Birinchi o’zbek millioneri

Mavlon SHUKURZODA

Amerikadagi turkistonliklar jamiyati asoschilaridan biri Isoqjon Narziqulning hayot quvonchlari va tashvishlari haqida

«Fojiaviylik odam ichki dunyosining tub mohiyatidir. Adolat, haqqoniylik yo‘lidagi faoliyatda yovuz kuchlarga duch kelinganda, shaxs xususiyati fojiali kechinmalar orqali ochila boradi. Fojia – odamning baxt yo‘lidagi qayg‘uli hamrohidir. Bu bir vaqtning o‘zida ham sevgi-muhabbat, ham nafrat, ham da’vat, ham sadoqat bo‘lib, oxir-oqibat, odamning o‘z umri badaliga o‘zligini namoyon qila olishidir».

Chingiz Aytmatov

Isoqjon Narziqul Germaniya kansleri Gelmut Shmidt bilan, Bonn, 1982-yil

Isoqjon Narziqul Turkiston-Amerika Assotsiatsiyasi prezidentlari orasida tadbirkorligi, ishbilarmonligi va tashkilotchilik qobiliyatlari bilan alohida ajralib turardi. U vatansevar, millatparvar inson edi.

Isoqjon Jizzax shahrida tavallud topdi. Yoshligidan bilimga chanqoqligi, intiluvchanligi bilan ko‘zga tashlangan o’spirin Toshkentdagi harbiy bilim yurtiga o’qishga kiradi. Oqishga kirar-kirmas, 2-jahon urushi boshlanadi. Isoqjon o’qishni tezkor dastur asosida tugatib, birinchilardan bo’lib urushga jo’naydi va urushda leytenant harbiy unvoni bilan rotaga komandirlik qiladi. Shafqatsiz kechgan janglardan birida armiyasi dushman qurshovida qolib, asirga tushadi.

Isoqjon asirlikda konslager azoblarini boshidan kechiradi… Keyinchalik Turkiston legioniga qabul qilinadi. Urushdan so‘ng Chexoslovakiyada qolib, u yerda slovak millatiga mansub Yeva ismli juvonga uylanadi. Undan ikki o‘g‘il ko’radi. Keyinroq Germaniyada yashab, 1949-yili Chexoslovakiya fuqarosi sifatida AQShga ko‘chib ketadi.

Isoqjon Narziqul AQShdagi Turkiston-Amerika assotsiatsiyasining asoschilaridan biri. Uning tashabbusi bilan TAA notijorat-nodavlat tashkiloti sifatida 1958-yili Pensilvaniya shtati hududida ro‘yxatga olinadi. 1960-yili esa Nyu-Yorkda uni qayta ro‘yxatdan o‘tkazib, assotsiatsiya nufuzini federal miqyosga ko‘taradi. Isoqjon TAAning birinchi prezidenti bo‘lib saylanadi va 1958–1961-yillarda bu vazifani sharaf bilan bajaradi. Isoqjon Narziqul Nyu York shahri Bruklin mavzesida milliy-madaniy markaz binosini sotib olishga o’z shaxsiy mablag’i bilan hissa qo’shib, TAA oldidagi unutilmas xizmatlardan birini amalga oshiradi.

Isoqjonning bolalik va o‘smirlik yillari

Isoqjon Narziqul 1923-yil bahorida O’zbekistonning Jizzax shahrida tug‘ilgan. Otasi Mahmud Narziqul bosmachi sifatida Sovetlar tomonidan xalq dushmani deb e’lon qilinib, 10 yildan ortiq Sibir surgunida bo’lgan, qamoqdan kelganidan keyin esa 1939-yili og‘ir kasallik sababli vafot etgan edi. Kollektivlashtirish davrida Isoqjonning buvasi Narziqul ota kolxozga rais qilib saylanadi. Lekin katta oila uchun buvaning topgani yetmasdi, shuning uchun Isoqjon bolaligidan onasiga yordam beradi. Maktabda u o‘z iste’dodini namoyon qilib, chet tillarini yaxshi o‘rganadi va mahalliy gazetalarga kichik-kichik maqolalar ham yozadi.

