VAQTDAN G’OLIB SHAHAR

“Berlinga sayohat turkumidan

Dunyo ilmi beshigini tebratgan olimu fozillar yurti – Olmoniyaning bosh kentiga safarimiz avji saratonga to‘g‘ri keldi. Berlinga uchog‘imiz asta oyoq ilarkan, chor tomonga ajabsinib boqaman, oldinda kutayotgan hodisotlarni o‘zimcha xayolimda jonlantirishga urinaman. Aeroportda mezbon tomon vakili xushhol peshvoz chiqdi, muxtasar fursat ichida safarning asosiy tafsilotlari bilan tanishtirdi. Salkam ikki haftalik Berlin sayohatiga daxldor taassurotu tasvirotlar bir olam, ammo ularni barini ipga munchoq tergandek birma-bir tizib bayon etish – amri mahol. Shunday ekan, keling, Berlinda ko‘rgan-kuzatganlarimizdan bir shingilini baqadri imkon hikoya qilsak.

Barcha yo‘llar… Berlinga eltadi

Necha zamonki, Germaniya transport borasida ko‘hna qit’ada ancha-muncha davlatlarga so‘zini bermay kelayotir. Kengu ravon avtomobil yo‘llar, mustahkam po‘lat izlar, suv va havo bandargohlari mamlakatni devordarmiyon qo‘shnilaru yiroqdagi o‘lkalar bilan bog‘laydi. Butun mamlakatga qon tomiridek yoyilgan yo‘llar poytaxt Berlinda tutashadi. Bu shahar Olmoniyaning naq urib turgan yuragi! Ovro‘paning siyosiy markazlaridan biri sanalgan kentda qilo‘tmas qadrdoningizning uyida yurgandek xotirjam his qilasiz o‘zingizni. Ko‘cha-ko‘y, bog‘-xiyobon changu g‘ubordan xoli, qani endi kiyimingizga zarracha gard yuqsa! Moziyning aql bovar qilmas tilsimlariga shohid mo‘ysafid shahar mehmonlarni viqor-la qarshi oladi. Jahon muhorabasi taloto‘plaridan omon chiqqan salobatli imoratlar, shinavandalarni ohanrabodek o‘ziga tortayotgan serhasham muzeylar, odam oyog‘i uzilmaydigan muazzam san’at koshonalari, gavjum karvonsaroylar, munaqqash qubba va mezanalari ko‘kka bo‘y cho‘zgan kalisoyu masjidlar, marjon donalaridek tekis tizilgan qahvaxonalar… Bariga suqlanib – ziyrak va tiyrak nigoh bilan qaraysiz, hammasini bir lahzada ko‘rib, hayrat ummoniga g‘arq bo‘lgingiz keladi. Shaharda “eski dunyo”ning boshqa shaharlarida uchramaydigan o‘ziga xos me’moriy uslub ko‘zga tashlanadi. O’rgimchak to‘ridek bir-biriga ulanib ketgan, ilonizi – ilang-bilang jinko‘chalar yo‘q bu yerda. Bosh-keti ko‘rinmaydigan kentni kezarkansiz, bu shahar tarhini musallam bir donishmand chizib bergan-u, moniysifat me’mor tarhga astahidil rioya qilib, hashamatu nozik did mujassam imoratlarni quntu hafsala bilan qurib chiqqan deysiz…

Odamlari-chi, odamlari! Qo‘noqlarga ko‘makka oshiqadi, ehtiyotsizlik qilib turtib yuborsangiz, rioyagarchilik-la boqadi, uzrxohlik qilib, xijolatlarga qo‘yadi. Shaharda habashistonlik zanjilar, rumlik afandilar, andaluslik sinyorlar, farangistonlik kiborlar, ishqilib, qurama toifa bilan ro‘baro‘ kelasiz. Arabu ajam, tarsoyu musulmon shunda! Chor tomondan yopirilib kelayotgan sarguzashttalab sayyohlarni ko‘rib, dunyo shaharlari peshvosi, “Katta olma” deb nom chiqargan Nyu-Yorkka tushib qolgandek bo‘lasiz. (Darvoqe, Berlin XIX asrda xuddi Nyu-York kabi Ovro‘paning turli o‘lkalaridan oqib kelgan muhojirlarga boshpana bergan, hozir ham shaharda 150 chog‘li millat istiqomat qiladi).

