Farzandim ikki davlat fuqaroligini olishi mumkinmi?

Savol: Farzandim AQShda tug‘ilgan. U AQSh fuqarosi. Men va turmush o‘rtog‘im O‘zbekiston fuqarosi bo‘lganimiz uchun qizim ham O‘zbekiston fuqaroligini olib, ikki davlat (ham AQSh, ham O‘zbekiston) fuqarosi bo‘lishi mumkinmi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 21-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagona fuqarolik o‘rnatiladi. Demak, O‘zbekiston Respublikasida ikki fuqarolikka yo‘l qo‘yilmaydi.

”O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga ko‘ra, tug‘ilgan paytida ota-onasi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan bola, O‘zbekiston Respublikasi hududida yoxud O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida tug‘ilgan bo‘lishidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi hisoblanadi. AQSh davlati ikki fuqarolikka ruxsat bersa ham, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra faqat bir fuqarolikka ega bo‘lish mumkin va farzandingiz qaerda tug‘ilishidan qat’i nazar, ota-onasi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lganligi uchun, to‘g‘ridan to‘g‘ri O‘zbekiston Respublika-si fuqarosi hisoblanadi.

Farzandingizga O‘zbekiston Respublikasining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasini olish uchun AQShdagi O‘zbekiston elchixonasi yoki konsullik muassasasiga murojaat qilishingiz lozim. Bunda ariza va boshqa hujjatlar bilan birgalikda farzandingizning AQShda tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi asl nusxasini topshirishingiz kerak. Bu hujjat qaytarib berilmaydi. Ayni paytda, AQSh qonunchiligiga ko‘ra, farzandingizdan uning AQSh fuqaroligini tortib ololmaysiz. AQSh fuqaroligidan voz kechish qarorini, agar istasa, farzandingizning o‘zi voyaga etgandan so‘ng berishi mumkin. Demak, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra, farzandingizning AQSh fuqaroligi tan olinmaydi. AQSh qonunchiligiga ko‘ra esa, farzandingiz AQSh fuqarosidir va u bir paytda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ham bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalaridan tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani olish tartibi haqida gazetamizning oldingi sonlarida batafsil ma’lumot berganmiz. Qo‘shimcha ma’lumot uchun AQShdagi konsullik muassasasiga bog‘lanishingiz mumkin. Tug‘ilganlik guvohnoma-sini olish  uchun davlat boji undirilmaydi.

”O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasiga ko‘ra, ota-onaning fuqaroligi har xil bo‘lib, ulardan biri bola tug‘ilgan paytda O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lgan bo‘lsa va bu vaqtda ota-ona O‘zbekistondan tashqarida doimiy istiqomat qilayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida tug‘ilgan bolaning fuqaroligi ota-onasining yozma tarzda ifodalangan kelishuvi asosida belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga oid masalalarga doir arizalardan davlat boji undiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan imzolangan “Davlat boji stavkalari”ning 7-bandi a-qismiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish haqidagi arizadan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida davlat boji undiriladi.

Dilorom ABDULLAEVA tayyorladi.

SHARE