1933-yili 10 yoshligida Isoqjon kolxoz idorasiga borib ish so‘raydi. Uning iqtidoridan xabardor bo‘lgan yangi rais Isoqjonni brigada ishlarini hisob-kitob qiluvchi tabelchi vazifasiga qo‘yadi. 1939-yili «Qizil O‘zbekiston» gazetasining bosh muharrir o‘rinbosari bo’lgan tog’asi uni Toshkentga bilim olishga da’vat etadi. Isoqjon o’qish uchun Toshkent Oliy harbiy bilim yurtini tanlaydi. Bilim yurti talabiga ko‘ra, kursantlar kamida 18 yoshga to‘lgan bo‘lishlari kerak edi. Isoqjon rus tilini yaxshi bilishi va boshqa fanlardan ham bilimi kuchliligi hisobga olinib, yosh bo’lsa ham bilim yurtiga qabul qilinadi. Keyinchalik u bilim yurtining a’lochi talabalaridan biri bo‘lib taniladi. Mazkur bilim yurtida, asosan, rusiyzabon millat vakillari o‘qir, o‘zbek talabalar esa bir-ikkita xolos edi.

1939-yili Isoqjon Toshkentda Ergash Shermat bilan tanishadi va umrbod u bilan do‘st bo‘lib qoladi. U Ergash Shermatdan Turkiston milliy ozodlik harakati masalalari bo‘yicha ilk saboqlarni oladi. Undan birinchi bor Turkiston milliy ozodligi harakati namoyandasi Mustafo Cho‘qay to‘g‘risida eshitadi.

Isoqjon Narziqul 2-jahon urushi yillarida

Isoqjon Narziqul, Toshkent harbiy bilim yurti talabasi, 1941-yil

1941-yili Isoqjon o’qigan harbiy bilim yurtida darslarning tezlashtirilgan dasturi e’lon qilinadi. 10-iyun kuni Isoqjon Narziqul harbiy bilim yurtini bitirib, leytenant unvonini oladi. U 18 yoshga to‘lmasdan turib Boltiqbo‘yi harbiy okrugiga harbiy xizmatga yuboriladi. Vaqt tig‘izligidan u hatto onasi bilan xayrlashishga ham ulgurmaydi. 22-iyun kuni SSSRga Germaniya hujum qiladi. Shu kuni u Latviyada birinchi bor nemis samolyotlarining bombardimoni va haqiqiy urushning jahannam o’ti nima ekanini o’z ko’zi bilan ko‘radi. Nemislar artilleriya va minomyotlardan o‘qqa tutib hujumga o‘tadilar. Urushning ilk kunlari aksariyat askarlar nobud bo‘ladi, hamma yer qonga belanadi. Isoqjon o‘shanda birinchi bor o‘lim bilan yuzlashadi. Og‘ir ahvolda yarador yotgan Isoqjonni nemislar asirga olishadi…

Konslagerdagi vatandoshlarimizning qismati

Asirga olingan barcha yahudiylar fyurer buyrug‘iga binoan so‘zsiz otib tashlanar edi. Ularga o‘xshash sunnat qilingan minglab musulmon turkistonliklar ham urushning birinchi kunlari yahudiylar deb otib tashlangan edi. Polsha konslagerida dastlabki kunlar yahudiy deb gumon qilinib 28000 turkistonlik otib tashlangani keyinchalik Isoqjonga ma’lum bo‘ladi. U nemis tilini bilgani bois, turkistonliklarni yahudiylardan qanday farqlashni tushuntiradi va shu tariqa ko‘pchilik turkistonliklarni o‘lim changalidan asrab qoladi. Xuddi shu tarzda, yahudiylarga ham men turkistonlikman, deb aytishni, kerak bo‘lsa, kalimai shahodatni yodlab, aytishni tayinlaydi. Ko‘pchilik yahudiylar uning gapiga amal qilib, jon saqlab qolishadi.

Asirlar keyinchalik Kaunas (Litva) yaqinidagi lagerga ko‘chiriladi. Bu yerda ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Isoqjon yarasi tuzalgach, Prussiyaning Eybenrot shahridagi konslagerga yuboriladi.

