Tarix o‘zgardi. Endi navbat kelajakka!

Iyun oyida Aleksey Yevstafeyev qo‘l ostidagi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasining Meksikada bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida kutilganidan-da muvaffaqiyatli ishtirokidan muhimroq voqea bo‘lmasa kerak.

Vatan og'lonlari. Meksika, © FIFA 2011

Birinchi urinish

O‘zbekiston FIFA bayrog‘i ostida o‘tkazilayotgan jahon chempionatlarida, agar ayni vaqtda Meksikada davom etayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi kichik mundialni hisobga olmasa, ikki marta ishtirok etgan. Avvaliga, 2002-yili Qatarda bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatini kuchli to‘rtlikda yakunlashga muvaffaq bo‘lgan Viktor Borisov shogirdlari 2003-yili Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazilgan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishgandi. Tarkibida, ayni vaqtda O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolariga aylangan futbolchilar – Aleksandr Geynrix, Ignatiy Nesterov, Jasur Hasanov, Mansur Saidov, Ilhom Suyunov, Eldor Magdeev, Islom Inomov, Yaroslav Krushelnitskiy, Marat Bikmaev kabi iqtidorli o’yinchilar bo‘lgan jamoa musobaqaning “V” guruhida amaldagi chempion Argentina, bo‘lajak finalchi Ispaniya hamda Afrikaning o‘sha vaqtdagi 3-jamoasi Mali bilan bir guruhdan joy olgandi.

O‘zbekistonning jahon chempionatlaridagi dastlabki ishtiroki ilk gol, ilk sariq va ilk qizil kartochka hamda uchta mag‘lubiyat bilan yodda qoldi, xolos. Qiziq tomoni, o‘sha “ilk”larning barchasi bir futbolchi – Islom Inomov nomi bilan bog‘liq. Jahon chempionatida “Buxoro” futbolchisi sifatida to‘p surgan tayanch yarim himoyachisi Mali yoshlariga qarshi uchrashuvda hisobni tenglashtirgan, keyin sariq kartochka olgan, so‘ng, ikkinchi sariqdan so‘ng qizil kartochka bilan jazolangan edi.

Bosh murabbiy Viktor Borisov hamda aynan Jahon chempionati uchun taklif qilingan germaniyalik maslahatchi-murabbiy Yurgen Gyode shogirdlari musobaqadagi o‘zlari ishtirok etgan har bir uchrashuvda muvaffaqiyatga yaqin kelishgan, ammo birinchi safar maydonda bir kishi kam bo‘lib qolganlik pand bergan bo‘lsa, keyingi, argentinaliklarga qarshi uchrashuvda hakamning ochiqchasiga Janubiy Amerika vakillariga yon bosishi oqibatida so‘nggi daqiqalarda durang natija qo‘ldan chiqarilgandi. Ispaniya yoshlariga qarshi so‘ng tur uchrashuvida esa hammasini o’sha vaqtda jahonning eng kuchli yarim himoyachilaridan biri hisoblangan, “Barselona” futbolchisi Andres Inyestaning individual mahorati hal qilgandi.

BAAdagi jahon chempionatida to‘p surgan futbolchilar haqiqatdan ham kuchli edi, ular o‘sha vaqtdayoq o‘z klublarining asosiy futbolchilariga aylanib ulgurishgandi. Ammo ularga omad kulib boqmadi. 2003-yilgi musobaqa o‘zbek futbolchilari alamli mag‘lubiyatdan so‘ng yig‘lay olishlarini ko‘rsatgan edi.

AQSh va O'zbekiston jamoalari o'yin oldidan. Meksika, © FIFA 2011

Ikkinchi urinish

2008-yili Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida Ahmad Ubaydullaev boshchiligidagi O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi, o‘sha vaqtda, futbol bo‘yicha terma jamoalarimizning Osiyo chempionatlaridagi eng yaxshi natijasini qayd etdi – o‘zbekistonlik yoshlar faqat finalda, BAAlik tengqurlariga mag‘lub bo‘lishdi. Musobaqa reglamentiga ko‘ra, kuchli to‘rtlikdan joy olgan jamoalar 2009 yilning kuzida Misrda bo‘ladigan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati yo‘llanmasi egasiga aylanardi.

