O’zbekistonning tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnomasini qanday olish mumkin?

Savol: Farzandimiz AQShda tug’ildi. Yaqinda O’zbekistonga bormoqchimiz. Farzandimizga O’zbekiston Respublikasining tug’ilganlik guvohnomasini olishimiz kerakmi? Uni AQShdan turib olish tartibi qanday?

Javob: “O’zbekiston Respublikasining fuqaroligi to’g’risida”gi qonunning 13-moddasiga ko’ra,  tug‘ilgan paytida ota-onasi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan bola, O‘zbekiston Respublikasi hududida yoxud O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida tug‘ilgan bo‘lishidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi hisoblanadi.

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 21-moddasiga ko’ra, O’zbekiston Respublikasining butun hududida yagona fuqarolik o’rnatiladi. Demak, O’zbekiston Respublikasida ikki fuqarolikka yo’l qo’yilmaydi.

O’zbekiston Respublikasi Konsullik ustavining 44, 45-moddalariga binoan, konsul O‘zbekiston Respublikasining havo, dengiz, daryo kemasida biror shaxsning tug‘ilganligi yoki vafot etganligi to‘g‘risida ma’lumot olgach, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq tug‘ilganlik yoki vafot etganlik to‘g‘risidagi holatni ro‘yxatga oladi hamda xorijiy davlatlarda tug’ilgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining farzandlariga tug’ilganlik guvohnomasini beradi.

Demak, AQSh hududida tug’ilgan farzandingizga tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnomani O’zbekiston Respublikasining AQShda joylashgan konsullik muassasasi beradi. Tug’ilganlik guvohnomasini O’zbekistonga safar qilishdan oldin olishingiz lozim. Konsullik farzandingizga tug’ilganlik guvohnomasini berish bilan birgalikda ota-onalardan birining pasportiga farzandning fotosurati yopishtirilgan ma’lumotnomani ham yozib beradi. Tug’ilganlik guvohnomasi va ota-onalardan birining pasportidagi bola haqidagi ma’lumot bilan farzandingizni O’zbekistonga bemalol olib borishingiz mumkin.

O’zbekiston Respublikasining AQShdagi elchixonasida belgilangan tartibga ko’ra (www.uzbekistan.org), farzandingizga tug’ilganlik guvohnomasini olish uchun ota-ona yoki ulardan birining nomidan shu mazmunda ariza yozib, ota-onaning pasportlari, ota-onaning nikoh guvohnomasi nusxasi, bola tug’ilganligi to’g’risida AQShdan olingan guvohnomaning asl nusxasi (rus yoki o’zbek tilidagi rasmiy tarjimasi bilan), bolaning pasport o’lchamidagi ikki dona fotosuratini konsullik muassasasiga topshirishingiz lozim.

Tug’ilganlik guvohnomasini olish uchun pul to’lanmaydi. “O’zbekiston Respublikasining konsullik yig’imlari tarifi” haqidagi hujjatning 31-moddasiga muvofiq, tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnoma uchun konsullik yig’imi olinmaydi.

Vashingtonda joylashgan O’zbekiston elchixonasi quyidagi shtatlarda joylashgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolariga konsullik xizmatlarini ko’rsatadi:

Alabama, Arkanzas, Kolarado, Delover, Florida, Jorjiya, Kentuki, Luiziana, Merilend, Missisipi, Shimoliy Karolina, Janubiy Karolina, Oklahoma, Tennesi, Texas, Virjiniya, G’arbiy Virjiniya, Vashinton shahri.

Qolgan shtatdagilar Nyu Yorkda joylashgan konsullikka (www.uzbekconsulny.org) murojaat etishlari lozim. Hujjatlarni pochta orqali jo’natishda, tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnomani sizga jo’natishlari uchun oldindan xizmat haqi to’langan FedEX yoki USPS pochta konvertini qo’shib jo’natishni unutmang. Hujjatlarni pochta orqali yuborishdan oldin elchixona yoki konsullik bilan bog’lanib, yana bir bor ularning maslahatini olishingizni tavsiya qilamiz.

Dilorom Abdullayeva tayyorladi.

SHARE