Ota-onamni AQShga chaqirsam bo’ladimi?

Qonunni bilish zarurligidan, uning normalariga rioya etish va bu hujjatlarga hurmat bilan qarash qanchalik muhimligidan xabardormiz, albatta. Bu yerda har qadamda huquq bilan bog‘liq turfa xil vaziyatlarga duch kelish mumkin. Shuni inobatga olib, tahririyatimiz “Huquqiy maslahatxona” ruknini ochgan. Unda gazetxonlarimizdan kelgan savollarga huquqshunoslarning javoblari berib boriladi. Marhamat, aziz mushtariy, bizga savollar yo‘llang.

Bugungi savollarga advokatura xodimi, yurtdoshimiz Marvarid O‘lmasova javob beradi. Agar M. O‘lmasova bilan bog‘lanmoqchi bo‘lsangiz, quyidagi telefon raqamini tering: +1(347)2004887

1. Men AQShga mehmon sifatida kirib kelganman. Aeroportda Immigratsiya xizmati xodimi mamlakatda 6 oy qolishimga ruxsat beruvchi “Oq karta” bergan edi. Uning muddatini uzaytirishim mumkinmi? Agar mumkin bo‘lsa, nima qilishim kerak?

Akmal

Javob: ”Oq karta” muddatini uzaytirish mumkin. Uning muddati tugashidan 45 kun avval Immigratsiya xizmatiga murojaat etish lozim. Buning uchun I-539 “Application to Extend/ Change Nonimmigrant Status” formasi to‘ldiriladi va unga pasportingiz, vizangiz hamda “Oq karta” nusxalari ilova qilinadi. AQShda bo‘lgan vaqtingizda o‘zingizning moddiy jihatdan ta’minlangan ekanligingizni ko‘rsata olishingiz Immigratsiya xizmati uchun o‘ta muhimdir.

2. Men AQShga “Grin karta” bo‘yicha kelganman. O‘zbekistonda xotinim va o‘g‘lim qolgan. Xotinim bilan fuqarolik nikohidamiz. Agar nikohimizni rasmiylashtirsak, xotinim bilan o‘g‘limni bu yerga olib kelsam bo‘ladimi?

Davron

Javob: Afsuski, bu jarayon yengil kechmaydi. Immigratsiya qonunchiligi bo‘yicha AQSh fuqarosi o‘z oilasini birlashtirish uchun ustunlikka ega. Siz, albatta, talabnoma yuborishingiz mumkin. Lekin “Visa number” olish 2-3 yil cho‘zilishi mumkin. Uni olganingizdan so‘ng ishingiz ko‘rib chiqiladi. Immigratsiya xizmatining ma’lumotlariga qaraganda, bu yili 2007-yilda yuborilgan talabnomalar ko‘rib chiqiladi. Mabodo oilangiz AQShda yashayotgan bo‘lsa (masalan, mehmon sifatida kirib olib), u holda oilangizni birlashtirish maqsadida talabnoma berishingiz mumkin. Ishingiz 9 oydan bir yarim yil vaqt mobaynida ko‘rib chiqiladi.

3. Yoshim 24da. “Grin karta” sohibiman. Yaqinda uylanish niyatim bor. Bo‘lajak umr yo‘ldoshim O‘zbekistonda yashaydi. To‘ydan keyin u tezroq AQShga kelish huquqini olishi uchun nima qilishimiz kerak?

Akbar

Javob: Umr yo‘ldoshingiz yo mehmon yoki student sifatida viza olib, AQShga kelisi mumkin. Afsuski, u doimiy yashovchining xotini sifatida mamlakatga kirish huquqini ololmaydi. U Visa numberga ega bo‘lishi kerak.

4. Men bu yurtda nolegalman. Sevgan qizim – AQSh fuqarosi. Uylanganimizdan so‘ngra men “Grin karta” olishim mumkinmi?

Aslam

Javob: Albatta. Umr yo‘ldo-shingiz I-130 Petition for Alien Relative talabnomasini yuborishi kerak. Siz nikohingiz soxta emasligini isbotlovchi hujjatlarni lmkoni boricha ko‘proq taqdim etishingiz zarur. Ishingiz 6-8 oy ichida ko‘rib chiqiladi.

5. Men va xotinim AQShda nolegal yashab kelayapmiz. Yaqinda o‘g‘il ko‘rdik.  Uning ushbu mamlakat fuqarosi maqomi bizga ta’sir qiladimi, ya’ni bizning legallashish imkoniyatimiz bormi?

Botir va Nargiza

Javob: Farzandingiz 21 yoshga to‘lmaguncha legallashish imkoniga ega emassiz.

6. Men AQSh fuqarosiman. Qallig‘im O‘zbekistonda yashamoqda. Men uni mamlakatga taklif eta olamanmi?

Ikrom

Javob: Ha, taklif eta olasiz. Qalliq vizasiga taqdimnoma yo‘llaysiz. Jarajon bir yilcha vaqt oladi. Immigratsiya xizmati iltimosingizni qondirgan holda, qallig‘ingiz mamlakatga “AQSh fuqarosi qallig‘i” maqomi bilan kiradi. Viza 3 oyga beriladi. Bu muddat ichida nikohlaringni rasmiylashtirib, “Grin karta”ga hujjat topshirishlaring kerak.

7. Men – AQSh fuqarosi. Ota-onamga “Grin karta” uchun hujjat yuborsam  bo‘ladimi?

Jamol

Javob: Ha. Siz Immigratsiya xizmatiga I-130 Petition for Alien Relative talabnomasini yo‘llashingiz lozim. Bir yil ichida ota-onangiz “Grin karta” oladi.

Toshpo‘lat RAHMATULLA tayyorladi.

SHARE