2003-yilgi tarkibdan farqli o‘laroq, bu terma jamoaning aksariyat a’zolari o‘z klublarining asosiy futbolchilari hisoblanmasdi. Ubaydullaevning “bolalari”, 6 yil avvalgi jamoaga qaraganda nisbatan yengil – Gana, Angliya va Urugvaydan tashkil topgan guruhdan joy olgandi, ammo jamoamizning o‘zi 6 yil avvalgisidan kuchsizroq edi. Borisov shogirdlari o‘yinida xilma-xillik bo‘lgan ersa, Ubaydullaev jamoasi asosiy e’tiborni himoyaga qaratardi va oxir-oqibat bu narsa vakillarimizga ko‘p ham muvaffaqiyat keltirgani yo‘q. Yakunda Misrdagi musobaqa g‘olibiga aylangan Gana yoshlariga qarshi uchrashuvda bir bo‘lim chidab berib, birinchi bo‘lib hisobni ochishganiga qaramay, o‘zbekistonlik yoshlar 1:2 hisobida imkoniyatni boy berishdi; Urugvayga qarshi uchrashuvda himoyaviy taktikamiz umuman ish bermadi va jahon chempionatlaridagi ishtirokimiz davomida 0:3 hisobidagi ilk yirik mag‘lubiyat “egasi”ga aylandik. Faqat Angliyaga qarshi, deyarli hech nimani hal qilmaydigan uchrashuvda, keyin ma’lum bo‘lishicha, inglizlarning 3-tarkibiga qarshi uchrashuvda tezkor Ivan Nagayevning yagona goli evaziga 1:1 hisobidagi durangni qo‘lga kiritdik. Bu O‘zbekistonning jahon chempionatlaridagi ilk ochkosi edi.

2003-yilgi jahon chempionatidan so‘ng Aleksandr Geynrix, Islom Inomov va boshqalarga nemis klublari taklif bilan chiqishgandi, Ignatiy Nesterovga ingliz klublari qiziqish bildirayotgani haqida gap-so‘zlar paydo bo‘lgandi. Umuman, mundialdan so‘ng Geynrix Moskvaning SSKA, Marat Bikmaev Samaraning “Krilya Sovetov”, Yaroslav Krushelnitskiy Volgogradning “Rotor” jamoasiga yo‘l olgandi. Misrdagi musobaqadan so‘ng o‘zbekistonlik birorta futbolchi mamlakatimizni tark etgani yo‘q. Chunki ularning hech biriga na yaqin, na uzoq xorij klublaridan takliflar bo‘ldi. Shunga qaramay, quvonarli jihatlar ham yo‘q emas: ushbu jamoaning aksariyat a’zolari aynan jahon chempionatidan so‘ng o‘z klublarining asosiy futbolchilariga aylanishdi va ayni vaqtda ular O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi a’zolari hisoblanishadi. Vadim Abramov boshqaruvidagi hozirgi olimpiya terma jamoamiz futbolimiz tarixidagi eng kuchli termalardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

Yoshlarimiz navbatdagi golni nishonlashmoqda. Meksika, © FIFA 2011

Uchinchi urinish

2010-yili Toshkentda tashkillashtirilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida Aleksey Yevstafeyev qo‘l ostidagi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi faqat musobaqa finalida, futbolchilarining yoshi kichraytirilgani katta shubha ostiga olingan Shimoliy Koreya o‘smirlariga imkoniyatni boy berdi, xolos. O‘sha, ancha asabiy kechgan uchrashuvda asosiy himoyachilardan biri Sardor Rahmonov hamda terma jamoa sardori, uning yuragi hisoblangan Abbosbek Maxstaliev maydondan chetlatilgandi. O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Osiyoning amaldagi ikkinchi jamoasi sifati Meksikada bo‘lajak mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi hamda Yangi Zelandiya, AQSh va Chexiya o‘smirlari bilan bir guruhdan joy oldi. Yangi Zelandiyaga qarshi ilk uchrashuv va unda qayd etilgan natija o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarining hafsalasini pir qilgani rost gap. Bir tomondan, katta musobaqaning ilk uchrashuvidagi hayajon, boshqa tomondan, Toshkentdagi final uchrashuvida qizil kartochka olgan asosiy futbolchilarning yo‘qligi jamoamizga pand berdi. Umuman, o‘sha uchrashuv juda ham ko‘pchilikni, shu jumladan, Yangi Zelandiya o‘smirlari ustozi Aaron Makfarlanni ham hayron qoldirib, “Jamoamiz bu qadar yirik hisobda g‘alaba qozonganini eslay olmayman”, deyishigacha sabab bo‘ldi.

