Doimiy muddatga OVIR olish mumkinmi?

Savol: OVIR vizamning muddati tugaganiga 3 yildan oshdi. AQSh fuqarosiga turmushga chiqqanman, hali AQSh fuqaroligiga o’tmadim. Keyingi yil O’zbekistonga borish niyatimiz bor. Kirishda OVIR so’ramasliklarini bilaman, lekin chiqishda yana bu vizani olgan bo’lishim shartmi? Har safar borganda yangi OVIR olmasdan, uni bir marta doimiy muddatga olish mumkinmi?

Javob: O’zbekiston Respublikasining “O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi to’g’risida”gi qonuni 6-moddasiga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lgan erkak yoki ayolning chet el fuqarosi bilan yoxud fuqaroligi bo’lmagan shaxs bilan nikohdan o’tishi, shuningdek bunday nikohning bekor qilinishi er yoki xotinining fuqaroligi o’zgarishiga sabab bo’lmaydi. Demak, AQSh fuqarosiga turmushga chiqqan bo’lsangiz ham (agar o’z xohishingiz bilan O’zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqishni so’rab murojaat qilmagan bo’lsangiz)  siz O’zbekiston Respublikasi fuqarosi hisoblanasiz. Bundan kelib chiqadiki, sizning O’zbekiston Respublikasidan chet elga chiqishingiz hamda O’zbekistonga qaytib kirishingiz kabi masalalarda O’zbekiston Respublikasi fuqarolariga qanday qoida qo’llanilsa, sizga nisbatan ham shunday qoidalar tatbiq etiladi.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining chel elga borishlari tartibi to’g’risida”gi 1995-yil 6-yanvardagi 8-sonli qaroriga 1-ilovaning II bo’lim, 1-bandiga ko’ra, chet elga bormoqchi bo’lgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolari belgilangan tartibda anketa-arizani to’ldirgan va O’zbekiston Respublikasi pasportini taqdim etgan holda yashash joylari bo’yicha ichki ishlar organlariga murojaat qiladilar. Ichki ishlar organlari fuqarolarning anketa-arizasini 15 kunlik muddatda ko’rib chiqadilar va uning pasportiga chel elga vaqtinchalik borish uchun ikki yil davomida amal qiladigan ruxsat berish yozuvi stikeri (OVIR) ni yopishtiradilar.

Siz birinchi marta AQShga kelishingiz oldidan yuqorida keltirilgan tartib bilan  ikki yil muddat davomida chet elga chiqish uchun ruxsatnoma (OVIR) olgansiz. Ushbu ikki yillik muddat tugab siz O’zbekiston Respublikasiga qaytganingizdan so’ng yana O’zbekiston Respublikasidan chiqish uchun ruxsatnoma (OVIR) olishingiz kerak bo’ladi. AQShda doimiy yashash ruxsatnomasiga ega bo’lsangiz O’zbekiston Respublikasining chel elga doimiy yashash uchun ketayotgan fuqarosi sifatida yuqorida keltirilgan ikki yillik chet elga chiqish uchun ruxsatnoma emas, balki chet elga chiqish uchun muddatsiz ruxsatnoma olish huquqiga egasiz. Buning uchun pasportingizni taqdim etgan holda yashash joyingiz bo’yicha (ya’ni pasportingiz bo’yicha O’zbekiston Respublikasidagi manzilingiz) ichki ishlar organiga murojaat qilasiz. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqorida keltirilgan qarori 1-ilovasi, 2-bo’limi, 2-qismiga ko’ra, doimiy yashash uchun chet elga ketayotgan shaxslarga ichki ishlar organlari ularning pasportidagi vizalar uchun nazarda tutilgan betga doimiy yashash uchun chet elga borishga ruxsat berish yozuvi stikerini amal qilish muddatini ko’rsatmasdan yopishtiradilar. Doimiy yashash uchun chet elga ketayotgan shaxslar uchun hujjatlarni ko’rib chiqish muddati 30 sutkagacha uzaytirilishi mumkin.

Demak, siz O’zbekiston Respublikasiga borib, yana AQShga qaytishingiz uchun albatta OVIR olishingiz kerak, lekin siz ikki yillik muddatdagi OVIR uchun emas, balki doimiy yashash uchun chet elga ketayotgan O’zbekiston Respublikasi fuqarosi sifatida muddatsiz OVIR olish uchun murojaat qilishingiz kerak.

Dilorom Abdullayeva tayyorladi.

SHARE