Hayallaganning holiga voy!

Sayyoh zotini eng avval nima qiziqtirardi, albatta, jamoat transporti-da! Berlin transport tizimini “BVG” kompaniyasi idora qiladi. Poytaxt  va unga yaqin muzofotlarda xizmat ko‘rsatadigan kompaniya kunduzgi va tungi yuzlab yo‘nalishlarga ega. Har yerda hoziru nozir jamoat transporti – avtobus (Bus). Bu yog‘ini so‘rasangiz, Berlinda ot tortib yuradigan avtobusmonand transport ho‘v XIX asrning o‘rtasida ishga tushirilgan. Dunyoning qanchadan-qancha davlatiga antiqa ulovlarni yetkazib beradigan yurtda harakatlanayotgan avtobuslarning sifati borasida ortiqcha ta’rifu tavsifga hojat yo‘qdirov. Hatto inglizlarning alvonrang, qo‘shoshiyon “double decker”lariga “qarindosh” avtobuslar ham g‘izza-g‘izza yo‘lovchi tashiyotir. Haydovchilarning intizomi va belgilangan jadvaldan og‘ishmay harakat qilishiga havasingiz keladi. Har bir bekatda harakat qatnovi vaqti ko‘rsatilgan elektron tablo. Omadi gap: avtobuslarning jilla qursa biror daqiqa kechikkani, xiyol hayallaganini ko‘rmaysiz. Olmoncha aniq vaqt deganlari bu!

Musofiru muqimning uzog‘ini yaqin qiluvchi tramvay (Strassenbahn) Berlinda ko‘chalarida 1865 yildan buyon qatnaydi (Aytishlaricha, Ikkinchi jahon muhorabasidan keyin – shahar ikkiga bo‘lingan davrlar G’arbiy Berlinda tramvay olib tashlangan, ammo Sharqiy Berlin qo‘sh izli dastyor xizmatidan voz kechmagan). Tramvay yo‘lining umumiy uzunligi 190 kilometrdan oshadi, yo‘nalishlar – 22ta. Tezlik borasida avtobusdan qolishmaydigan tramvaylar kechayu kunduz gavjum, anvoyi manzaralar tushirilgan rango-rang vagonlar sargashta sayyohlar diqqatini tormay qo‘ymaydi.

Manziliga oshiqqan jonsarak yo‘lovchi metropoliten (U-Bahn) xizmatidan foydalangani durust. U subhi sodiq (4:00)dan yarim tun (01.00) gacha ishlaydi (shanba va yakshanba kunlar qo‘shimcha tungi qatnovlar yo‘lga qo‘yilgan.) Yo‘lovchilar ayni ko‘paygan payt qatnovlar o‘rtasidagi farq o‘rtacha 1,5 daqiqani tashkil etadi. Yevropaning eng ko‘hna metrolaridan biri sanalgan yer osti saroyida (Berlin metrosi 1902 yili bino qilingan) xarita bilan yurmasangiz, adashib-uloqib ketishingiz hech gap emas. Metropoliten yo‘lining uzunligi 151,7 km,  bekatlar soni esa 173ta. U7 deb atalgan birgina yo‘nalishning o‘zi 32 km chiqadi. Metropoliten – yo‘lovchilar eng ko‘p foydalanadigan, qishin-yozin jonga ora kiradigan jamoat transporti. O’zingiz qiyoslab ko‘ring: 10 million aholini bag‘riga olgan Moskvada metropoliten 12ta yo‘nalishda xizmat ko‘rsatadi, 3,4 million nufusli Berlin metrosi esa 9ta yo‘nalishga ega.

Jamoat transporti tizimida yer ustidagi metro deb atalgan elektrichka (S-Bahn) ham muhim o‘rin tutadi. Salkam 331 kilometr uzunlikdagi elektrichkalar orqali bu yog‘i, Potsdamu  Bernau, u yog‘i Teltovu Shtrausberg kabi shaharchalarga borish mumkin.