Mavzudan biroz chetga chiqib, yana tarixga qaytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston MDH va Boltiqbo‘yi mamlakatlari orasida o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etgan ikkinchi mamlakat hisoblanadi. 2007-yili Janubiy Koreyada tashkillashtirilgan musobaqada Tojikiston o‘smirlar terma jamoasi 1/8 finalgacha yetib borib, chorak final yo‘llanmasini perulik o‘smirlarga boy berishgandi. E’tiborli tomoni, guruh bosqichida tojikistonliklar faqat bir marta – amerikalik tengdoshalari ustidan g‘alaba qozonib, aynan o‘sha muvaffaqiyat evaziga pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritishgandi…

Guruh bosqichining 1-turida AQSh o‘smirlari Chexiyani yirik – 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratishgan va musobaqani yirik mag‘lubiyat bilan boshlagan O‘zbekistonga qarshi o‘yin oldidan favorit sifatida e’tirof etilishayotgan edi. Ammo vakillarimiz AQSh terma jamoasi qo‘rqqan narsa – birinchi turdagi mag‘lubiyat alamidan keyingi tajovuzkorlik hamda g‘alabaga bo‘lgan intilishdan to‘liq foydalanishdi. Avvaliga Temur Hakimovning nozik harakat bilan to‘pni sherigiga qoldirishi natijasida Bobur Davlatov jarima maydonchasi tashqarisidan turib raqib darvozasini juda chiroyli tarzda aniq nishonga oldi. Ikkinchi bo‘lim boshida AQSh o‘smirlari o‘zining asosiy hujum “quroli” — Alfred Koromaning individual xatti-harakatlari samarasi o‘laroq hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lishdi. Ammo birinchi bo‘limda Abbosbek Maxstaliyevning haqqoniy golini “o‘yindan tashqari holat”ga chiqarganidan o‘zini hijolat sezdimi, uchrashuvni boshqarib borgan rossiyalik hakam – Aleksey Nikolayev 54-daqiqada amerikaliklar darvozasi tomon shubhali, oxir-oqibat Maxstaliyevning goli bilan tugagan penaltini belgiladi. Uchrashuvdan so‘ng nafaqat futbolchi va murabbiylarning, balki deyarli barcha o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarining quvonchi chegara bilmasdi. “Bugungi o‘yinda qayd etilgan natija millatimiz uchun g‘oyat katta ahamiyatga ega”, deganida o‘zbekistonlik o‘smirlar ustozi Aleksey Yevstafeyev haq edi.

Jamoa sardori Abbosbek Maxstaliyev raqib posboni bilan yuzma-yuz. Meksika, © FIFA 2011

Chexiya o‘smirlariga qarshi uchrashuv vakillarimizning guruh bosqichidagi eng chiroyli o‘yini bo‘ldi. Darvoza to‘sinini birinchi bo‘lib Bobur Davlatov nishonga oldi, ammo hisobni birinchi bo‘lib chexlar ochishdi: uchrashuvning 23-daqiqasida belgilangan penaltini Lyubosh Yulish aniq amalga oshirdi. O‘smirlarimizda iroda bor ekanligi nafaqat Amerikaga qarshi o‘yinda, balki Toshkentda bo‘lib o‘tgan qit’a birinchiligida ham ko‘ringan edi. Ammo chexlarga qarshi uchrashuvda bu narsa o‘zini bor bo‘yi bilan ko‘rsatdi. Avvaliga Azizbek Murodovning yarim zarba – yarim to‘p uzatishini qabul qilib olgan Temur Hakimov hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda chexiyalik o‘smir himoyachilar va darvozabonning omadsizligidan terma jamoamiz sardori Abbosbek Maxstaliyev unumli foydalanib, vakillarimizni hisobda oldinga olib chiqdi: 2:1. Ushbu hisob o‘yin so‘ngigacha o‘zgarmadi. O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi guruhda birinchi o‘rinni egallagani holda keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, O‘zbekistonni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratgan Yangi Zelandiya guruhda uchinchi bo‘ldi, xolos.

