Toshkentda milliy cholg’u ijrochilari tanlovi o’tkazildi

    Andijon viloyati Buloqboshi tumani "Sultonmurod" karnay-surnaychilar guruhi © Pressphoto.uz

    5-6 avgust kunlari Toshkent shahridagi G`afur G`ulom nomli madaniyat va istirohat bog`ida “Barhayot navolar” turkumidan milliy cholg`ular ijrochilarining Respublika ko`rik-tanlovi o`tkazildi. Unda barcha viloyatlardan karnay-surnay, qo’shnay, bulamon, chanqovuz, sibizg’a kabi qadimiy milliy cholg’u asboblari ijrochilari ishtirok etdi.

    Tanlov O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va Sport ishlari vazirligi Respublika xalq ijodiyoti va madaniyat-ma’rifat ishlari ilmiy-metodik hamda axborot markazi, xalqaro “Oltin meros” xayriya jamg`armasi, O`zbekiston “Milliy Tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi hamda G`afur G`ulom nomli madaniyat va istirohat bog`i hamkorligida tashkil etildi. Tanlovning Qoraqalpog`iston respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlarda o`tkazilgan bosqichlarida 500 dan ortiq ijrochilar ishtirok etib, unda go`lib deb topilgan 87 nafar milliy cholg`u ustalari respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo’ldi.

    Karnay-surnaychilar guruhi xalq marosimlarida ijro etiladigan qadimiy, noyob, deyarli unutilayotgan kuylarni va zamonaviy bastakorlar asarlarini ijro etgan bo’lsa, qo`shnay, chanqovuz, bulamon, sibizg`a va boshqa qadimiy cholg`ular ijrochilari o`z hududlariga mos bo`lgan milliy kuylardan namunalar ijro etdi.

    Tanlov natijasiga ko`ra, karnay-surnay guruhlari orasida birinchi o`rinni Andijon viloyati Buloqboshi tuman madaniyat va sport bo`limi qoshidagi “Sultonmurod” (Ajdar) karnay-surnay guruhi, ikkinchi o`rinni ikki guruh – Toshkent shahri “Astrobod” karnay-surnay guruhi va Samarqand viloyati Kattaqo`rg`on shahar madaniyat va sport ishlari bo`limi qoshidagi karnay-surnaychilar guruhi, uchinchi o`rinni  esa Toshkent shahar Zangiota tuman madaniyat va sport ishlari bo`limi qoshidagi karnay-surnaychilar guruhi, Buxoro shahar madaniyat va sport ishlari bo`limi qoshidagi karnay-surnaychilar guruhi hamda Sirdaryo viloyati Guliston tuman madaniyat va sport ishlari bo`limi qoshidagi “Alpomish” karnay-surnaychilar guruhi egalladi.

    G'oliblar © Pressphoto.uz

    Yakka cholg`u ijrochiligi bo`yicha birinchi o`rinni  Xorazm viloyati Urganch shahar madaniyat va sport bo`limi 1-son madaniyat uyi qatnashchisi Lochinbek Mo`minov, ikkinchi o`rinni Samarqand shahar san’at kolleji musiqa o`qituvchisi Bahodir Bobojonov va Namangan viloyat Chust tumanidagi surnaychi Ne’matjon Nurmatov hamda uchinchi o`rinni  Qoraqalpog`iston respublikasi Nukus tumani sozandasi Ozod Otarbekov, Toshkent villoyati Qibray tumani sozandasi Dilmurod Umarxo`jaev va Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanidagi sozanda Parda Begatov qo’lga kiritdi.

    Quyida muxbirimiz ushbu tanlovdan tayyorlagan videoreportajni e’tiboringizga havola etamiz.

    Husniddin ATO,

    Toshkent

    SHARE