Kompyuterda o’tirgan bolalar

Kompyuter bolalar uchun foydami-zarar? Bu texnika yordamida suratlarni harakatlantirib, so‘zlar talaffuzini turli effektlar yordamida eshittirib mashg‘ulotlar olib borish nechog‘li foydali? Kompyuter yoki televizor ekraniga termulib o‘tirishning zarari qay darajada?

Radiatsiya

Ko‘pgina zamonaviy kompyuterlar ma’lum miqdorda radiatsiya darajasiga ega. Agar oddiy kompьyuterdan chiqayotgan radiatsiya bolalar uchun xavfli bo‘lsa, u boshqa kattalar uchun ham xavfli bo‘lgan bo‘lardi va biz hammamiz kompyuterdan uzoq bo‘lish haqida ogohlantirilgan bo‘lardik. Avvalgi elektron-nurli trubka (SRT yoki ENT) monitorlar katta va qo‘pol ko‘rinishda bo‘lib, ulardan chiqayotgan radiatsiya chindan ham xavfli edi.  Bu radiatsiya turiga ta’sirchan bo‘lgan aholi (aholining  20 foizini shunday insonlar tashkil qiladi) uzoq muddat davomida nurning zararli ta’siri ostida bo‘lib, kayfiyatsizlikka tushadi, immuniteti pasayadi. Suyuq kristalli displeyga ega bo‘lgan hozirgi zamonaviy (LCD) monitorlarda esa bunday muammo yo‘q va u hozirda ko‘p mamlakatlarda me’yor deb qabul qilingan.

Agar Siz hali ham SRT monitorli kompyuterdan foydalanayotgan bo‘lsangiz, imkon qadar tez  LCD monitor olish tavsiya etiladi. Bu ham Sizning, ham farzandlaringizning sog‘lig‘i uchun muhim.

Ko‘z zo‘riqishi

Kompyuterning ko‘zni toliqtirishi uning monitori turiga va ayniqsa monitorning yangilanish chastotasiga bog‘liq. SRT monitorlarning  yangilanish chastotasi quyi darajada bo‘lib, bunday monitorlarga yaqindan qarasangiz, ekranning yonib-o‘chayotganining guvohi bo‘lasiz. Bunday monitorlardan uzoq muddat foydalanish ko‘zning toliqishiga sabab bo‘ladi. Zamonaviy monitorlarda esa yuqori yangilanish chastotasi bu muammoni aytarli darajada kamaytiradi. SRT ekranlar bilan ko‘zida muammolar paydo bo‘lgan odamlar LCD yoki plazma ekranlardan nolimaydilar. Shu bilan birga xona etarli darajada yoritilgan bo‘lishi ahamiyatli.

Flesh darslar

Ko‘p ekspertlarning fikricha bolalarning flesh darslariga qiziqib o‘tirishining sababi “yo‘naltirilgan javob reaktsiyasi” deb nomlangan primitiv refleksdir. “Yo‘naltirilgan javob reaktsiyasi”ning mohiyati bolaning diqqatini g‘aroyib ko‘rinish yoki tovushga yo‘naltirib, keyin qo‘rqinchli tuyulishi mumkin bo‘lgan tasvirga ulanadi. Ayrim televizion dasturlarda tez o‘zgarishlar bo‘lishi yoki syurprizlar, masalan, multfilmda kuchukcha yoki biror odamning to‘satdan kirib kelishi, diqqatni ushlab turishi, bolalarni qiziqtirishi mumkin. Lekin bu kabi tez o‘zgarishlarga va syurprizlarga boy multfilьm va dasturlar keyinchalik bolaga diqqatini jamlashga to‘sqinlik qiladi.

Asalning ham ozi shirin

Xuddi televizor kabi kompyuter orqali ham juda ko‘plab foydali ma’lumotlarga ega bo‘lamiz. Farzandingiz uchun kompyuter orqali ko‘rsatayotganingiz o‘qish va o‘rganishiga yordam berishi mumkin, lekin bu bolalar istaganicha kompьyuterda o‘tirishi kerak degani emas.

TV bilan bo‘lgani kabi kompyuter bilan ishlashda ham me’yor bo‘lishi kerak.  2 yoshdan kichik bolalar 1 kunda 1 soat – 30 minutdan 2 marta. 1 yoshdan kichik bolalarga esa 1 kunda yarim soat – 15 minutdan 2 marta ruxsat etilishi mumkin.

Kompyuter bolaga turli bilimlarni o‘rgatish va o‘zlashtirishda juda yaqin samarali yordam beradi. Hozirgi zamonaviy monitorlar bolalar uchun xavfli emas. Sekin-astalik va muloyimlik bilan boradigan flesh darslar va multfilьmlar ham bolaga zarar qilmaydi. Lekin shunga qaramay, farzandingiz kompyuterda o‘tirganida e’tiborli bo‘ling. Charchasa, diqqati kamaysa, o‘tirmasin. Turli mashg‘ulotlar o‘tkazmoqchi bo‘lsangiz, o‘zingiz ham u bilan birga o‘tirib shug‘ullaning, shunda ham qiziqarli, ham samarali bo‘ladi.

Nargiza PO‘LATOVA,

www.farzand.uz

 

SHARE