Dunyo hamjamiyati tomonidan 1929-yili qabul qilingan harbiy asirlar to‘g‘risidagi Jeneva konvensiyasini faqat SSSR ratifikatsiya qilmagan edi. Stalin, «Bizda asirlar yo‘q, faqat sotqinlar bo‘lishi mumkin», degan aqidaga yopishib olgan edi. Shu sababli sovet harbiy asirlarini fashistlar eng og‘ir va odamzot chiday olmaydigan qiynoqlarga solishardi. Unda ularning ko‘pchiligi ochlikdan, kasallikdan, madorsizlikdan va fashistlarning jahannam o‘ti bo‘lmish krematoriylaridan o‘lim topar edilar. Chunki ular huquqi yo‘q asir edilar.

Qishloqda mehnat qilib chiniqqan Isoqjon konslagerning sovuqlariga, og‘ir hayotiga chidaydi. Bir tomondan ruschani, ikkinchi tomondan nemis tilini bilgani unga qo‘l keladi va bu yerda u sekin-asta o‘z o‘rnini topa oladi. U bo‘sh vaqtini latishlar va turkistonliklar davrasida o‘tkazardi. Ular orasida bo‘lib, sovetlarning zulmi to‘g‘risida o‘zi uchun ko‘p yangiliklarni eshitadi.

Isoqjon Narziqulning Sharqiy legionga qabul qilinishi

1941-yilning sentabrida Isoqjonning lageriga Fon Mende degan nemis professori kelib, turkistonliklar bilan uchrashuv tashkil qiladi. U Turkiston tarixini yaxshi biladigan katta mutaxassis bo‘lib, asir tushgan turkistonliklar bilan o‘zbek tilida gaplashadi va turkistonliklarning hayoti kelajakda yaxshi bo‘lishiga ishonch bildiradi. Uning yonida turkistonlik Vali Qayumxon ham bor edi. Vali Qayumxon Turkiston milliy ozodligi uchun kurash olib borilayotgani to‘g‘risida gapirib beradi. Vali Qayumxon ular bilan suhbatlashib, Turkiston milliy ozodligi uchun kurashish istagida bo‘lganlar ro‘yxatini tuzadi. Keyinroq yana kelishini aytib, qaytib ketadi.

Ikki haftadan so‘ng, bir guruh nemislar lagerga kelib ro‘yxatni o‘qib eshittirishadi, unda sobiq ofitserlar, ziyolilar bor edi. Ularni lagerning boshqa tomoniga olib ketishadi. Keyin ularni Olmoniyaning Lyukinvold shahriga olib kelishadi. Bu yerda asirlarni nemis tiliga, nemis harbiy texnikasidan foydalanishga o‘rgatadilar. Isoqjon Narziqul turkistonliklar orasida yurib, o‘shanda Turkiston zamini qanchalik boy o‘lka ekanini, qadimdan savdo-sotiq markazi bo‘lganini, uning yer osti boyliklarini Maskov tashib ketayotgani haqida birinchi bor eshitadi. Bir kuni ular oldiga Vali Qayumxon kelib, tez orada xushxabar eshitishlarini, Turkiston ham ozodlikka chiqishiga oz qolganini aytadi.

Sharqiy legion tarkibida birinchi Turkiston polkining tuzilishi

1300 turkistonlik yetti rotaga taqsimlanib, alohida batalyon tuziladi. Nemislar uni nima uchundir «Sherlar batalyoni» (Tiger battalion) deb ataydi. U paytlarda hali Turkiston legioni tuzilmagan edi. Tuzilgan rotalardan biri kommunikatsiya-artilleriya va qolganlari piyoda- operativ guruhlar sifatida xizmat qiladi. Isoqjon Narziqul kommunikatsiya bo‘limi boshlig‘i – aloqa katta serjanti etib tayinlanadi va unga 240 ta askar beriladi.

1941-yilning 11-dekabrida Sharqiy legionning Turkiston batalyoni askarlariga Vermaxtning yangi kiyimlari topshiriladi. Batalyon askari kiyimining Vermaxt askari kiyimidan farqi, o‘ng yengida «Alloh biz bilan» so‘zlari yozilgan Turkiston emblemasi bor edi. O‘sha kunlari Isoqjon ham turkistonliklar orasida birinchilar qatorida serjantlikdan ofitserlikka o‘tkaziladi.