Vakillarimiz o‘sha, Chexiyaga qarshi bahsdayoq terma jamoalarimizning jahon chempionatlaridagi dastlabki yirik g‘alabasini qayd etishlari mumkin edi, ammo, keyin bilsak, bu narsa Avstraliyaga qarshi nimchorak final o‘yiniga qoldirilgan ekan. Ushbu jamoalar Toshkentda o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining yarim finalida ham to‘qnash kelgan bo‘lib, oson bo‘lmagan uchrashuvda vakillarimiz, Abbosbek Maxstaliyevning dubli evaziga 2:1 hisobida g‘alaba qozonishgandi. Jahon chempionatidagi o‘yin ham Evstafeev shogirdlari uchun oson bo‘lmasligi taxmin qilingandi, o‘yin oldidan ko‘pchilik avstraliyaliklarning g‘alabasini taxmin qilgandi. Ammo o‘smirlarimiz hamma narsa maydonda hal qilinishini isbotlashdi. Maxstaliyev, Temur Hakimov, Yorbekovning gollari hamda Chepmenning avtogoli vakillarimizga 4:0 hisobidagi ham yirik, ham tarixiy, ham rekord g‘alabani tuhfa etdi. O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi, SSSR parchalanganidan so‘ng, FIFA bayrog‘i ostida o‘tkazilayotgan jahon chempionatlarida chorak finalga qadar yetib kela olgan ikkinchi jamoaga aylandi. Bungacha, 2006-yili Germaniyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati bahslarida Oleg Bloxin murabbiyligi hamda Andrey Shevchenko sardorligidagi Ukraina milliy terma jamoasi yarim final ostonasida bo‘lajak jahon chempioni Italiya terma jamoasiga 0:3 hisobida imkoniyatni boy bergandi.

Qiziq tomoni, o‘smirlar o‘rtasidagi Meksikada bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionati nimchorak finalida O‘zbekiston bilan bir guruhda o‘rin olgan jamoalarning pley-offdagi bahslarida ham yirik hisoblar qayd etildi. Guruhimizda ikkinchi bo‘lgan AQSh terma jamoasi Germaniya o‘smirlariga 0:4 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, yaponiyalik o‘smirlar Yangi Zelandiyani undan ham yirikroq – 6:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratishdi.

O‘zbekiston chorak finalda Urugvay bilan o‘ynaydigan bo‘ldi. Vakillarimiz guruh bosqichidagi barcha uchrashuvlarni Torreon shahrida o‘tkazdi va haqiqiy ma’noda mahalliy futbol ishqibozlarining suyukli jamoasiga aylana oldi. Meksikaliklar Torreonda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasining fan-klubini tashkil qilib, unga rahbarlik qilayotganlar: “O‘zbekistonliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun, kerak bo‘lsa, Monterreyga borishga ham tayyormiz”, degan gaplarni aytishdi. Monterreyda bo‘lib Urugvayga qarshi o‘yinda deyarli butun stadion o‘zbekistonliklarni qo‘llab-quvvatladi, ammo bu narsa, baxtga qarshi, bizga foyda bergani yo‘q.

Urugvayga mag'lub bo'ldik, ammo Vatanga qahramon bo'lib qaytdik! Meksika, © FIFA 2011

Qahramonlar

Musobaqa chorak finalida vakillarimiz Urugvay qarshiligini sindira olishmadi. Musobaqaning eng hujumkor jamoalaridan biri sifatida e’tirof etilgan vakillarimiz o‘yinini sinchiklab o‘rgangan urugvaylik o‘smirlar hujumchilarimizga markazdan yorib kirish imkonini umuman berishgani yo‘q. Yarim himoyachilarimizning havodan jarima maydonchasiga uzatgan to‘plari esa urugvaylik himoyachilar uchun sovg‘a bo‘laverdi. Urugvay o‘z o‘yinini himoyadan tashkil qildi va uchrashuvning borishini nazorat qilib turdi, ikkita juda qulay vaziyatga ega bo‘lganda esa ularni golga aylantira oldi.

O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi, Meksikaga yo‘l olish oldidan, O‘zbekiston televideniyesiga intervyu bera turib: “Mamlakatimiz mustaqilligining 20 yilligiga to‘yona bilan qaytishga harakat qilamiz”, degandi. O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasidan, ko‘pchilik, yaxshi bir ishtirokni kutgandi, xolos. Bugunga kelib ular qahramonlarga aylanib bo‘lishdi. Urugvayga imkoniyat boy berildi, ammo bundan hech kim xafa bo‘lmasa kerak. G‘alaba qozonsak, yarim finalga chiqsak yaxshi bo‘lardi, ammo Yangi Zelandiya bilan o‘yindan keyin chorak finalga yetib kelishimizni hech kim taxmin ham, orzu ham qilmagandi. Bo‘ldi, musobaqa tugadi, ushbu o‘smirlar terma jamoasi ham amalda o‘z faoliyatini yakunladi. Ammo undagi iqtidorlarni saqlab qolish kerak. Ya’ni, ularni yaqin va uzoq xorijning kuchli klublariga eksport qilish kerak. Toki ular hozirgi qahramonlarni kelajakning qahramonlariga aylantira olishsin!

Muhrim A’ZAMXO’JAYEV

SHARE