Amerikacha ismingiz bormi?

Tanishlaringizdan kimdir ismingizni eslay olmasa yoki uni noto’g’ri talaffuz qilsa, jahlingiz chiqadimi? Bu holat, ayniqsa, xorijda ko’p takrorlanishi mumkin. Chunki dunyo xalqlarida ismlar rang-barang va ko’plab ismlar sizga qiyin va hatto g’alari tuyulishi tabiiy.

Bu Amerikada xorijlik talabalar ko’p duch keladigan muammolardan biri. Ba’zan yangi tanishgan do’stingizga ismingizni bot-bot takrorlashingiz kerak, ba’zida esa qog’ozga yozib berib, to’g’ri talaffuz etishi uchun yordamlashishingizga to’g’ri keladi. Chunki ayrim o’zbek ismlarini talaffuz qilish amerikaliklar uchun juda qiyin. Mana shunday holatlarda amerikaliklarning “antiqa” talaffuziga toqat qilib yashagandan ko’ra, o’z ismidan voz kechib, talaffuz uchun qulay bo’lgan “nikneym”lar yasab olayotganlar vatandoshlarimiz orasida ham talaygina. Biz ayni shu masalada bir necha vatandoshimiz bilan bog’lanib, ularning bu haqdagi fikr va tajribalari bilan o’rtoqlashdik:

Ergash: Mening ismim amerikaliklar uchun nisbatan talaffuz qilish oson bo’lgan ismlardan. Shunday bo’lsa ham ismim borasida Amerikada qiziq holatlar bo’lgan. Xalqaro talabalar bilan bir amerikalik o’rtog’imnikiga mehmonga borgan edik. Uning buvisi har birimiz bilan tanishib chiqayotib, mening ismimni so’radi. Ergash, desam, Garga, deb so’radi. Dasturxon atrofida o’tirganlar gur etib kulib yuborishdi. Qariya buviga ismim Garga bo’lib eshitilgan ekan. Shundan so’ng ancha paytgacha do’stlarim hazillashib meni Garga deb chaqirib yurishdi.

Yekaterina: To’liq ismimni Amerikada hech kim ayta olmagan. Odatda ko’pchilik meni Katya deb chaqiradi. O’zimni bu ismim bilan tanishtirsam, amerikaliklarni qiynab qo’yaman. Chunki ular “Katcha” deb talaffuz qilishadi, men esa ularga to’g’ri talaffuzni o’rgata olmay xunob bo’laman. Shuning uchun bo’lsa kerak, Kate (Keyt) deb chaqirish eng yaxshi yechimday tuyuladi. Ammo Keyt bu men emas, u umuman boshqa bir insonday tuyuladi men uchun. Albatta, o’z ismim bilan, ya’ni Katya deb chaqira olishlarini xohlardim. Afsuski, bu Amerika.

Qodirbek: Ismimni bu yerdagilar Kodiyrbek deb aytishadi. Aytishga qiynalganidan tillari buralib ketganday tuyuladi, ba’zan. Shuning uchun o’zimni ko’pincha Bek deb tanishtiraman. Hamsuhbatlar uchun ham, men uchun ham qisqagina Bek deb qo’ya qolgani yaxshi. Aslida, Amerikada barcha o’zbekning ismi Bek. Bekzod, Behzoddan tortib, Ulug’beku, Otabek, qo’yingki, barcha “bek” qo’shilib qolgan ismlar Bekka aylanib ketadi. Amerikalik tanishlarim “Sizlarda hammani Bek deb chaqirishadimi?” deb jiddiy so’ragan hollari ham bo’lgan.

Sirojiddin: Amerikaga kelishimdan oldin amerikaliklar uchun ismimni aytish shunchalik qiyin bo’ladi, deb o’ylamagan edim. Amerikalik tanishlarimning aytishicha, ismim juda uzun emish. Axir sizlarda ham Alexander, Emmanuel kabi to’rt bo’g’inli ismlar borku, deya hayron qolaman. Juda ko’pchilik ismimni buzib aytgani uchun o’zimni Sam deb tanishtirishni ma’qul ko’rdim. Sam ismi bilan Amerikaga moslashib ketishim ham ancha oson kechdi. Hozir o’zbekistonlik yoki o’rta osiyolik do’stlarim ham meni Sam deyishga o’tib ketishgan.

Odilbek: Ilk bor Amerikaga kelganimda Vashingtonda programmamiz rahbarlari barcha biz bilan birga kelgan o’rta osiyolik talabalarga amerikancha ism topib yoki nikneym yasab berayotganini ko’rdim. Navbat menga kelganda, “Seni Odik deya qolaylik”, deyishdi. Men qat’iylik bilan rad qildim. Ismimni aytish amerikaliklar uchun qiyin bo’lsa-da, bu ismni ota-onam shu ism bilan chaqirissin, deb qo’yishgan. Umuman, ismni o’zgartirishga men qattiq qarshiman. O’z ismimni esa har bir yangi tanishgan amerikalikka o’zim tirishqoqlik bilan talaffuz qilishni o’rgataman. Amerikaga kelganimga besh yildan oshayaptiki, barcha meni ismimni o’zgartirmay Odilbek deb chaqiradi.

Aziz Vatandosh! Sizda ham ismingiz bilan bog’liq qiziq voqealar ro’y berganmi? Xorijda sizni do’stlaringiz qanday ism bilan chaqirishadi? “Nikneym” qo’yish masalasiga qanday qaraysiz? Shu haqdagi fikr-mulohazalaringizni kutib qolamiz.

Dilorom ABDULLAYEVA

SHARE