Isoqjon Narziqulning SSSR hududiga qayta kirishi

1941-yilning so‘nggi kunlarida Isoqjon Narziqul SSSRning Shimoliy Kavkaz hududiga jo‘natiladi va Tavriya, Krasnodar, Stavropol, Rostov-Don va boshqa joylarda jangovar bo‘lmagan turli ishlarga jalb qilinadi. Ular yirik zavod va kommunikatsiya obyektlarini qo‘riqlashadi. 1942-yili u Germaniyaga chaqirtirilib, Ukrainaga jo‘natiladi. Kiyevdan qaytgach, Isoqjon Narziqul Lyukenvold (Olmoniya) yonida joylashgan turkistonliklar uchun trening maktabiga keladi. So‘ng Polshaga yuboriladi. Rahbarlarning maqsadi uning tajribasini har taraflama tezroq oshirish va boshqa kattaroq lavozimlarga tavsiya qilish edi. 1942-yilning may oyiga kelib Turkiston legionida xizmat qilishga yozma rozilik bildirgan turkistonliklar soni 130 mingdan oshgan edi. Vali Qayumxon rahbarligida turkistonliklar qurultoyi o‘tkaziladi. Unda Vali Qayumxon qilinadigan ishlar rejasi, Turkiston mustaqilligi uchun kurash to‘g‘risida ma’ruza qiladi.

Urushning ayni qizigan paytida Gimmler va boshqalarning qarshiligiga qaramay, qurultoyni o‘tkazishga muvaffaq bo‘linadi. Isoqjon vatandan olisda bilimli, aqlli va ziyoli o‘zbeklarni ko‘rib juda quvonadi. Ruslarning turkistonliklar uquvsiz, bilimsiz kishilar, deb gapirishlari yolg’on ekaniga amin bo’ladi.

Isoqjonning kelajakka bo‘lgan ishonch va umidi

1943-yilning aprelida trening markazida bir necha ming turkistonlikning tahsillarini yakunlashlariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tadi. Bitiruvchilar keyinchalik Turkiston legioniga xizmatga yuboriladi. Tadbirda so’zga chiqqan Vali Qayumxon ularni Turkiston ozodligi uchun fidoyi bo‘lib kurashishga da’vat etadi. Ular orasidan treningda bilim saviyasi bilan alohida ajralib turgan 70 kishi ofitser va imom lavozimlariga tavsiya qilinadi.

Isoqjon Berlinga borganida u yerda yashovchi maktabdosh do‘sti Jo‘raboynikiga tez-tez borib turadi. Do‘stinikida Isoqjon missis Rogazinskiy degan keksa bir aslzoda ayol bilan tanishadi. Uning bu ayolga hurmati juda baland bo‘lib, u ham Isoqjonni o‘z o‘g‘liday ko‘radi. Aynan missis Rogazinskiyning uyi Turkiston milliy birlik qo‘mitasi a’zolari va faollari norasmiy yig‘iladigan uyga aylanadi. Turkiston legioni askarlari bu davrga kelib 180–200 mingga yaqinlashgan edi.

Isoqjonning nemis ofitserlariga munosabati

Isoqjonning gapiga qaraganda, Gitler Berlinga katta umidlar bilan boqqan bo‘lsa-da, Berlin aholisining hammasi ham uning fashistik g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamas edi. Nemislarni Isoqjon turli toifalarga bo‘lgan, chunonchi, ofitserlar ichida turkistonliklarni uncha xushlamaydiganlari ham borligini payqagan edi. Mazkur masalada uning g‘oyaviy ustozi Ergash Shermat bilan tez-tez muloqot qilib turar va maslahat olar edi. Ergash Shermat unga nemislarning bizga bo‘lgan munosabatlariga e’tibor bermay, Turkiston ozodligi yo‘lida, tishimizni-tishimizga qo‘yib, oldimizga qo‘ygan maqsad sari dadil borishimiz kerakligini aytadi. «Tarixda hech vaqt Germaniyaning O‘rta Osiyoni istilo qilish rejasi bo‘lmagan. Sovetlar esa doimo bizni bosib olish payida bo‘lgan. Ukraina Rossiya bilan Germaniya o‘rtasida, shu sababli uni o‘z tasarrufiga olish uchun kurash olib borishmoqda», deb ta’kidlardi o‘shanda Ergash Shermat.