Hisobli do‘st ayrilmas, deyishadi. Yo‘lkira bahosi masofaga bog‘liq. Bir martalik qatnov o‘rtacha 1,2-1,5 yevroga to‘g‘ri keladi. Sayyohlar va mahalliy aholi asosan kunlik (7,5 yevro) yoki oylik (40 yevro) chiptadan foydalanadi. Deylik, shaharda uch kun turmoqchi bo‘lgan mehmon 19 yevroga “Berlin-Potsdam Welcome” kartochkasini sotib olgani ma’qul. Ushbu kartochka egasi muzeylarga 50 foiz, teatrlarga 25 foiz chegirma bilan kirish imkoniga ega. Ya’ni transport kompaniyasi shahardagi madaniyat maskanlari bilan hamkorlikda yo‘lovchiyu sayyohlarni ko‘proq jalb etish usullarini topish ustida bosh qotiradi.

Yevropaning boshqa rivojlangan davlatlarida bo‘lganidek Germaniya jamoat transportida chiptachilarni ko‘rmaysiz. Maxsus shaxobchadan chipta xarid qilgan yo‘lovchi komposter orqali uni aktivlashtirishadi va belgilangan muddat ichi foydalanib yuradi, muddati o‘tishi bilan yangisini xarid qiladi. Metropolitenda bizda bo‘lganidek turniketlar yo‘q, ammo bu shahar bedarvoza degani emas, vaqti-vaqti bilan jamoat transporti kompaniyasi taftish o‘tkazib turadi. Tekshiruv chog‘i chiptasiz yo‘lovchi qo‘lga tushgudek bo‘lsa, boplab jarimaga tortiladi. Bizga hamrohlik qilgan berlinlik hamkasblarning aytishicha, chiptasiz o‘g‘rincha jamoat transportiga chiqish holati kam kuzatiladi, odamlar o‘z vaqtida chipta sotib olish fuqarolik burchi ekanini juda yaxshi anglaydi. Ochig‘i, jamoat transportimizda gohida chiptachini ham ko‘zini shamg‘alat qilib juftakni rostlab qolishga urinayotganlarga duch kelib qolamiz. Ana shundaylarga vatanparvar olmonlardan ibrat olish kerakligini aytgingiz keladi…

Foytunda yurishga tobingiz qalay?

Azim shaharga sinashta bo‘lmagan mehmon nima qilardi, taksiga o‘tirib qo‘yaqoladi-da. Bu yog‘i “Mercedes-Benz”dek nomdor markali mashinalar gijinglagan toydek xizmatingizga shay turganidan keyin! Yengil avtoulovlarda bir ibratli holatga guvoh bo‘ldik. Avtoulovga o‘tirganingizdan keyin xavfsizlik kamarini taqmaguningizcha avtomat signal tinmaydi, kamarni taqqaningizdan keyingina ogohlantiruvchi ovoz o‘chadi. O’zbekistonda xavfsizlik kamarini taqish qonunan majburiy tus olganini bir necha yil bo‘ldi. Lekin, yashirib nima qildik, haligacha aksar haydovchiyu yo‘lovchilar uni o‘lganining kunidan, ordona qolgur jarimaga tortilmaslik uchungina ilib oladi. Bizningcha, O’zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomashinalarda ham xuddi olmonlardagi kabi ogohlantiruvchi signallar o‘rnatish zarur. Bu haydovchi va yo‘lovchilarimiz madaniyatini birdaniga yuksaltirib yubormasa-da, hartugul, xavfsizlikni saqlash borasidagi mas’uliyatni yodga solib turarmidi…

Taksiga pul sanashga og‘ringan yo‘lovchi kuniga o‘rtacha 25 yevro evaziga avtomobil ijaraga olishi mumkin. Gapning o‘g‘il bolasi, Berlinda harakatlanish uchun eng qulayi, eng hamyonbopi – velosiped! Har qadamda velosiped ijaraxonasi. Avtomobillar tirbandligi payti undan a’losi yo‘q! Velosipedchilarga alohida yo‘lak ajratilgan, yana deng, svetoforning maxsus chiroqlari ikki g‘ildirakli markab egalariga “ko‘z qisib turadi”. Darvoqe, velosipedli “suvoriy” andak toliqqan bo‘lsa, uni bemalol metropolitenga ham olib tushishi mumkin. Balki shuning uchundir, navqiron yigit-yalang qolib, yoshi bir joyga borgan keksalar ham velosiped minganini bot-bot ko‘rasiz.

