vamberi 1913-yili vafot etganligini eslasak, 49 yil davomida Britaniya mojor sayyohiga pul to‘lab turgan bo‘lib chiqadi. Inglizlar bekorga pul to‘lamasligi barchaga ayon!

Londonda bir yil turib, A. Vamberi 1864-yilning oxirida O‘rta Osiyo bo‘ylab sayohat kitobini ingliz tilida chiqaradi va Yevropaga mashhur bo‘lib ketadi. Bir yildan so‘ng — 1865-yili Parij orqali o‘z vataniga qaytadi va Budapesht universitetida sharq tillaridan professor lavozimida ishlay boshlaydi.

A. Vamberi 1913-yil 15-sentabr kuni Budapeshtda 81 yoshida vafot etgan.

Xayrulla ISMATULLAYEV,

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1988-yil.

SHARE