Isoqjonning Germaniya haqidagi ilk xulosalari

Isoqjon Germaniyada, xususan, Berlinda juda ko‘p muzey, kutubxona va boshqa ziyo maskanlarida bo‘lib, ziyoli odamlar bilan uchrashadi, ulardan dunyo tarixi, madaniyatini o‘rganadi. Rus-nemis siyosatini tubdan o‘rganishga erishadi. Bundan tashqari, nemislar turkistonliklarga, ikkinchi darajali millat   vakili   sifatida   qaraganlaridan   ham   ozor   chekadi. Natsistlarning takabburligi Isoqjonning g‘ashiga tegsa-da, u chidab turishga majbur edi. 1943-yilning ikkinchi yarmida Isoqjon Gretsiyaga yuboriladi. Greklar nemislarni xush ko‘rmasdilar. 1944-yilning kuzida esa u Chexoslovakiyaga jo‘natiladi. Boymirza Hayitning ko‘rsatmasi va tavsiyasi bilan Isoqjon Slovakiyada joylashgan 2-Turkiston batalyoni komandiri etib tayinlanadi va unga Vermaxt kapitani unvoni beriladi. Shunday qilib, Isoqjon Narziqul Turkiston legioni (Sharqiy Yevropa qismidagi) rahbarlari ichida o‘z o‘rni va darajasi bo‘yicha uchinchi lavozimni egallaydi. Shu davrda nemis ofitserlari bilan ayrim kelishmovchiliklar avjga chiqqan edi. Umuman, nemis ofitserlari barcha legionlarda eng mas’ul lavozimlarni egallab olishgan, boshqa millat vakillarini mensimas edilar.

Isoqjonning partizanlarga qo‘shilishi yoxud yangi hayot bo‘sag‘asida

1944-yilning so‘nggi kunlarida Isoqjonning safdoshi, 1-Turkiston batalyoni komandiri K.Alimov kirib kelayotgan yangi yil munosabati bilan kichik o‘tirish tashkil qilmoqchi bo‘lib, bir necha nemis ofitserini o‘z uyiga taklif qiladi. Harbiy statusi bo’yicha u Isoqjondan bir pog’ona ustun edi. Isoqjonga ham bu o‘tirishga zudlik bilan yetib kelishni buyuradi. Kecha boshlanadi, nemislarni ataylab qattiq ichirishadi, so‘ngra K.Alimovning askarlari barcha nemis ofitserlarini o’sha yerning o’zida otib tashlashadi. K.Alimov Isoqjon Narziqul va o‘ziga qarashli mingdan ortiq askarga nemislardan foyda yo‘qligini, ulardan qochib Slovak partizanlariga qo‘shilish vaqti kelgani va sovetlar shunda ularni kechirishini aytib, birga ketishga da’vat qiladi.

Isoqjonga bu taklif unchalik yoqmaydi, ammo Alimov unga ikki ofitserni qo‘shib, birga ketishga majbur qiladi. Slovakiya hududida ularni partizanlar boshlig‘i polkovnik Bolshinskiy kutib oladi va u ham sovet hukumati albatta kechirishini aytadi. Lekin sovet harbiy maktabida ta’lim ogan Isoqjon ruslarga ishonmas, sovetlar hech qachon asirga tushganlarni kechirmasligini bilardi va bu yerdan qochib ketish yo‘llarini axtaradi. U yana g‘arbga qaytishga ahd qiladi. Partizanlar boshlig‘i Isoqjonga 100 ta soldatga rahbarlik qilishni topshiradi. Birinchi jangdayoq Isoqjon hiyla ishlatib, o‘zini o‘ldiga chiqaradi va ishonchli 8–10 askarlari bilan G‘arbga o‘tib ketadi. Alimovning askarlari partizanlarga rota qurshovda qolganini va jangda Isoqjonning o‘lganini yetkazishadi. Shunday qilib, 1945-yilning boshida Isoqjon Narziqul uchun urush tamom bo‘ladi…