Berlin daryo, ko‘l va suv havzalariga boy (Obi hayot bisyor bo‘lgani uchun ham shaharning “oshlig‘i vofir”!) Aytishlaricha, shahar bo‘yicha suv yo‘lining uzunligi 200 kilometrdan oshadi. Qiziquvchan mehmonlar shaharni kemayu qayiqda aylanib chiqadi. Kiroyi sayr degani mana bunday bo‘pti! Yer ostiyu yer usti transportining bir maromdagi harakatidan zerikkanlar Shpree daryosidagi suv taksisidan ham foydalanishi mumkin. Romantika ishqibozlari esa foytunga mini-i-ib shahar kezadi!

Olis shahar yoki qo‘shni davlatga o‘tish lozim bo‘lib qolsa, samolyotlar o‘z yo‘liga, “Deutche Bahn” kompaniyasining tezyurar poezdlariga o‘tirgan ma’qul. Safarimiz dasturiga Olmoniyaning sobiq poytaxti Bonn shahriga tashrif ham kiritilgandi. Berlindan Bonnga qadar bo‘lgan necha yuz farsax masofani ICE (Inter City Express) poezdida bir soatdan oshiqroq vaqtda bosib o‘tdik. Toza, orasta vagon mehmonxona bo‘lmasini yodga soladi, oromkursiga yastangancha manzilingizga qanday yetib kelganingizni sezmay ham qolasiz. Soatiga 300 km masofani ko‘rdim demaydigan ICE suvda suzgandek beozor ilgarilaydi, poyezdning na “chatoq-chatoq” shovqini, na ilkis harakati xalal beradi oromingizga.

Shahri sabz va Shopengauer

Berlinni Ovro‘paning eng yashil shahri deyishganicha bor. Shaharning chorak qismi daryo, ko‘l, xiyobon, o‘rmon, daraxtzor, maysazordan iborat. Berlinning qoq markazida bino bo‘lgan Katta Tirgarten (Groer Tiergarten) xiyobonini-ku bemalol keng-mo‘lgina qasaba desa bo‘ladi. Qani endi, vaqt bemalol bo‘lsa-yu, 210 gektarlik (!) xiyobonni to‘la aylanib chiqsangiz. Lekin shaharda yashil maydonlar ulkan hududni egallaganiga qaramay, yoz kunlarida bir qarich bo‘sh chimzorni topib bo‘psiz. Hatto mamlakat parlamenti qarshisidagi hayhotdek maysazor ham band: shartta chodir tikib, piknikni boshlab yuborgan oilalar ham shunda; o‘tloqqa yonboshlagancha, gazit mutolaa qilayotgan ham shunda; muk tushib, dars tayyorlayotgan tolibi ilm ham shunda. Alqissa, rub’i maskunda Berlindek shahri sabz kam!

Sukunatga cho‘mgan xiyobonlarni aytmaysizmi! Berlinning Unter den Linden shohko‘chasi bo‘ylab yayov yurib, Humbold nomidagi universitetdan o‘tsangiz  yo‘lning shundoqqina o‘ng biqinida – kunjakda mo‘jaz xiyobonni ko‘rasiz. Qiziq manzara, shohko‘chada hayot naq qirqquloqli qozondek qaynaydi, tashbeh o‘rinli bo‘lsa, it egasini, mushuk bekasini tanimaydian izdihom. Yo‘ldan bir necha odim chetga chiqsangiz esa, tinchu osuda xiyobonda ko‘rasiz o‘zingizni. Bir paytlar ancha mutaassir qilgan bir hikoyatni o‘qigandim…

Naql qilishlaricha, olmon faylasufi Artur Shopengauer Berlindagi xiyobonda sayr qila-qila toliqdi va tin olish uchun yo‘l chetidagi o‘rindiqqa cho‘kdi. Xayolot olamiga g‘arq rindnafas olim bu olamni unutgandi go‘yo. O’zicha nelarnidir pichirlayotgan alomat zot o‘tkinchi mirshabning sinchkov nazaridan chetda qolishi mumkinmi?!

– Salom, janob, marhamat qilib, kimligingizni ayting?

