Elchi Jorj Krol: “O‘zbek tilida turkmancha aksent bilan gapiraman”

AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Jorj Krol

Jorj A.Krol Oliy diplomatiya xizmatining professional a’zosi va elchixona maslahatchisi martabasiga ega, yaqin-yaqingacha Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari byurosida Davlat kotibi yordamchisiga o‘rinbosar bo‘lib xizmat qilgan edi. U 1982 yili diplomatiya xizmatiga ishga o‘tdi va 2003-2006 yillarda AQShning Belarusdagi elchisi bo‘lib xizmat qildi. U Varshava, Nyu-Deli, Sankt-Peterburg, Moskva, Kiev va Minsk shaharlaridagi AQSh elchixonalarida xizmat qildi hamda Davlat departamentining Rossiya masalalari bo‘yicha boshqarmasi direktori, Yangi mustaqil davlatlar bo‘yicha xos elchining maxsus yordamchisi singari vazifalarda ishladi. U, shuningdek, Milliy harbiy kollejda dars berdi va Davlat departamentining “Bitiruv seminari” a’zosidir. Elchi Krol bir necha marta Davlat departamentining “Xizmat ko‘rsatgan va yuksak sharaf” mukofotlariga sazovor bo‘lgan. U Garvard universiteti va Oksford universitetini (Angliya) bitirgan.

Toshkentdagi AQSh elchixonasida yangi elchi jurnalistlar bilan uchrashib, sof o‘zbek tilida suhbatni ochib, ularning savollariga javoblar berdi. Suhbatni muxbirimiz yozib oldi.

— Muhtaram elchi janoblari, O‘zbekistonga kelishdan avval sobiq elchi Richard Norland bilan bu yerdagi vaziyat, ish faoliyati haqida gaplashdingizmi?

— Ha, albatta. Nafaqat bu yerga kelishdan oldin, Richard Norland Toshkentda, men Vashingtonda ishlab yurgan kezlarimda ham doimiy telefonda muloqot qilib turardik. Uning aytishicha, bu yerda ishlash doimo qiziq. Men avval ham Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari byurosida Davlat kotibi yordamchisiga o‘rinbosar sifatida O‘zbekistonga tashrif buyurganman. Elchi sifatida kelganimga uch hafta bo‘lgan bo‘lsa-da, bu yerdagi odamlar bilan, rasmiy kishilar bilan muloqot qildim. Menga ularning samimiyligi juda yoqdi. Albatta bu yerda yashash va ishlash men uchun katta obro‘dir.

— AQSh mustaqilligi kuniga bag‘ishlangan tantanalarda Sizning o‘zbek tilida nutq qilganingiz ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Muhtaram elchi janoblari, sizning qiziqishlaringiz haqida bilmoqchi edik.

— Eng katta qiziqishim — o‘z ishim. Mening ishim — mening hayotim. Tarix yo‘nalishi bo‘yicha ham tahsil olganman. Nafaqat Amerika, o‘zim ishlagan davlatlar tarixi, madaniyati va tiliga qiziqaman, o‘rganishga harakat qilaman. Belorussiyada elchi bo‘lib ishlaganimda men har doim belorus tilida nutq so‘zlardim. Shuning uchun ham rus tilida beloruscha aktsent bilan gapiraman. Shuningdek, men o‘zbek tilida gapirganimda siz turkman aktsenti bilan gapirasiz, deyishadi. Bundan oldin turkman tilini ham o‘rganishga harakat qilgandim. Bu tillar bir-biridan farq qilsa-da, umumiy bo‘lgan jihatlari ko‘p. Ayniqsa, Markaziy Osiyo tarixi, madaniyati men uchun juda qiziq. Samarqand, Buxoro kabi shaharlarda buyuk madaniyat namunalari ko‘zga yaqqol tashlanadi. Toshkent shahri ham ikki ming yillik tarixga ega. Vashington esa bu shaharlardan ancha yosh. Tarixan shakllanib kelgan an’analar tadqiqi orqali bizning sizlardan o‘rganajak bir qancha jihatlarimiz mavjud. Masalan, Amerikada «mahalla» degan tushunchani har qancha izohlasangiz-da tushunishmaydi.

— O‘zbekiston bilan AQShning iqtisodiy munosabatlarini qanday baholaysiz? Qaysi sohalar bo‘yicha aloqalar yanada mustahkamlanadi, deb o‘ylaysiz?

— Fikrimcha, O‘zbekiston va AQShning savdo-iqtisodiy munosabatlari ancha past. Lekin O‘zbekistonning iqtisodiy potentsialini ijobiy baholayman. Mening vazifam Amerika kompaniyalariga O‘zbekistonda faoliyat yuritish imkoniyatlari haqida ma’lumotlarni yetkazish va ikki tomonlama hamkorlikka ko‘maklashishdir.

— So‘nggi uch oy mobaynida AQSh hukumat va jamoat vakillarining O‘zbekistonga tashrifi ko‘p kuzatildi. AQShning O‘zbekistonda yangi harbiy baza ochish niyati bormi?

— Bunday reja yo‘q.

— AQSh elchisining tarixiy obidalarni asrash jamg‘armasi faoliyati haqida nima deya olasiz?

— Faoliyat boshlaganimga uch hafta bo‘ldi. Hali bu jamg‘armaga kelib tushgan arizalarni to‘liq o‘rganib chiqqanim yo‘q. Tarixiy, madaniy obidalarni asrash, rekonstruktsiya qilish bo‘yicha eng yaxshi takliflarni amalga oshirishda ko‘maklashish niyatim bor.

Elchi janoblari o‘z so‘zlarini sof o‘zbek tilida quyidagi lafzlar bilan yakunladi:

Elchi Jorj Krolning o’zbekcha tilaklari

— Sizlarga chin qalbimdan kata rahmat.  Siz bilan tanishganimdan juda xursanman. Sizlarga kata omad tilayman!

Davronbek TOJIALIYEV tayyorladi.

SHARE