Isoqjonning Chexoslovakiyadagi hayoti

1945-yilining boshida Isoqjon Narziqul jangovar do‘stlari bilan Chexoslovakiyaning Dolna-Jdana shahriga kelib, bu yerda muqim bo‘lib qoladi. Unga nemis va slovak tillarini bilishi qo‘l keladi. U Frank Fridreich ismli badavlat Slovak uyida qoladi. Uning Yeva, Yelena va Meyna ismli uch qizi bor edi. Isoqjon Slovakiyada yashaganida mahalliy politsiya va sovet mahkamalari uni uch marta qattiq so‘roqqa tortib, SSSRga jo‘natishga urinadilar. Ammo u har gal hiyla ishlatib bir amallab qochib qutuladi. Birinchi so‘roqqa chaqirishganda politsiya xodimlarini aldab, politsiya mahkamasidan qochib o‘rmonga yashirinib oladi. Ikkinchisida unga eski tanishi –sovet komendaturasida ishlayotgan samarqandlik yahudiy Sattorov yordam beradi. Isoqjon 1941-yili konslagerlardan birida fashistlarga Sattorovni ozbek tanishim deb aytib o‘limdan qutqarib qolgan edi. Uchinchi taftishda unga bir tatar moyor katta yordam beradi. Shunday qilib Isoqjon SMERSHdan (SMERSH /СМЕРШ/ (qisqacha ma’nosi «Shpionlarga o‘lim!») omon qoladi. SSSR mudofaa Xalq komissarligiga qarashli «SMERSH» kontrrazvedka Bosh Boshqarmasi 1943-yilning 19-aprelida shaxsan Stalin tashabbusi bilan tashkil qilingan. Sobiq Ittifoq Mudofaa vazirligi arxivi ma’lumotlariga ko‘ra, «SMERSH» filtridan 1943–1946-yillarda bir necha million kishi o‘tgan, ulardan choragi qatl qilingan.)

Isoqjon 1945-yil oxirida Frank Fridreichning o’zi yoqtirib qolgan katta qizi Yeva Fridreichga uylanadi va o‘sha yili Chexoslovakiya fuqaroligini qabul qiladi. Qaynotasidan biznes sirlarini, xo‘jalik yuritishni, moliya hisob-kitobi, nazorati va hayot uchun zarur boshqa narsalarni o‘rganadi. Aynan mana shu bilimlar unga AQShda millioner bolishiga yordam beradi. Ammo Sovetlarning Yevropada sotsialistik lager qurishi Isoqjonni G‘arbiy Germaniyaga ketishga majbur qiladi. U oilasini qoldirib G‘arbiy Germaniyaga o‘tib ketadi.

Myunhendagi uchrashuvlar

1948-yili Isoqjon Narziqul Myunhenda Boymirza Hayit, Ergash Shermat va boshqa turkistonliklar bilan uchrashadi. Ular moyor Alimov, Sattorov va Jo‘raboylar ko‘pdan buyon sovet agentlari ekanliklarini, Sovetlar ulardan to‘liq foydalanib bo‘lgach, Sibir turmalariga jo‘natganliklari xususida aytib beradi. Isoqjon Myunhenda biroz qiynaladi, lekin ish topib, Yevaga va ikki bolasiga pul, oziq-ovqat yuborib turadi. U Yevani ham G‘arbga olib ketmoqchi bo‘ladi. Lekin Yeva bunga ko‘nmaydi, chunki Isoqjonning o‘z uyi yo‘q, bundan tashqari, kasal onasini tashlab keta olmas edi. Isoqjon chorasiz qoladi. O‘sha vaqtdagi vaziyat uning Amerikaga ketishini taqozo etadi. Ko‘p o‘tmay Kanadada yashovchi eski tanishi Martin Suezz uni chaqirib, yaxshi bir ish taklif etadi. Lekin u Andrey degan do‘stining maslahati bilan Myunhendagi brokerlik firmasi bo‘limi orqali Chexoslovakiya fuqarosi sifatida Amerikaga ketadi.