Faylasuf qarshisidagi mirshabga boshdan-oyoq razm solib chiqdi-yu, xo‘rsingancha so‘z qotdi:

– Agar shu savolga javob topishimga yordam bersangiz, sizdan aladdavom minnatdor bo‘lar edim…

(Albatta, bu o‘rinda har yerda hoziru nozir mirshabning “Ko‘rinishingiz andak shubhali, hujjatingizni ko‘rib qo‘ysak bo‘ladimi?” qabilidagi jo‘n savoliga tafakkurga cho‘mgan Shopengauer faylasufona javob berganini izohlab o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak.)

Xiyobonda allaqachon tarixga aylangan mirshab zotini ko‘rmadimku-ya, lekin negadir o‘zini, o‘zligini qidirgan Shopengauer yo‘l yoqasidagi, katta kanal bo‘yidagi shu so‘lim maskanda tin olmaganmikin degan xayolga bordim. Yana o‘yladimki, osoyishtalik istab ko‘chmanchilik ila hayot kechirgan, Ovro‘paning turfa shaharlarini kezgan o‘nlab mutafakkiru ijodkor pirovaridada aynan Berlinda qo‘nim topgani tasodif emas. Ular o‘zlari qidirgan sokinlikni shahri sabz – yashillik og‘ushidagi Berlindan topgan bo‘lsalar, ehtimol…

Sobirjon YOQUBOV

(Muallif olgan suratlar)

368 metrli teleminora chor tomondan “Berlin mana bu yerda!” deya yo‘l ko‘rsatib turadi.

 

Qo‘shoshiyonli, alvonrang avtobus yashil shahar bilan tanishtirishga shay.
Kemaga tushganning joni bir. Kiroyi sayr degani mana bunday bo‘pti!
Ko‘rsatilgan vaqtdan bir soniyaga kechikkan haydovchining holiga voy!
Velosipedlar koni: ko‘ngilga o‘tirishganini bemalol-bexijolat olavering. Faqat… ijara haqini to‘lashni unutmang-a!
Berlin yer osti saroyining tuynuklaridan biri
Otlig‘u piyoda, avomu xos, iqtisodu siyosatga daxldor jamiki qonunlar mana shu binoda tasdiqlanadi!
300 km masofani ko‘rdim demaydigan ICE mana shu!
Oy chiqsa ham, kun chiqsa ham – velosipedli “suvoriy”larga!
O’tmish va bugun poygasida kimning qo‘li baland keladi?!
Prezident qarorgohi. Tashidan xiyla osuda ko‘ringan bino ichida dunyo siyosatining katta masalalari hal etiladi.
Bu shaharda sizni har qadamda ayiqlar ta’qib qiladi, xavotirlanmang, jonlisi emas! Og‘irkarvon maymoqpolvon – Berlin ramzi. Shahar bayrog‘iga ham mana shu beg‘amu betashvish jonivor surati tushirilgan.
Olimpia stadioni (Olimpic stadium) 1936 yili qurib bitkazilgan va Olimpiada o‘yinlariga mezbonlik qilgan. Oradan rossa-rosa 70 yil o‘tib, bu maskanda futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlari o‘tkazildi.
Qizil ratusha (Rotes Rathaus). Berlinni so‘rayotgan hokimto‘ra mana shu tarixiy binoni qarorgoh tutgan.
Germaniya birligi ramzi: bir millatni ikki qutbga uloqtirib tashlagan qorong‘u kunlar ortda qolgani rost bo‘lsin!
Evrika! O’n kun izlay-izlay, axiyri, politsiyachilarni ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik.
Tramvayni ko‘rdingizmi, bilingki, Sharqiy Berlindasiz...
Artur Shopengauer mirshab bilan suhbatlashgan xiyobon shu bo‘lmasin tag‘in...
Berlin ahli bir zamonlar otani farzanddan, akani ukadan ajratgan “iblis devori” qoldiqlarini saqlab qo‘yganlar, toki kelajak avlod Olmoniya birligiga qancha zahmatlar bilan erishilganini bilsin!
Berlin osmonining qovog‘i uyildi: hozirgina ko‘k toqida ohista suzib yurgan parqu bulutlar g‘oyib bo‘ldi, yaqin soatlarda sharros yomg‘ir yog‘ib bersa ajab emas.
SHARE