Amerikadagi hayot

Isoqjon Narziqul o’z ofisida

1949-yilning 30-aprelida Isoqjon Narziqul Nyu-Yorkka keladi. U o’zbeklar orasida Amerikaga kirib kelgan birinchi o’zbeklardan edi.  Nyu Yorkda uni Andreyning akasi kutib oladi va Filadelfiyaga yuboradi. Isoqjon dastlab Filadelfiya shahridagi «Jenerel Steel» korxonasida hovli supuruvchi bo‘lib ishga kiradi. Keyinchalik mashhur «Boing» samolyotlari ishlab chiqaruvchi kompaniya bilan hamkorlik qiladigan va unga kerakli detal hamda moslamalarni yetkazib beradigan «Baldwin Manufakturing Kompany» korxonasiga ishga o‘tadi. Shu kundan e’toboran Isoqjon o‘z ustida ishlab, til o‘rganadi, texnika va boshqa narsalar bilan jiddiy shug‘ullana boshlaydi. Qisqa muddat ichida ingliz tilida so‘zlashishni o‘rganib oladi. Isoqjonni yaxshi bilganlar unga tuzukroq ish taklif qilishadi, shuningdek Amerikaning maxsus davlat bo’linmalari ham unga bir necha bor qiziqish bildiradi va jiddiy ish taklif qilishadi. Ammo u barcha takliflarni rad etib, faqat biznes bilan shug‘ullanishini aytadi. AQSh mehnat qonuniga binoan, haftasiga 40 soat Amerika uchun ishlasa, yana 40 soat o‘zi uchun ishlaydi. Kollejga kirib bilim oladi.

1951-yili u Amerikada Meriy ismli irland ayolga uylanadi va uch o‘g‘il ko‘radi. Erining biznes ishlariga Meriy ham qo‘shilib, sekin-asta o‘z ishlarini yo‘lga qo‘yishadi. Isoqjon korxonada ishlamay chang bosib yotgan stanok va mashinalarni sotib olib ta’mirlaydi va ijaraga olgan joyida qayta ishlatadi. Ijaraga olgan korxonaning bo‘sh maydonlarini keyinchalik birin-ketin sotib ola boshlaydi, yangi sex va ishchi kuchlarini ko‘paytiradi. 1960-yili u butun korxonani sotib olib egalik qila boshlaydi. O‘sha yillari uning bir yillik aylanma mablag‘i 500 ming AQSh dollaridan oshib ketadi. Tez orada u amerikalik o‘zbeklardan chiqqan birinchi millionerga aylanadi.

1968-yilning avgustida Pragada harbiy to‘ntarish bo‘lganligi sababli avvalgi xotinidan ko‘rgan ikkala o‘g‘lini Amerikaga chaqirib oladi va barcha farzandlarini kasb-hunarga o‘rgatadi, o‘qitadi, katta hayotga yo‘llaydi. 1971-yili Isoqjon Narziqul birinchi bor onasidan maktub oladi. Ko‘p yillik urinishlardan so‘ng volidasini Amerikaga chaqirtirib oladi. Uning so‘zlariga qaraganda, bu u uchun hayotidagi eng quvonchli damlar edi. Amerikada onasi Jo‘raboy do’sti 25 yil Sibir turmaxonalarida o’tirib chiqqanini gapirib beradi. Bundan tashqari u bir kuni mastligida Isoqjon o‘lmay tirik qolgan, deb aytganini, bu so‘zlarga bir ishonib-bir ishonmay, o‘g‘lini kutganini Isoqjonga gapirib beradi. 1978-yili Isoqjonning onasi O‘g‘iloy aya vafot qiladi. 1981-yili SSSR hukumati Isoqjon Narziqulga O‘zbekistonga kelib-ketishga ruxsat beradi, ammo Isoqjon Narziqul Ergash Shermat va boshqa do‘stlarining maslahati bilan SSSRga bormaydi. Chunki ularda sovet tizimiga ishonch yo’q edi. 1989-yili O‘zbekiston mustaqilligiga ikki yil qolganda Isoqjon Narziqul olamdan ko‘z yumadi. U Pensilvaniya shtatining Filadelfiyadagi qabristoniga dafn qilinadi.

Mavlon SHUKURZODA,

Filadelfiya, AQSh

————

Mavlon Shukurzoda “Vatandosh” gazetasida bosh muharrir o’rinbosari. AQShdagi o’zbeklar jamiyati va faollari hayotidan hikoya qiluvchi turkum maqolalar va kitoblar muallifi.

SHARE